Jamiyat | 22:43 / 29.10.2020
24420
6 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yana karantinga yopilmoqda. Biz qanday yo‘l tutishimiz kerak?

«Kun. Munosabat.» bu safar koronavirus muammosiga bag‘ishlandi. Dunyoda vaziyat yana yomonlashyapti. Yevropa yana karantin qoidalarini joriy etmoqda, ammo mintaqa aholisi bu qoidalarga rioya qilishga qarshi. Ayni paytda, insoniyat virusga ko‘nikdi, hatto qo‘rqmay qo‘ydi.

Xo‘sh, O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak? Kun.uz jurnalisti, oliy ma’lumotli shifokor Abror Zohidov ushbu mavzuda muallif va boshlovchi Bobur Akmalov bilan suhbatlashdi.

Abror aka, mavzu borasida nima deya olasiz?

– Aslida, pandemiyaga qarshi kurash nuqtai nazaridan ayni paytdagi holatimiz 1-2 oy oldingi davr yoki bahordagidan og‘irroq. Chunki kasallanish oldingidan ancha ko‘p. Bundan tashqari, real ma’lumotlar deyarli yo‘q. Rasmiy ma’lumotlarga ishonch butunlay yo‘qolib bo‘lgan. Boshqa ma’lumotning esa o‘zi yo‘q. Bu – odamlarda kasallikka nisbatan butunlay loqaydlik keltirib chiqaryapti.

Odamlar xuddi endi bu kasallik bizning hayotimizda doimiy bo‘lgandek, kasallikni yengib, xohlagancha ko‘chaga chiqib, ishimizni qilamiz, degan fikrga kelishdi chog‘i.

Yevropadagi noroziliklarga kelsak, ular kasallikning og‘ir davrini boshdan kechirib o‘tkazishdi. Ularning tibbiyoti ham bizga nisbatan ancha rivojlangan. Ulardagi noroziliklarning asosiy sababi aholining iqtisodiy muammolariga borib taqaladi. Aholi daromadining katta qismini turizm tashkil qiladigan davlatlarda shunday noroziliklar paydo bo‘lishi tabiiy.

Demak, aholimiz o‘zini tutishi to‘g‘rimi?

– Hammasi vaziyatni biz qanday qabul qilayotganimizga bog‘liq.

Virusning xavfli jihati shundaki, haligacha hatto JSST yagona bir pozitsiyani ishlab chiqolmadi. Biz bu kasallikka qarshi kurashda boshidan oxirigacha eng qat’iy choralar bilan yashashimiz kerakmi, bir martadan kasallanib, vaqtinchalik immunitet yaratib olishimiz darkormi yoki barcha harakat vaksina yaratishga qaratilishi kerakmi,  bu bo‘yicha aniq bir fikr yo‘q.

Shu noaniqlik har bir davlatning o‘zicha chora ko‘rishiga olib kelyapti.

– Muolaja jarayonlari ham hammada har xil...

– Eng xavfli jihatlardan biri ham shunda. Dunyoning eng katta farmkompaniyalari o‘rtasida dorilarni ilgari surish bo‘yicha poyga ketyapti. Bu borada OAV hushyor bo‘lishi kerak. Qay bir ishonchli OAV juda yaxshi samara berayotgan dori to‘g‘risida ma’lumot beradi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kimdir bu dorining aslida samara bermayotganini aytadi, lekin shu 10-15 kun ichida odamzotda qandaydir umid uyg‘onadi. Sog‘liqni saqlash muassasalari, davlatlar o‘sha dorini katta miqdorda sotib oladi.

Buni pandemiyaday og‘ir sharoitda ham biznes shaxdam qadamlar bilan odimlamoqda, deb izohlash mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga deyarli ishonch qolmadi, rasmiy statistikaga hech kim ishonmayapti. Kasallikka deyarli ko‘nikib bo‘ldik. Hozirgi koronavirusdan tashqari gripp va boshqa yuqumli kasalliklar ko‘payadigan paytda har qanday chaqiriqlarni bir chetga surib, ongli tarzda siz, men, aholi qanday yo‘l tutganimiz ma’qul?

– Hozir bir sinov ustiga yana 3-4 sinov qo‘shilyapti. Aslida ham ko‘pchilik kasallanadigan mavsumga kirib kelyapmiz. Biz hali koronavirus va gripp qo‘shilib kelganida nima bo‘lishini bilmaymiz. Chunki gripp yil bo‘yi davom etsa ham, mavsumida og‘ir kechadi.

Bundan tashqari, koronavirus qishda o‘zini qanday tutishini ham bilmaymiz. Demak, odatdagi niqob taqish, qo‘lni yuvishga rioya qilib, inson o‘z ehtiyotini qilishi kerak.

Pandemiya inson tibbiyoti har qanday kuchli davlatda yashayotgan bo‘lsa ham, o‘z sog‘lig‘i o‘ziga kerakligini anglatdi. To‘g‘ri, davlat harakat qiladi, lekin kasallik rosmana avjiga chiqqanda hammasi bekor – inson o‘zi uchun o‘zi harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.

– Statsionar davolash tizimi haqida negativ fikrlar tobora ko‘proq yangrayapti. Shundan kelib chiqsak, uyda davolanish eng to‘g‘ri yo‘lmikin?

– Bu kasallik to‘liq o‘rganilmagani uchun uyda davolanish ham xavfli bo‘lishi mumkin. Sababi, og‘ir holat yuz bersa, uyda yordam berishning iloji bo‘lmasligi ehtimoli bor. Biroq tizimdagi yuklama shu darajaga yetganki, bu – ilojsizlikdan qilingan chora. Bunga hozir boshqacharoq tus berilmoqda. Ya’ni «yengil holatlarda», «o‘zingizning ehtiyotingiz uchun», deb aytilyapti.

Ikkinchi tomondan, o‘sha shifoxonadagi og‘ir holatlar, vrachlar yetishmasligi sabab odamlarning o‘zi ham murojaat qilmayapti. Yana bir qiziq jihati – odamlarda kasallik rasman aniqlangandan keyin ham ular bunga reaksiya bildirishmayapti.

«Shifoxonalarda shifokorlar qarashmayapti», «Bemorlar ko‘p o‘lyapti», degan gaplarni ko‘p qaytarishadi. Agar bemor kechikib boradigan bo‘lsa, vaqtida MSKTda o‘zini tekshirtirib, zudlik bilan shifoxonaga bormasa, hech qanday shifokor yoki klinika bemorni og‘ir holatdan chiqarolmaydi.

Odamlarning kechikishida esa nafaqat odamlar, balki tizimdagi ish noto‘g‘ri tashkil qilingani ham sababchi.

Mavzuga oid