Jahon | 19:11 / 15.11.2020
41331
8 daqiqa o‘qiladi

Telba yoki haqiqatgo‘y? Tramp qanday qilib AQShga prezident bo‘lgandi?

Donald Tramp nomi aytilganda odatda «telba», «populist» kabi munosabatlar yangrab, joriy tartib-tamoyillarni buzuvchi «siyosiy bezori» tushuniladigan bo‘ldi. Biroq, bunday tavsiflarni berayotganimizda o‘sha lahzaning o‘zida Trampga ovoz bergan amerikaliklarning ham esi ketib qolgan degan fikrni bildirayotgan bo‘lmaymizmi? Zero, Tramp o‘zidan o‘zi AQSh prezidenti bo‘lib qolgani yo‘q...

Foto: AFP

Inchunun, biz ikki xulosadan birini: yoki rostdanam amerikaliklarning yarmini aqliy salomatlik tark etgan degan xulosani yoki Tramp yuritgan siyosatda qandaydir ma'nolar bo‘lgani va bu siyosat AQSh aholisining yarmining ich-ichidan chiqqan istak ekani haqidagi xulosani o‘zimiz uchun mustahkamlashimizga to‘g‘ri keladi.

To‘g‘ri, kimdir balki populistga ovoz berish uchun telba bo‘lish shart emas, shunchaki sodda bo‘lish yetarli, «siyosiy bezori»ga ovoz berganlar shunchaki ehtiroslarni uyg‘otuvchi so‘zlarga uchgan sodda odamlar, deyishi ham mumkin. Ha, bunaqa holat ham hayotda uchraydi, biroq, nazarimda bu voqelikni soddalashtirish bo‘ladi. Unda to‘g‘ri xulosani qayerdan olamiz?

Trampning prezident bo‘lib saylanishi amerikaliklarning AQShning hukmron siyosatiga bergan bahosi degan mulohaza ham bor. To‘g‘rirog‘i, so‘nggi o‘n yilliklardagi siyosatiga. Yanada aniqlashtiradigan bo‘lsak, siyosiy ma'nodagi AQShning boshqa davlatlar siyosatiga va hatto butunboshli mintaqalar ishiga aralashishi, bunga katta mablag‘lar sarflashi, xullas, «uydagi muammolar»ga yetarlicha e'tibor bermasdan, nuqul tashqi siyosat bilan shug‘ullanishiga nisbatan amerikaliklarning salbiy munosabati yig‘ilib-yig‘ilib, bir kun kelib «Trampga aylanishi» kerak edi. Va bu yuz berdi – Donald Tramp aynan o‘sha – yig‘ilgan norozilikni ovozlashtirdi va amerikalik ziyolilar qatlamini hayratda qoldirgan holda saylovda g‘olib bo‘ldi.

Qaysidir ma'noda, Tramp bo‘lmaganida uni o‘ylab topish kerak bo‘lardi. U yildan yilga, saylovdan saylovga tushunarsiz iboralarni ko‘p gapirib kelgan, ammo holatni o‘zgartirmagan prezidentlardan farqli ravishda o‘zi qilmoqchi bo‘lgan ishlarni aniq-tiniq, oddiy so‘zlar bilan – ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgan tarzda aytib tashladi. Va «pishib» turgan Amerikaning norozi yarmiga u ma'qul keldi. Chunki u AQSh manfaatlariga boshqa rakursdan qarashni taklif etdi: «endi biz huda-behudaga birovlarga yordam bermaymiz, huda-behudaga mablag‘ sarflamaymiz, bekordan bekorga birovlarni qo‘riqlamaymiz» degan gaplar bilan o‘rtaga chiqdi. «Demokratiya qo‘riqchisi» bo‘lishdan voz kechishni taklif etdi.

Kimdir AQShning tashqi siyosati bugun bunday tus olgani yo‘q, ancha avval boshlangan deyishi mumkin va uning gapida ham jon bor. Unda nega aynan hozir Amerikaning yarmi bu tusdagi tashqi siyosatdan norozi bo‘lib qoldi, degan savol tug‘iladi.

Nazarimda, avvallari bunday tashqi siyosat bir qancha omillar yuzasidan amerikaliklar ongida va qalbida zarur deb ko‘rilgan. Masalan, o‘z vaqtida sovetlar ittifoqi va AQShning harbiy (yadroviy) qarama-qarshiligi shunday tashqi siyosatni, «hamma joyga aralashish kerakligi»ni, haddan ziyod qurollanishni deyarli oqlagan. Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin ham, garchi totalitar mafkuradan voz kechgan Rossiyani o‘sha paytda o‘z do‘stiga aylantirish imkoniyati bo‘lgan bo‘lsa-da, AQSh bundan foydalanmadi.

O‘z navbatida bu Rossiya ichidagi avtoritar boshqaruvni yoqlaydigan toifaga ham qo‘l keldi.

Biroq, avvallari havodek zarur ko‘rilgan bu kabi qimmatga tushadigan tashqi siyosatning zarurati amerikaliklar nazarida pastladi, deyishga asosimiz bor. Uzoq davom etadigan siyosiy-harbiy keskinlik, saylovdan saylovga meros qoldiriladigan «hammasini hal qilamiz» degan va'dalar, aftidan, ommani charchatgandi. Zotan, hal qilinishi kerak bo‘lgan xalqaro muammolar yechilmasdan, AQSh aralashgan dunyoning «qaynoq nuqtalari» ham sovimay kelyapti. Bu esa xalqning ongida «nega kerak bunday tashqi siyosat» degan savolni shakllantirdi. Bir kun kelib bu prezident saylovlariga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Tramp jamoatchilik ongiga zo‘rma-zo‘raki tiqishtirilgan ko‘plab xavotirlarni ketkazishga harakat qildi.

U Amerika jamoatchiligi nazarini shundoq ham iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan zaiflashib borayotgan Rossiyadan, ya'ni «Rossiya xavfi»dan allaqachon AQShga jiddiy chaqiriq tashlab bo‘lgan mamlakat – kundan kunga har taraflama kuchayib borayotgan Xitoyga ko‘chirishga harakat qildi. Zero, iqtisodiy imkoniyatlari o‘sib borayotgan Xitoy bu imkoniyatlarni, xususan, harbiy ko‘rinishga aylantirayotganiga shubha yo‘q. Hozirda bu xavf jiddiy ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, keyinroq vaziyat o‘zgarmasligiga kafolat yo‘q. Texnika bilan ishlay olishini Xitoy harbiy bo‘lmagan sohalarda namoyon qilishga ulgurib bo‘ldi.

Tramp Xitoy bilan ochiqdan ochiq ziddiyatga kirishdi. Garchi, bu iqtisodiy sanksiyalar ko‘rinishida bo‘lgan esa-da, Tramp yaqin kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan AQSh-Xitoy qarama-qarshiligi ssenariysiga bilib yoki bilmay ishora berdi.

Tramp Yevropa Ittifoqi va AQSh munosabatlariga yangicha nazar solishni taklif etdi. Ya'ni xavfsizlik masalasida «har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak» degan ma'noga biroz bo‘lsa-da ishora etdi. Bu esa G‘arb dunyosi harbiy salohiyatining barchasi bir qo‘lda jamlanishidan voz kechishni nazarda tutishini hisobga olsak, qaysidir ma'noda ijobiy ma'no kasb etdi. Zero, katta harbiy kuch bir qo‘lda bo‘lmagani yaxshi – ertaga nima bo‘lishini, AQShda kim iqtidorga kelishini hech kim avvaldan ayta olmaydi. Tinch aholi ustiga ommaviy qirg‘in qurolini tashlagan davlat ham AQSh ekanini yodga olish kifoya.

Trampning ba'zi xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishdan voz kechgani ham ma'lum ahamiyatga ega chaqiriq bo‘ldi. Xalqaro tashkilotlar kafolatlangan yordamni olaversa, ishini to‘g‘ri tashkillashtirishi qiyinlashishi, korrupsiyalashishi, faoliyati natijaga bog‘lanmay qolishi ma'nosini ilgari surdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidek butun dunyo uchun muhim bo‘lgan tashkilot faoliyati misolida buni baralla aytsa bo‘ladi.

Tramp prezidentligi paytida yangi «qaynoq nuqtalar» paydo bo‘lmadi. «AQSh dastidan falon urush yuzaga keldi» degan gaplar yuzaga kelmadi. Buni ham Trampning hisobiga qo‘shish, olib borgan siyosatidan (bahsli-ziddiyatli bo‘lsa-da) kelib chiqqan nuqta deb hisoblash mumkin.

Xullas, «telba» Trampning prezident bo‘lishi AQShda va AQShdan tashqarida yuzaga kelgan vaziyatning ko‘plab umumiy va xususiy, ba'zi o‘rinda nozik jihatlariga projyektor qaratdi – vaziyatni yoritdi. Amerika xalqi ham anoyi emasligi, garchi eng boy, qudratli davlatda yashasa-da, siyosiy sezgisi bor ekanini, o‘z tanlovi bilan o‘ziga yoqmagan narsalarga munosabatini bildira olishini ko‘rsatdi.

Qo‘shimchasiga shuni aytish kerakki, Tramp va'dalari ustidan chiqishga harakat qildi. Saylov paytida balandparvoz gaplarni gapirib, oxir-oqibat jiddiy o‘zgarish qilmagan prezidentlardan «bezorilik» qilib ajralib chiqdi. Hamda dunyoning mavjud nizomidagi ba'zi nuqsonlarga e'tibor qaratishga ulgurdi.

Shokir Sharipov

 

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid