Samarqandda xotinini tahqirlagan er ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi
Samarqandda xotinini bolasining tagligini yeyishga majburlagan va bir necha yildan buyon uni tahqirlab kelgani aytilgan Sh.K.ga sud hukmi o‘qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi Sh.K.ni 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha hukm chiqardi. Jazoni o‘tash 2020 yil 24 avgustdan boshlab hisoblanadi.
Ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi (o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish), 105-moddasi 2-qismi «g» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan badanga qasddan jarohat yetkazish) bilan ayblov e'lon qilindi.
Sh.K. so‘nggi so‘zida suddan uzr so‘rab, bunday ishlarni qaytib qilmasligini, uch oy ichida ko‘zi ochilganini ma'lum qildi. U o‘ziga e'lon qilingan ayblovlardan rafiqasini o‘z joniga qasd qilishga olib borish qismini tan olmasligini, uni kaltaklaganini esa tan olishini aytdi.
Sudda qatnashgan jabrlanuvchi Mustahkam Vahobova sudga ishonishini va chiqarilgan hukmdan roziligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanayotgani aks etgan ayol videosi tarqalgandi. Keyinroq er ayolni muntazam xo‘rlagani va majburlab pampers yedirgani ma'lum bo‘ldi. Aynan shu holat ishning butun mamlakat bo‘ylab muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi.
Er xotinini urgani tasvirlangan video internetda tarqalgach uyidan qochib ketgan. 23 avgust kuni u Toshkent shahrida qo‘lga olinib, Samarqandga olib ketilgan. Keyinroq Senat mazkur ayol bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olgandi.
12 noyabr kuni ushbu ish bo‘yicha sud boshlandi. Dastlabki sud majlisida Sh.K sudda OAV ishtirok etmasligini so‘ragan bo‘lsa, jabrlanuvchi Mustahkam Vahobova mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgani va muhokama qilingani uchun sudda OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokiga qarshilik qilmasligini bildirgandi.
23 noyabr kuni o‘tkazilgan sud majlisida Samarqand shahri prokurori o‘rinbosari Umid Hakimov sudda davlat ayblovchisi vazifasida qatnashib, Sh.K.ga 8,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘ragan edi.
Mavzuga oid
15:52
Samarqandda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ekipaj a’zosi bojxona nazoratidan jangovar o‘q-dori olib o‘tishga urindi
07:35
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024