Jahon | 16:57 / 26.10.2020
27894
6 daqiqa o‘qiladi

Belarusda umummilliy ish tashlashlar boshlandi

26 oktabr kuni Belarusda umummilliy zabastovka boshlandi. Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya hukumat «xalq ultimatumi»ni bajarmagach, umummilliy ish tashlashlar haqida e'lon qilgandi. Zabastovkaga qator davlat korxonalari xodimlari, masalan, «Grodno Azot», Minsk traktor zavodi, Minsk elektrotexnika zavodi, Minsk g‘ildirak ishlab chiqarish zavodi va «Belorusneft» ishchilari ham qo‘shilishgan. Ishchilar o‘z korxonalari hududida yurish qilib o‘tishgan, ayrimlar korxona hududiga kirish qismida o‘z noroziliklarini ifoda etishgan, xodimlarning bir qismi ishga chiqmagan. Davlat korxonalari hududiga omonchilarning mashinalari keltirilgan. Ko‘plab kompaniyalar faoliyatini davom ettirayotgani to‘g‘risida rasmiy xabar bergan.

Zabastovkaga ko‘plab xususiy kompaniyalar ishchilari ham qo‘shilgan. Meduza xabariga ko‘ra, bu kompaniyalarning ayrimlarida 26 oktabr dam olish kuni deb e'lon qilingan, boshqalari muddatsiz ta'tilga chiqqan yoki texnik sabablarga ko‘ra yopilgan. Bunday kompaniyalar qatoriga tibbiy markazlar, do‘konlar, barlar, kafe, til o‘rganish kurslari, mashg‘ulot zallari, turfirmalar, go‘zallik salonlari va boshqa turli xizmat ko‘rsatish markazlarini kiritish mumkin. Shuningdek, MTS ishchilari ham zabastovkaga qo‘shilgan va norozilik aksiyalarida qatnashish uchun ko‘chaga chiqishgan (tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, shundan keyin ular ishdan bo‘shash xavfida qolishgan).

Belarusdagi oliy ta'lim muassasalari talabalari bir necha norozilik aksiyalaridan keyin qo‘lga olina boshlagan. BNTU (Belarus milliy texnika universiteti) va BGUIR (Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti) talabalari Minskdagi Mustaqillik maydoni prospekti bo‘ylab marsh qilib o‘tishdi. «Yevroradio» xabariga ko‘ra, G‘alaba maydoni yaqinida namoyishchilarning bir qismi OMON xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Omonchilarning avtobuslari yaqinlashayotgan vaqtda talabalarning ko‘pchiligi qochib ketishgan.

MGLU (Minsk davlat lingvistika universiteti) talabalari ham Mustaqillik maydonidagi namoyishlarga kelishgan. Tut.by xabariga ko‘ra, talabalar bu bilan o‘z o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlashgan. Onliner tarqatgan videoda talabalar yo‘llardan birini to‘sib qo‘yganini ko‘rish mumkin. Universitet binosiga maxsus texnika yaqinlashgan vaqtda talabalar universitet ichiga kirib ketishgan, kuch ishlatar tuzilmalar vakillari ketgach ular yana ko‘chaga qaytib chiqishgan.

Minskda norozilik aksiyalarida BGUKI (Belarus davlat madaniyat va san'at universiteti), Belarus davlat universiteti, pedagogik, iqtisodiy va tibbiy universitetlar talabalari qatnashmoqda. Ayrim universitetlarda talabalar o‘tirgan holda noroziliklarini namoyish etishgan, boshqalarida yuzlab talabalar o‘z universitetlari binolariga kirish joylarida to‘planishgan. Telegram-kanallarda yozilishicha, turli universitetlarning talabalari Mustaqillik prospektida Belarus davlat universiteti (BGU) bosh korpusi oldida birlashishni rejalashtirishgan. Brestda ham BrGTU talabalari, Grodnoda — GrGU talabalari namoyishlarga chiqqan. Belarus ta'lim vazirligi RIA Novosti agentligiga bergan izohida, talabalarning aksiyalari yakkalik xarakteriga egaligi, bu mamlakatdagi o‘quv jarayoniga ta'sir ko‘rsatmayotganini ma'lum qilgan.

Belarusda umummilliy zabastovka kunida 100dan ortiq kishi qo‘lga olingan. «Vesna» markazi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 13:10 holatiga ko‘ra butun mamlakat bo‘ylab qo‘lga olinganlar soni 103 nafarni tashkil etgan. Qo‘lga olish ishlari asosan Minskda kuzatilgan. Grodnoda kamida 32 kishini ushlashgan, ular «Grodno Azot» ishchilari bo‘lib, tongda namoyishlarni boshlab berishgandi. Shuningdek, Brestda, Borisovda, Novopolotskda va Mogilevda ham bir qancha namoyishchilar qo‘lga olingan.

Svetlana Tixanovskaya xususiy biznes, diniy jamoalar, madaniy, sport tashkilotlari va IT-kompaniyalarni zabastovkaga qo‘shilishga chorlagandi. «Davlat korxonalarining ish tashlashi — iqtisodiy bosim qilish uchun richag. Xususiy kompaniyalar zabastovkasi esa — birdamlik ramzidir va bu ham muhim. Ish tashlashga chiqishga qaror qilgan odamlar yolg‘iz emasliklarini his qilishlari kerak», — degandi Tixanovskaya.

  • 25 oktabr kuni Tixanovskaya e'lon qilgan «xalq ultimatumi»ning muddati tugadi. U Lukashenko iste'fo berishini, Belarusda tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik tugatilishini, siyosiy mahbuslar esa ozodlikka chiqarilishini talab qilgandi. Ultimatum shartlari bajarilmadi.
  • Minskda 25 oktabr kuni «Xalq ultimatumi» norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi, u guvohlar hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi paytlardagi eng ko‘p odam ishtirok etgan namoyish bo‘lgan. Aksiya qatnashchilariga qarshi huquq-tartibot organlari xodimlari yorug‘lik va shovqin tarqatuvchi granatalar va rezina o‘qlar qo‘llagan.
  • Avvalroq Svetlana Tixanovskaya mamlakatda yangidan prezidentlik saylovlarini o‘tkazish yuzasidan muzokaralar shu yili boshlanishi, saylovlarning o‘zi esa yil oxirigacha o‘tkazilishi lozimligini bildirgan edi.

Mavzuga oid