Sport | 15:55 / 02.01.2021
11121
2 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Mo‘minjonov bugundan «Neftchi»da ish boshlaydi

Bugun Farg‘onaning «Neftchi» klubiga yangi bosh murabbiy tayinlanadi. «Turon»ga qarshi o‘tgan Pro-liganing hal qiluvchi o‘yinidagi janjaldan so‘ng Abdusamad Do‘rmonov iste'foga chiqarilgandi.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, «Neftchi»ning yangi bosh murabbiyi o‘z vaqtida futbolchilarni o‘yinni sotishga undashda rasman ayblangan Ilhom Mo‘minjonov bo‘ladi. Oldinroq Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Ilhom Mo‘minjonov bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.

Murabbiy oldiga 2021 yilda mamlakatning ikkinchi divizioni bo‘lgan Pro-ligada qatnashuvchi «Neftchi»ni barqaror jamoaga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Mo‘minjonovning O‘FA tomonidan belgilangan diskvalifikatsiyasi muddati 1 yanvar kuni yakunlangan va bugun, 2 yanvar kuni murabbiy Farg‘ona klubini rasman qabul qilib oladi. Bugun o‘tkazilajak tanishtiruv marosimida Xayrulla Bozorov ham qatnashishi kutilmoqda.

Mo‘minjonov Superliganing bir qator futbolchilari bilan muzokara o‘tkazgan. «Neftchi» jamoasi aksariyat futbolchilar bilan xayrlashadi va ularning o‘rniga yangi o‘yinchilar chaqiriladi. Qayd etish joiz, Xayrulla Bozorov Namangan viloyati hokimi sifatidagi faoliyati davomida ham 2017 yilda Ilhom Mo‘minjonovni «Navbahor» klubi bosh murabbiyi sifatida tayinlagan va namanganliklar o‘sha mavsumda 5-o‘rinni egallagandi.

«Neftchi» Superligaga o‘tish o‘yinida «Andijon»ga mag‘lub bo‘lib (1:3), reglamentga binoan 2021 yilda ham Pro-ligada o‘ynaydi.

Ilhom Mo‘minjonov 2019 yil 1 aprel kuni O‘FA axloq qo‘mitasi tomonidan 5 yilga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgan va 50 million so‘m jarimaga tortilgandi. Mo‘minjonov 2017 yil «Navbahor»dagi faoliyatida homiylar tomonidan berilgan mablag‘larni o‘zi bilganicha taqsimlayvergan», deyilgandi xususan O‘FA bayonotida.

Mavzuga oid