Light | 13:15 / 13.12.2020
107838
5 daqiqa o‘qiladi

Yil yakuni uchun mutolaa: Bill Geyts 5ta kitobni tavsiya qildi

Microsoft asoschisi Bill Geyts o‘ziga xos voqealar bilan unutilmas kechgan 2020 yil yakunida mutolaa qilish uchun o‘z shaxsiy tavsiyalarini taqdim qildi.

Foto: Gatesnotes.com

«2020 yil murakkab kechdi. Yil mobaynida kitobsevarlar turli yo‘nalishdagi kitoblar mutolaasiga berilishdi. Bu yilda goho «Qora tanlilar hayoti qadrli» (Black Lives Matter) qarshilik harakatlari asosida yotuvchi adolatsizlik kabi murakkab mavzularga sho‘ng‘igim keldi. Gohida esa sekinroq sur'at kerak edi, kun oxirida yengilroq narsalar mutolaa qildim.

Natijada ko‘plab ajoyib kitoblarni o‘qib chiqdim. 2020 yil o‘z nihoyasiga yetar chog‘da turli mavzulardagi besh kitobni o‘qishni tavsiya qilmoqchiman. Yilni yaxshi kayfiyatda yakunlash uchun o‘zingizga mos kitobni topa olasiz, degan umiddaman», deb yozadi u.

«Yangi Jim Krou: daltonizm davrida ommaviy hibs». Muallif – Mishel Aleksander

(The New Jim Crow: Mass Incarceration in the Age of Colorblindness)

Kitob oq tanlilardan farqli jamiyatlar, xususan, qora tanlilar jamiyatining jinoiy sud tizimi tomonidan adolatsizlarcha ta'qib qilinishini fosh qiladi. Ayniqsa, ommaviy qamoqlar tarixini juda yaxshi tushuntirib beradi.

«Kitobni o‘qib, bizga hukmlar chiqarishda adolatliroq yondashuv kerakligiga va rangli jamiyatlar himoyasiga ko‘proq investitsiya kiritish lozimligiga ishonch hosil qildim», deydi Geyts.

«Diapazon: ixtisoslashgan dunyoda nega universallar g‘alaba qilishi haqida». Muallif – Devid Epnshteyn.

(Range: Why Generaliss Triumph in a Specialized World)

Kitob go‘yoki tobora torroq ixtisoslashuv talab etilayotgan dunyoda aslida «keng dunyoqarash, turfa sohalardagi tajriba va qarashlarga ega» insonlar kerakligi haqida hikoya qiladi.

Unda professional tennischi Rodjyer Federerdan tortib sovuq urush davrida sovet masalalari bo‘yicha ekspertlargacha misollar keltirilgan.

«Kitob Microsoft'ning ayrim muvaffaqiyatlarini izohlashga ham yordam beradi. Chunki biz o‘z sohasida va boshqa barcha sohalarda haqiqiy bilimga ega insonlarni yollardik. Keng profildagi mutaxassis bo‘lsangiz-u, tor doiradagi ixtisoslashgan hamkasblaringiz soyasida qolayotgandek his qilsangiz, kitob siz uchun», – deydi kitob haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan Geyts.

«Buyuklar va jirkanchlar: Blits to‘pbo‘roni paytidagi Cherchill, oila va itoatsizlik haqida saga». Muallif – Erik Larson.

(The Splendid and the Vile: A Saga of Churchill, Family, and Defiance During the Blitz)

Germaniya Angliyani bombalar bilan zabt etmoqchi bo‘lgan, inglizlar tunlarni yerto‘la va metro stansiyalarida o‘tkazgan 1940–1941 yillar. Kitob shu haqda.

Garchi bu yillar dahshatliroq bo‘lsa-da, inglizlar his qilgan qo‘rquv va vahima COVID-19 pandemiyasi davridagi bizning holatimizni yodga soladi. Larson dahshatli urush davrida oddiy fuqarolarning hayoti qanday bo‘lganini aniq tasvirlab beradi.

Erik Larson bu kitobida inqirozdan chiqib ketgan Uinston Cherchill va uning maslahatchilari kabi bir qancha britan yetakchilarining hayotini ham hikoya qiladi.

«Ayg‘oqchi va xoin: sovuq urushdagi eng olamshumul josuslik hikoyasi». Muallif – Ben Makintayr.

(The Spy and the Traitor: The Greatest Espionage Story of the Cold War)

Hujjatli asar britanlarga agentlikka yollangan KGB ofitseri Oleg Gordiyevskiy va uni sotgan amerikalik sotqin Oldrich Eyms haqida so‘zlaydi. Muallif asarni yaratishda nafaqat g‘arb manbalari (xususan, Gordiyevskiyning o‘zi), balki rus manbalariga ham tayanadi.

«Tuzli nafas: davosiz genetik kasallik, fandagi yangi davr, tibbiyotni o‘zgartirgan bemorlar va oilalar». Muallif – Bidjal P.Trivedi

(Breath from Salt: A Deadly Genetic Disease, a New Era in Science, and the Patiens and Families Who Changed Medicine)

Asar fibroz o‘simtasi bilan kasallangan bemorlar va ularning oilalari hayotini yaxshilagan ajoyib ilmiy innovatsiyalar haqida ma'lumot beradi.

«Kitobda tilga olingan dorilar haqiqatda yordam bergan oilalarni o‘zim shaxsan taniyman. Yaqin yillarda bu kabi kitoblarni ko‘plab ko‘ramiz, deb o‘ylayman. Chunki biotibbiyot yuqori sur'atlarda rivojlanib bormoqda», – deydi Microsoft asoschisi.

Mavzuga oid