Vaksinalar tarixi. Ular dunyoga qanday naf bergan?
Odamlar orasida, xususan, bizning jamiyatda vaksinalarga xavfsirash, ta'bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, olaqarash bor. Turli fitna nazariyalariga ishonuvchilar, zamonaviy tibbiyot va farmakologiya imkoniyatlariga shubha bilan qarovchilar vaksinalar odamlarga foyda keltirishiga ishonishdan tiyiladilar. Aslida-chi?
Koronavirus pandemiyasi yuqumli kasalliklar tarqalishining avj olishi naqadar xavfli va vayronkor bo‘lishini yana bir bor esga olishga majbur qildi. Bunday holatlarda vaksinalar ko‘pincha normal hayotga qaytish uchun yagona chora bo‘ladi.
Koronavirus ommaviy vaksinatsiya bilan kurashilayotgan yagona g‘anim emas. Yuz millionlab insonlar dunyoni dahshatga solgan ko‘zga ko‘rinmas qotil dastidan omon qolish baxtiga muyassar bo‘lgan. Gap, albatta, sifatli tibbiy xizmatlar bor joyda yashagan odamlar haqida ketyapti.
Odamlar hayotini najot sari yetaklagan zamonaviy fan yutug‘i bo‘lmish vaksinalar haqida.
Chechak
Chechakka qarshi emlash bu sohadagi eng katta muvaffaqiyatdir. XX asrning o‘zida bu kasallikdan halok bo‘lganlar soni 300 millionni tashkil qiladi. Avvalgi davrlardagi qurbonlar soni hisoblanmagan. Chechak bilan og‘riganlarning 30 foizi tanalari yiringli yara bilan qoplanib, ko‘p azob-uqubatlarda vafot etishgan. Qolganlar ko‘r bo‘lib qolishgan yoki bir umrga teridagi xunuk izlar bilan yashab o‘tishga majbur bo‘lishgan.
Yuz yillar mobaynida odamlar chechakdan davo istab qilmagan ishlari qolmagan. Nihoyat vaksina bu bedavo dardga malham bo‘la oldi.
Insonni sun'iy ravishda kasallikning yengil shakli bilan kasallantirib, immunitet hosil qilish fikri, katta ehtimol bilan Xitoyda paydo bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, 1000 yilcha muqaddam odamlar chechakka chalinganlarning yaralarini quritib, maydalangan kukunini burun orqali ichga yutganlar yoki chechak yiringiga botirilgan paxta bo‘lagini quloqqa bosishgan.
Afrikada igna yordamida yiring shimdirilgan ipni teri ostiga kiritishgan. Britaniyada esa XVIII asrda aristokratligi va zakovati bilan tanilgan Meri Montegyu chechakka qarshi emlashni faol targ‘ib qilgan. Uning o‘zi ham yoshligida chechak bilan og‘rigan va eri elchi bo‘lib ishlagan Turkiyada shunday amaliyotni ko‘rgandi.
Bu kabi usul baribir ishonchli emasdi. Har o‘ttizinchi emlangan odam chechakning og‘ir shakliga chalinib vafot etavergan. Angliyalik fermerlar sigir chechagi insonga yuqishi, lekin o‘limga olib bormasligini sezib qoladilar. Bu holatni o‘rgangan tabib Edvard Jyenner sigir chechagi asosida ilk ishonchli va xavfsiz vaksinani yaratadi.
1796 yilning 14 mayida Jyenner o‘z vaksinasini bir fermerning o‘g‘lida sinab ko‘radi. Bemor tuzalib ketib, qarilik yoshigacha yashaydi. Jyenner esa 2 yildan so‘ng mashhur «Sigir chechagining ta'siri va uni o‘rganish sabablari» deb nomlangan risolasini nashr etadi. Kitobcha olimning shaxsiy mablag‘lari hisobiga chop etiladi. Zero, Qirollik fan jamiyati Jyennerning usuliga ishonchsizlik bilan qaragan edi.
Shubhalar arigach, Britaniya qo‘shini va floti xizmatchilari majburiy tarzda chechakka qarshi emlanadilar. Hech kimda nojo‘ya ta'sirlar kuzatilmaydi.
Qariyb 100 yil o‘tib, atoqli olim Lui Paster Jyennerga hurmat yuzasidan, uning sun'iy immunitet hosil qilish usuli sharafiga vaksinalarni fransuz tilidagi vache - «sigir» so‘zi bilan boshlashni taklif qiladi.
Qashshoq mamlakatlarda esa chechak yana yuz-ellik yil davomida odamlarga qiron keltirdi. Chechakning uzil-kesil yo‘q bo‘lishi JSSTning 1967 yilda o‘tkazgan ommaviy emlanish tadbiridan so‘ng yuz berdi.
Ommaviy immunitet hosil bo‘lishi uchun aholining 80 foizi emlansa kifoya. Milliardlab insonlarni emlashning iloji yo‘q edi.
Nigeriyada esa alohida emlash samarali bo‘lib chiqdi: tezkor ravishda kasallik o‘chog‘ini aniqlab, qo‘shni odamlarni emlash kerak edi. 12 million aholisi bor hududdagi 750 ming kishini emlab, chechakka barham berildi. Ayni kunlarda chechakning tirik viruslari jahonning faqat quyidagi joyida bor xolos: Rossiya va AQShning yuqori darajada ihotalangan laboratoriyalarida.
Poliomiyelit
Bu kasallik chechakka nisbatan ancha kam odamning o‘limiga sabab bo‘lsa-da, o‘lmay qolganlar azoblarga giriftor bo‘ladi.
Poliomiyelit bilan asosan bolalar og‘rishadi. Virus tanaga og‘iz orqali kiradi va qonga o‘tadi. So‘ng asab tizimini shikastlab, bedavo falajlikka sabab bo‘ladi. Ko‘pincha oyoqlar ishlamay qoladi, lekin har o‘ninchi bemor o‘pka mushaklari falajlangani bois nafas yetishmaslikdan vafot etadi.
Bunday bemorlarning yagona najotkori 1920-yillarda yasalgan «Temir o‘pkalar» deb atalgan o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish kameralari edi. Bu kabi metall qurilmalarda odamlar haftalab, ba'zan esa, hayotining so‘ngiga qadar yotishgan.
Poliomiyelit chechakdan farqli o‘laroq, tashqi simptomlarga ega bo‘lmagani bois, uning infeksion tabiati 1905 yilga kelibgina shvetsiyalik vrach Ivar Vikman tomonidan to‘liq tavsiflab berildi.
O‘sha paytga borib, yirik shaharlardagi ichimlik suvi sifatining yaxshilanishi poliomiyelit bilan kasallanish holatlari sonini ham, unga qarshi immuniteti bor odamlarni ham kamaytirib yubordi. Kasallik o‘choqlari yanada sezilarliroq bo‘lib bordi.
Afkor ommada keyinchalik noto‘g‘ri bo‘lib chiqqan poliomiyelit asosan taraqqiy etgan davlatlarga xos kasallik degan tushuncha bor edi. 1952 yilda amerikalik vrach Jonas Salk poliomiyelit vaksinasini yaratdi. 1961 yilda esa uning hamkasbi Albert Seybin inʼeksiya emas, yutish mumkin bo‘lgan versiyasini taqdim qildi. AQSh va Yevropada poliomiyelit bilan kasallanish holatlari keskin kamaydi.
Poliomelitga qarshi emlash davomida vaksinatsiya tarixidagi eng qo‘pol xatolardan biriga yo‘l qo‘yiladi. 1955 yilda AQShning Cutter Laboratories kompaniyasi adashib ichida tirik poliomiyelit virusi bor 100 ming doza vaksinani savdoga chiqarib yuboradi. Oqibatda 10 nafar bola halok bo‘ladi, 160 bola bir umrga falaj bo‘lib qoladi.
1988 yili JSST butun dunyo bo‘ylab poliomiyelitga barham berish dasturini boshladi. 1994 yili AQSh, 2000 yili Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya, 2002 yili Yevropa va 2014 yili esa Janubi-sharqiy Osiyo ota-onalarni dahshatga solgan kasallikdan xoli deb e'lon qilindi.
Mutaxassislarning bahosicha, vaksina tufayli dunyoda bir yarim millionga yaqin inson tirik va 18 milliondan ortiq aholi yura oladi. Hozirda Afg‘oniston, Pokiston va Nigeriyada yiliga bir necha o‘n holat qayd etiladi.
Qizamiq
Qizamiq vaksinasi bir vaqtning o‘zida ham muvaffaqiyat, ham muvaffaqiyatsizlikka misol bo‘la oladi.
Dunyo ahlini o‘ziga jalb qilgan Afrikada ro‘y bergan Ebola epidemiyasi 20 ming nafar inson hayotiga zomin bo‘ldi. Qizamiq esa o‘tgan yilning o‘zida jimgina 207 ming insonni asfalasofilinga ravona qildi. Vaholanki, unga qarshi vaksina 1963 yildan beri bor.
Favqulodda yuqumli bo‘lgan bu virus yo‘talganda va aksa urganda so‘lak tomchilari yoki bevosita kontakt orqali yuqadi. Qizamiqda harorat baland ko‘tariladi, toshmalar toshadi, og‘ir holatlarda esa bemor hayotiga xavf soladigan darajada ich ketishi va zotiljam kuzatiladi, shuningdek, miya qobig‘i yallig‘lanadi.
Qizamiq vaksinasi ixtiro qilingunga qadar, bu kasallik yiliga o‘rtacha 2,6 million kishining hayotiga zomin bo‘lardi. Unga to‘liq barham berishning iloji bo‘lmadi. Chunki qizamiqqa qarshi ommaviy immunitet paydo bo‘lishi uchun 95 foiz odam emlanishi shart.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «emlanishga qarshilar» tufayli AQSh va Yevropada qizamiq bilan og‘rish yana ko‘payib ketdi.
Antivaksinachilarga britaniyalik vrach Endryu Uekfild 1998 yilda chop etilgan maqolasi bilan turtki berib yubordi. Maqola qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi vaksina bolalarda autizmga sabab bo‘lishi haqida edi. Ma'lumotlar keyinchalik rad etilgan bo‘lsa-da, odamlar ongida yetarlicha iz qoldirgandi. Ueykfild esa ilmiy noxolisligi uchun vrachlik litsenziyasidan mahrum qilindi.
Rivojlangan davlatlarda qizamiqdan nisbatan kam odam o‘layotgan bo‘lsa, Afrikada vaziyat ancha yomon. O‘tgan yili Kongo demokratik respublikasida avjiga chiqqan qizamiq yetti mingdan ziyodroq inson hayotiga zomin bo‘ldi. Vafot etganlarning aksari bolalar edi.
Rivojlanayotgan davlatlarning asosiy muammosi mish-mishlar emas, balki vaksina yetishmovchiligi va ayniqsa, uzoq hududlarda tibbiy infrastrukturaning mavjud emasligi. JSST BMTga a'zo davlatlardan qizamiqqa qarshi vaksinatsiya uchun qo‘shimcha 255 million dollar ajratishni so‘radi.
Bezgak
Olimlarning fikricha, odamlar qadim zamonlardan buyon bezgakka chalinishadi. Hozirgi kunda esa, insoniyatning yarmi bezgakka chalinish xavfi bor, 400 ming kishi esa har yili bezgak tufayli vafot etadi. O‘limlarning qariyb yarmi Afrikaga to‘g‘ri keladi.
Kasallikni bezgak plazmodiysi deb ataladigan bir hujayrali parazit bakteriya qo‘zg‘atadi. Bakteriya bezgak chivini chaqqanda qon orqali inson tanasiga o‘tadi.
Bezgakka qarshi kurashning eng asosiy usullari chivinlar ko‘payadigan botqoqliklarni quritish, hasharotlarga qarshi setkalarni o‘rnatish va kasallikning erta bosqichida davolovchi dorilardir. Biroq plazmodiy mavjud preparatlarga qarshi tura olishi haqida ma'lumotlar ham yo‘q emas.
32 yillik mashaqqatli mehnat va 700 million dollarlik xarajatlarga qaramay bezgakka qarshi immunitet shakllantiruvchi vaksina hali yaratilgani yo‘q.
Yagona tajriba namunasi Gana, Malavi va Keniyada o‘tkazilyapti va 2023 yilda nihoyasiga yetishi kerak. Hozirgacha qo‘lga kiritilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu vaksinaning samaradorligi 40 foiz va to‘rt yildan ko‘p emas. Bu boshqa vaksinalarga solishtirilsa, ancha past ko‘rsatkich. Ustiga ustak bir yoki ikki emas, 4 marta emlash talab etiladi.
XX asr vabosi deya nom olgan OITS kasalligi-chi? Nega unga hanuz vaksina yo‘q?
Javob, qanchalar ajablanarli tuyulmasin, juda oddiy: inson immun tanqisligi virusi fanga ma'lum viruslar orasida xameleon jonzot. U mudom o‘zgaradi, mutatsiyaga uchraydi va olimlarning VICh infeksiyasiga qarshi barcha xatti-harakatlarini chippakka chiqaradi.
Inson immun tanqisligi virusi qanday?
Inson immun tanqisligi virusi uch o‘lchamli murakkab tuzilmali yuzaga ega. Uning yarmi shakarli qoplama, glyukoza bilan qoplangan. Aynan glyukoza bilan qoplangan yuza vaksina faoliyatini bloklaydi.
Agar VIChning atvori boshqa viruslarniki kabi bo‘lganida edi, mutaxassislarning ishi ancha yengillashardi. Lekin inson immun tanqisligi virusi o‘z qobig‘ini muntazam, eng asosiysi, juda tez o‘zgartiradi. Virusni mag‘lub etish uchun immun tizimi uni tanishi lozim. Lekin mutatsiyaga tez uchrashi natijasida immun tizimi uni xavfli deb bilmaydi.
Inson immun tanqisligi virusi retroviruslar guruhiga mansub. Bu kabi viruslar o‘z DNK-genomlarini inson hujayrasida saqlay olish qobiliyatiga ega. Olimlar uzoq yillardan beri retroviruslarga qarshi kurashish uchun ular qanday ko‘payishini aniqlashga urinmoqdalar. Natija esa, hozircha yo‘q.
VIChga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinalar
2016 yil Janubiy Afrika Respublikasida ishlab chiqilishi boshlangan HVTN 7026 nomli vaksina ommada katta umid uyg‘otgandi. Dastlabki tajribalarda 18-35 yosh orasidagi 5407 nafar VICh yuqtirgan bemor qatnashdi. Vaksinatsiya jarayonida ikki vaksina baravar qilinadigan Prime Boost usuli qo‘llandi. Birinchi (Prime) vaksinada qatnashchi bir zardobni olgan bo‘lsa, ikkinchisida (Boost) mutlaqo boshqasini olgan. Bu bilan immun tizimining imkoniyati ikki barobarga ortishi kutilgandi, amalda bunday bo‘lmadi.
RV144 vaksinasi HVTN 7026 uchun asos bo‘ldi. Bu kamtarona 31 foizlik natija ko‘rsatgan yagona zardob edi. Vaksina insonni bir necha oygina virusdan himoya qila olardi. Arzigulik natijalar bo‘lmagach, 2020 yilning fevralida loyiha to‘xtatildi.
VICh/OITS vaksinasini yaratishga navbatdagi urinish MOSAICO loyihasi bo‘lgandi. U ham ikki vaksinani barobar qo‘llash usuliga asoslangan edi. MOSAICO vaksinasini maymunlarda sinab ko‘rishdi va natijalar ancha umidli bo‘ldi. Bu vaksina yordamida VICh/OITS bilan kasallanish 90 foizga kamaydi. 2019 yilning oxirlaridan buyon AQShda MOSAICO sinovlari o‘tkazilib kelinyapti va unda 3800 kishi qatnashyapti.
Uchinchi vaksina IMBOKODO deb ataladi. 2600 afrikalik IMBOKODO sinovlarida ishtirok etmoqda. Vaksina samaradorligi hozircha 67 foizni tashkil qilyapti. IMBOKODO sinovlari 2022 yilning fevralida nihoyasiga yetishi ko‘zda tutilgan.
Olimlar biror vaksina 100 foizlik natija ko‘rsata olishiga ishonishmayapti. Biroq 60-70 foizlik samaradorlik ham muvaffaqiyat hisoblangan bo‘lardi. Ungacha esa VICh/OITSni antiretrovirus preparatlar bilan davolash imkoni bor, xolos.
Mavzuga oid
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
16:51 / 25.11.2024
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024