O‘zbekiston | 16:32 / 18.12.2020
7506
2 daqiqa o‘qiladi

«Talabalarning faqat 50 foizini yotoqxona bilan ta'minlay olamiz» - vazir

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Tashkent city’dagi Congress Hall majmuasida “Toshkent yoshlar forumi — 2020” doirasida o‘tkazilgan “Ijtimoiy soha – 2030: ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimi istiqbollari” mavzusidagi tadbirda oliy va o‘rta ta'lim vaziri Inomjon Majidov ishtirok etib, talabalarni yotoqxona bilan ta'minlash masalasi haqida gapirdi.

“Yotoqxonaga ehtiyoji borlarning yarmini, ya'ni 50 foizini turar joy bilan ta'minlay olamiz, qolgan qismiga imkoniyatimiz yo‘q. Bu, albatta, OTMning moddiy-texnik bazasi, ya'ni moliyaviy imkoniyatlariga bog‘liq. Respublika oliy ta'lim muassasalari mustaqil rivojlanish yo‘lida, bu mustaqillik ham akademik, ham moliyaviy yo‘nalishdadir. 

Bugungi kunda OTM talabalarining 25 foizi budjetda, 75 foizi to‘lov-shartnoma asosida ta'lim olmoqda, ya'ni OTMning moddiy-texnik bazasini yaratish ham shunga bog‘liq bo‘ladi. OTMning moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha qator rejalar belgilangan. Ya'ni, moliyaviy mexanizmlar: davlat subsidiyalari, xususiylashtirish va boshqa mexanizmlarni jalb etish masalalari turibdi. Bunda yotoqxonalarni ko‘paytirish masalasi ham bor”, — dedi Majidov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda talabalar uchun laboratoriya bazasi masalasi ham turibdi. Barcha OTMda ham laboratoriyalar yo‘q, borlari esa qoniqarli darajada emas. Barcha masalani hal qilish uchun ma'lum muddat kerakligi bildirildi.

Mavzuga oid