Jahon | 21:57 / 22.12.2020
44142
10 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning yangi shtammi: u haqda nimalar ma'lum?

Koronavirusning yangi shtammi juda tez tarqalishi Londonda va Angliyaning janubi-sharqida qat'iy lokdaun joriy etilishiga olib keldi, Angliya, Shotlandiya va Uels aholisi uchun Rojdestvo bayramida karantin yumshatilishi haqidagi qaror bekor qilindi, o‘nlab davlatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishga qaror qildi.

Foto: PA MEDIA

O‘tgan oylarda virus qanchalik mutatsiyaga uchraganki, hukumatlar bu qadar shoshilinch choralar ko‘rishga majbur bo‘lishmoqda? BBC agentligining ilm-fan va tibbiyot bo‘yicha korrespondenti Jyeyms Gallaher yangi shtamm haqida mavjud ma'lumotlarni to‘pladi.

Britaniya rasmiylari maslahatlashadigan ilmiy kengash yangi shtamm insondan insonga avvalgisidan ko‘ra osonroq yuqishini bildirgan.

Hozircha ko‘p narsa mavhum, yangi shtamm juda kam o‘rganilgan.

Viruslar doimo mutatsiya bo‘ladi, shu tufayli ular o‘zini qay tarzda tutayotganini doimiy ravishda kuzatib borish muhimdir.

Bu yangi shtamm nima uchun bu qadar xavotir uyg‘otmoqda?
Uch omil jam bo‘lib olimlarning alohida e'tiborini tortmoqda:

  • U shu virusning boshqa shtammlarini tezkorlik bilan siqib chiqaradi;
  • Mutatsiya virusning alohida ahamiyatga ega bo‘lgan qismlarida sodir bo‘ladi;
  • Bu mutatsiya holatlarining ayrimlari laboratoriya sharoitlarida virusning hujayralarga kirish qobiliyati oshganini namoyish etdi.

Bularning bari jam bo‘lib, virus yanada tez tarqalish imkoniga ega bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Shunga qaramay, mutaxassislarning bunga mutlaq ishonchi komil emas.

Yangi shtammlar mos vaqtda mos joyda paydo bo‘lsa, juda tez tarqalishi mumkin. Masalan, hozirda virus tarqalishi o‘chog‘iga aylangan Londonda yaqin-yaqingacha cheklovlarning faqatgina ikkinchi darajasi amal qilayotgandi.

Kasallik tarqalishini jilovlash maqsadida hukumat birdaniga cheklovlarning eng yuqori — to‘rtinchi darajasini joriy etdi.

«Laborator tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Ammo biz bir hafta yoki bir oy kuta olamizmi? Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib aytsak, ko‘p ehtimolki, yo‘q», deydi BBC bilan suhbatda yangi koronavirus genomini rasshifrovka qilish bo‘yicha Britaniya tibbiy assotsiatsiyasi (Covid-19 Genomics UK Consortium) professor Nik Loman.

U qanchalik tez tarqalmoqda?
Bu yangi shtamm ilk bor sentyabr oyida qayd etilgan.

Noyabrga kelib Londondagi barcha kasallanish holatlarining 25 foizi koronavirusning aynan shu variantiga to‘g‘ri kelgan. Dekabr oyi o‘rtalarida bu ko‘rsatkich 65 foizdan oshgan.

Britaniyadagi Milton Keynes Lighthouse Laboratory laboratoriyasida o‘tkazilgan test natijalariga qarab ham, bu shtamm laboratoriya tahlillarida ustunlik qilayotganini ko‘rish mumkin.

Matematiklar yangi shtamm qanchalar tajovuzkorligini bilish uchun boshqa shtammlarning harakatlarini baholashga urinishmoqda.

Ammo bu o‘rinda nafaqat virusning harakatini, balki odamlar o‘zini qanday tutishini ham hisobga olish darkor.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson yangi shtammning yuqumlilik darajasi 70 foizdan ortiq bo‘lishi mumkinligi, shu tufayli reproduksiya indeksi (yuqumli kasalliklar ko‘payishi yoki kamayishini ko‘rsatuvchi indeks) 0,4ga oshishi mumkinligini aytdi.

Yangi virusning xususiyatlari hali yetarlicha o‘rganilmagan, bu yana bir necha oylik tahlillarni talab qiladi. Virus hujum taktikasini o‘zgartirgan ekan, biz himoya taktikasini o‘zgartirishimiz kerak. O‘zimizda bor ma'lumotlar asosida choralar ko‘ramiz, chunki u juda tez tarqalmoqda», degan bosh vazir.

O‘tgan haftaning juma kunida 70 foiz haqida Londondagi Imperial kollej doktori Erik Fols ham o‘z taqdimotida gapirgandi.

U o‘z chiqishida shunday degandi: «Hozircha xulosalar qilish uchun juda erta… ammo biz ko‘rib turibmizki, u juda tez, ancha tez, shunday ekan, uni kuzatishda davom etish juda muhim».

Bu yangi shtamm qanchalar yuqumli ekanini isbotlaydigan, o‘ta aniqlikdagi raqamlar yo‘q.

O‘z tadqiqotlari natijalarini hali e'lon qilmagan olimlar 70 foizdan yuqori raqamlarni ham, undan pastroq raqamlarni  ham berishgan.

U chindan ham avvalgi variantlardan ko‘ra zararliligi borasidagi savol ochiq qolmoqda.

«Hozirda ixtiyorimizda mavjud bo‘lgan ochiq ma'lumotlar virusning yuqumliligi yuqoriroq ekani haqida xulosa qilish uchun mutlaqo yetarli emas», deydi Nottingem universitetidan bo‘lgan virusolog, professor Jonatan Boll.

U qanchalik keng tarqalgan?
Bugungi kunda mazkur shtamm yoki Buyuk Britaniyadagi bemorlardan birida paydo bo‘lgani, yoki koronavirus mutatsiyasi alohida kuzatilmagan boshqa mamlakatdan kirib kelgani taxmin qilinmoqda.

Bu shtamm hozirda Birlashgan Qirollikning Shimoliy Irlandiyadan boshqa barcha hududlarida aniqlangan, ayniqsa Londonda, shuningdek, Angliya janubi va sharqidagi grafliklarda keng tarqalgan. Boshqa hududlarda, aftidan, u juda yaxshi ildiz otmagan.

Dunyo bo‘ylab barcha viruslar namunalarining genetik kodini kuzatish bilan shug‘ullanuvchi Nexstrain xalqaro loyihasi ma'lumotlariga ko‘ra, Daniya va Avstraliyada aniqlangan yangi shtammning kelib chiqishi Britaniyaga taqaladi.

Niderlandlar ham bu shtamm bilan bog‘liq bir necha holatlarni qayd etishgan.

Janubiy Afrikada ham shunga o‘xshash variant paydo bo‘lgan, ammo u Britaniya bilan bog‘liq emasligi aytilmoqda.

Bunday mutatsiyalar avval ham bo‘lganmi?
Ha. Hozirda butun dunyoda aniqlanayotgan koronavirus Xitoyning Uhan shahrida bo‘lgan virusdan butunlay farq qiladi.

Mutatsiyaga uchragan D614G shtammi Yevropada fevraldayoq paydo bo‘lib, keyin butun dunyo mamlakatlarida aynan shu virus keng tarqalgandi.

Yana bir shtamm, A222V esa shu yil yozida Ispaniyadan ta'tildan qaytganlar orqali Yevropa bo‘ylab tarqaldi.

Britancha shtamm mutatsiyasi haqida nimalar ma'lum?
Yangi shtamm tahlilining e'lon qilingan dastlabki rasshifrovkasida muhim 17ta muhim genetik o‘zgarish haqida gap ketadi.

Virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘taydi.

Mutatsiyalardan biri N501Y tojning RBD deb ataluvchi muhim qismi uchun javobgardir.

Aynan shu yerda toj tana hujayrasi yuzasi bilan kontakt qiladi. Virusga hujayra ichiga kirishga yordam beradigan har qanday o‘zgarish, katta ehtimol bilan bu shtammga ustunlik beradi.

«Barcha parametrlari shuni ko‘rsatmoqdaki, bu juda muhim adaptatsiya», deya qayd etadi professor Loman.

Ko‘p bor qayd etilgan, xususan, Daniya fermer xo‘jaliklaridagi qorako‘zanlar orasida avj olgan yana bir mutatsiya (H69/V70) natijasida ham tojning kichik bir qismi yo‘qolgan edi.

Kembrij universiteti professori Ravi Gupta tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, laborator sharoitda bu mutatsiya virus yuqumliligini ikki barobar oshirgan.


GETTY IMAGES

Xuddi shu tajribalar davomida olimlar tomonidan taxmin qilinishicha, ushbu mutatsiya kasallikdan forig‘ bo‘lgan odamlar qonida hosil bo‘lgan antitanachalarning virusga qarshiligini susaytirgan.

«Holatlar o‘sishda davom etmoqda va bu hukumatni ham, bizni, barcha olimlarni ham tashvishlantirmoqda», degan BBC uchun bergan intervyusida professor Gupta.

Yangi shtamm qayerdan keldi?
Bu yangi shtamm kutilmaganda juda kuchli mutatsiyaga uchragan.

Katta ehtimol bilan bu virus unga qarshi kurasha olmaydigan, sust immunitetli bemorda paydo bo‘lgan.

Uning tanasi qarshi kurashish o‘rniga virus uchun o‘zgarish joyiga aylangan.

Virus yanada o‘limvor bo‘ladimi?
Hozircha buni tasdiqlovchi biror dalil yo‘q. Ammo vaziyatni nazorat ostida ushlab turish kerak.

Shunga qaramay, yuquvchanlik oshishi haqidagi faktning o‘zi shifoxonalarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Agar virusning bu yangi varianti odamdan odamga oson yuqayotgan bo‘lsa, statsionarlarda davolanishi kerak bo‘lgan bemorlar soni haddan ziyod ko‘payishi mumkin.

Vaksina yangi shtammga qarshi ishlaydimi?
Amalda, aniq qilib «ha» deyish mumkin. Faqat bu yaqin kelajak uchun aytiladigan gap.

Hozirda yetakchilik qilayotgan har uch vaksina virusga qarshi aynan uning toji orqali kurashib, immunitet hosil qiladi. 

Ular immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun sozlashadi, bu esa tojning muayyan qismi mutatsiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi.

«Ammo agar biz yana bir qancha mutatsiyalarni o‘tkazib yuborsak, u holda xavotirli vaziyat yuzaga keladi. Bu virus vaksina hosil qilgan himoyani aylanib o‘tishga salohiyati bor va u allaqachon buning uchun bir necha qadam tashladi», deydi professor Gupta.

Agar virus vaksina ilojsiz qoladigan darajada mutatsiyaga uchrashda davom etsa, shunday vaziyat yuzaga keladi.

Bu esa, ehtimol, yangi koronavirus, xususan, juda ko‘p odamlarni zararlashga moslasha olishini ko‘rsatayotgan yangi shtamm bilan bog‘liq eng xavotirli jihatdir.

«Bu virus, aftidan, vaksinaga qarshi tura oladigan mutantlarni keltirib chiqara oladi», — Glazgo Universiteti professori Devid Roberson o‘tgan haftaning jumasidagi taqdimotini shunday so‘zlar bilan yakunladi.

Unda biz xuddi gripp bilan bo‘lgani kabi vaksinani muntazam ravishda yangilab turish holatiga tushamiz. 

Baxtimizga, hozirda insoniyat ixtiyoridagi koronavirusga qarshi vaksinalarni moslashtirib borish ancha oson.

Mavzuga oid