Sport | 08:48 / 14.11.2020
10611
2 daqiqa o‘qiladi

Kurash milliy sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Prezidentning «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, hujjatda kurash milliy sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  1. aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish hamda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish;
  2. kurashni ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish;
  3. kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;
  4. Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish;
  5. kurash bo‘yicha professional trenerlar, hakamlar tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, kurashning ilmiy-metodologik bazasini kuchaytirish;
  6. o‘zbek kurashi brendini yaratish, investitsiyalarni jalb etgan holda yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlarini ishlab chiqarish, kurashni tijoratlashtirish choralarini ko‘rish;
  7. kurashni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish.

Kurash milliy sport turini 2025 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi, uni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» hamda 2020-2025 yillarda kurashni ommalashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlar) tasdiqlandi. 
 
Konsepsiyaning asosiy maqsadi kurashni Yevropa, Afrika va Panamerika qit'aviy o‘yinlari qatoriga rasman kiritish va xalqaro «GAISF-Global Association of International Spors Federations» tashkilotining e'tirofiga sazovor bo‘lish, shuningdek 2028 yilgacha uni Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishdan iborat.
 
2020 yildan boshlab har yili 1 marta davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha «O‘zbek polvoni» respublika musobaqasi o‘tkaziladi.

Hujjat 5.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid