O‘zbekiston | 17:50 / 09.12.2020
24275
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida yana 2ta saralash va taqsimlash markazi yopildi

Toshkent shahrida «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazlari hamda «Universal» sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markazi yopildi.

«Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, koronavirusga chalingan va gumon qilingan bemorlarga muolaja uzluksizligini ta'minlash va infeksiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan kuchlarning tarqoqligiga barham berish maqsadida Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz»ning 3- va 4-pavilonlaridagi saralash va taqsimlash markaziga hamda «Universal» sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markaziga koronavirusga chalingan va unda gumon qilingan bemorlarni qabul qilish to‘xtatildi.

Bu muassasalarda davolanayotgan bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chiriladi. Ushbu vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan mehnat shartnomalari tegishli tartibda bekor qilinib, ular avvalgi ish joylariga qaytariladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda pandemiya xavfi nisbatan kamaygani tufayli koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanadigan 159ta tibbiyot muassasasidan faqat 32tasi faoliyat yuritmoqda.

Vazirlikning so‘nggi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 74 ming 352taga yetgan, shu vaqtgacha 71 ming 609 bemor kasallikdan tuzalgan (97 foiz), 600dan ortiq o‘zbekistonlik koronavirus qurboni bo‘lgan. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 2132 nafar bemor davolanmoqda, shundan 177 nafari og‘ir, 34 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda.

Mavzuga oid