Jahon | 21:02 / 02.12.2020
24403
7 daqiqa o‘qiladi

Vaksinalar poygasi. Kim qaysi bosqichda?

Dunyoning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari va atoqli laboratoriyalari tomonidan koronavirusga qarshi vaksina yaratish yo‘lida musobaqa ketyapti. Avvalroq muvaffaqiyat qozonganlar yirik va moliyaviy jihatdan juda foydali shartnomalarga ega chiqishadi.

Foto: Reuters

Normal holatda biror vaksina yaratish uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi. Lekin koronavirus yuqish ehtimoli yuqoriligi va favqulodda tez tarqalgani uchun unga qarshi vaksina odatdagidan tezroq yaratilishi mumkin.

Hozirda olimlar 57 vaksinani odamlarda sinab ko‘rishyapti, yana 87 loyiha hayvonlarda sinaladigan bosqichda.

Bu borada ishlar yanvar oyida boshlangan bo‘lib, vaksina martda ilk bor odamlarda sinab ko‘rildi. Hozirda 13 loyiha so‘nggi sinovlar bosqichida turibdi. Ularning ayrimlarigina muvaffaqiyatli yakun topib, inson immun tizimida virusga qarshi antitanachalar hosil qilishi mumkin.

Vaksina yaratish quyidagi bosqichlardan o‘tadi:

Klinikoldi sinovlar (preclinical testing). Mutaxassislar yangi vaksinani hujayralarda sinab ko‘radilar va uni sichqon yo maymunlarga berib, ularning immun tizimiga ta'sirini o‘rganishadi. Hozirda 87ta loyiha klinikoldi sinovlarda ekani ma'lum.

1-faza. Ehtiyot sinovlari (safety trials). Olimlar vaksinani odamlarning kichik guruhlariga berib ko‘radilar. Bu bilan vaksinaning xavfsizligi va dozasini, shuningdek, immun tizimining unga reaksiyasini sinab ko‘radilar.

2-faza. Kengaytirilgan sinovlar (expanded trials). Olimlar vaksinani bolalar, qariyalardan iborat turli guruhlardagi yuzlab odamlarda sinab ko‘radilar. Bu bosqichda vaksinaning xavfsizligi va inson immun tizimini qay darajada kuchaytira olishini kuzatadilar.

3-faza. Samaradorlik sinovlari (efficacy trials). Mutaxassislar vaksinani minglab odamlarda sinab ko‘radilar. Ushbu bosqichda preparatning koronavirusga qarshi tura olish-olmasligi aniqlanadi. Amerika oziq-ovqat va dori-darmonni nazorat qo‘mitasi (FDA) kamida 50 foiz natija bo‘lishini tavsiya qildi. Bu bosqichda, shuningdek, avvalgi bosqichlarda kuzatilmagan nojo‘ya ta'sirlarni aniqlash imkoni bo‘ladi.

Erta yoki cheklangan tasdiq (early or limited approval). Xitoy (Ad5-nCoV) va Rossiya («Sputnik V») o‘zlari ishlab chiqayotgan vaksinalarning 3-bosqich natijalarini kutmasdan iste'molga yaroqli deb tasdiqladi. Ekspertlarning fikricha, shoshilinch xulosalar jiddiy oqibatlarga olib keladi.

Tasdiq (approval). Har bir davlatdagi nazorat qiluvchi organ yoki tashkilot sinovlar natijalarini ko‘rib chiqib, vaksinani tasdiqlash yo tasdiqlamaslik haqida qaror qabul qilishadi. Pandemiya davrida vaksina rasman tasdiqdan o‘tguniga qadar favqulodda foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Vaksinaga litsenziya berilganidan keyin ham, tadqiqotchilar emlanganlarni kuzatishda davom etib, preparat xavfsiz va samarali ekaniga ishonch hosil qilishlari lozim.

Birlashgan faza (combined phases). Vaksina tadqiqotini tezlashtirishning yo‘llaridan biri fazalarni birlashtirishdir. Koronavirusga qarshi ba'zi vaksinalar hozirda 1- va 2-fazada bo‘lib, ilk boshdanoq yuzlab odamlarda sinab ko‘rilyapti.

Pauzada (paused). Tadqiqotchilar xavotirli yoxud nojo‘ya simptomlar sezilganda sinovlarni to‘xtatib turishlari mumkin. Vaziyat o‘rganilgach, tajribalar yana davom ettirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin.

NYT hozirda vaksina ustidagi tadqiqotlarni davom ettirayotgan loyihalarni sanadi:

Moderna va National Institutes of Health qo‘shma loyihasi (AQSh)

Foto: Joel Saget/AFP/Getty Images

Ushbu loyiha bir yilcha muqaddam boshlangandi. Loyiha mualliflari 30 noyabrda AQSh oziq-ovqat va dori-darmonlarni nazorat qo‘mitasiga vaksinani tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshirishdi. Tasdiqdan o‘tgach, ushbu vaksina shu yilning dekabr oyidan qo‘llana boshlanishi mumkin.

25 noyabr kuni Moderna kompaniyasi Yevropa komissiyasi bilan 160 million dozada vaksina yetkazib berish borasida kelishuvga erishdi. Kompaniya, shuningdek, Kanada, Yaponiya va Qatar hukumatlari bilan ham shartnoma imzolagan.

Pfizer, BioNTech va Fosun Pharma loyihasi (AQSh va Germaniya)

REUTERS/Dado Ruvic/File Photo

AQShdagi gigant farmkompaniya va Germaniyaning BioNTech loyihasi 9 noyabrda sinovlarning so‘nggi bosqichi 90 foiz samaradorlik bilan yakunlanganini e'lon qilib, AQSh oziq-ovqat va dori-darmonlarni nazorat qo‘mitasiga vaksinani tasdiqlash va ro‘yxatga olish uchun murojaat qildi. Bu koronavirusga qarshi vaksinaga berilgan ilk ariza bo‘ldi. Yozda Tramp ma'muriyati «Pfayzer» bilan dekabrgacha 100 million dozada vaksina yetkazib berish bo‘yicha bitim imzoladi. Shuningdek, Yaponiyaga 120 million, Yevropa Ittifoqiga 200 million doza yetkazish bo‘yicha kelishildi. «Pfayzer» va «BioNTek» 2021 yilda 1 milliard 300 million dozada vaksina ishlab chiqarishi kutilyapti.

CanSinoBIO (Xitoy)

CAnSinoBIO kompaniyasi o‘z vaksinalarini iyul oyida o‘tkazilgan 2-faza sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgani va immun tizimiga ijobiy ta'sir qilgani haqida e'lon qilgandi. Avgustda 3-faza sinovlari boshlangan. Kompaniya Saudiya Arabistoni, Pokiston va Rossiya bilan vaksina yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagan.

AstraZeneca va Oxford University (Shvetsiya va Buyuk Britaniya)

Foto: Reuters

Bu loyiha yil boshidan buyon eng umidli va muvaffaqiyatli sanalib kelayotgan edi. Loyiha tashkilotchilari Braziliya, AQSh, Hindiston, Buyuk Britaniya va Janubiy Amerikada ko‘ngillilarda keng qamrovdagi sinovlar o‘tkazishdi. Lekin sinovlardagi ayrim muvaffaqiyatsizliklar tufayli loyiha kelajagiga biroz shubha uyg‘ongan.

Loyiha may oyidayoq AQSh (300 million doza), Yevropa Ittifoqi (400 million doza) bilan kelishuvga imzo chekkan.

Mas'ullarining aytishicha, kompaniya to‘liq quvvat bilan ishlanganda yiliga 2 milliard dozada vaksina ishlab chiqara oladi.

Zydus Cadila (Hindiston)

Hind kompaniyasi 6 avgustda 2-faza sinovlarini o‘tkazdi. Dekabr oyida 3-faza sinovlari o‘tkazilishi kutilyapti.

CureVac (Germaniya)

Tramp ma'muriyati avvaliga CureVac bilan kelishuvga erishishga urinib ko‘rdi. Lekin bu kompaniya tadqiqotlarda biroz ortda qola boshlagach, boshqa kompaniya bilan bitim imzolandi. Kompaniya noyabrda Yevropa Ittifoqi bilan 225 million dozada vaksina yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolagan. Umuman olganda, 2021 yilda 300 million, 2022 yilda 600 million doza ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

E'tiborga molik jihat shuki, CureVac Tesla kompaniyasi bilan dunyo bo‘ylab vaksina ishlab chiqaruvchi «mikro-zavodlar» qurishga kelishib olgan.

Imperial College London va Morningside (Buyuk Britaniya va Hongkong)

Ushbu loyihaning vaksinasi shu yilning dekabrida tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

AnGes, Osaka Univerity va Takara (Yaponiya)

Bu qo‘shma loyihaning 3-faza sinovlari shu yil oxirigacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid