Sport | 18:56 / 04.01.2021
19884
8 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Ermatov - rahbarlik faoliyati, tanqidlar va hakamlar imiji haqida

Jahon miqyosida taniqli hakam Ravshan Ermatov 2019 yil iyunida O‘FAga vitse-prezident etib tayinlangach, hakamlik faoliyatini yakunlagan edi. 2020 yil fevralida u sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ham tayinlandi.

Kun.uz amaldor sifatidagi faoliyati, o‘zbek futbolida 2020 yil yakunlari va boshqa mavzulardagi fikrlari bilan tanishish uchun Ravshan Ermatovni suhbatga taklif etdi.

— Hakamlikdan ketib, rahbar sifatida ish boshlaganingizga ham bir necha yil bo‘lib qoldi, ma'lum darajada tajriba orttirdingiz. Rahbarlik faoliyatingizdan shaxsan o‘zingiz qoniqyapsizmi?

— Men jahon chempionatlarida hakamlik qilgan, yuqori baholarga loyiq ko‘rilgan, FIFA maqtovlarini eshitib turgan paytlarimda ham doim o‘zimdan qoniqmasdim. Har bir o‘yinni soatlab tahlil qilib chiqardim va o‘zimdan hech qachon yuz foiz qoniqmaganman.

Hozir o‘zimni siz aytgandek tajribali rahbar deb hisoblamayman. O‘rganadiganlarim juda ko‘p. Sportchi bo‘lganim uchun qaysidir tomondan oson tuyulayotgan joylari ham bor, lekin ochig‘ini aytsam, hali o‘z ishimdan qoniqayotganim yo‘q. Sportga ozgina bo‘lsa ham foydamiz tegayotganini his qilish uchun harakat qilamiz.

— Sportchilikdan ketib, amal kursisiga bekor o‘tirgan ekanman, deya afsuslangan paytlaringiz bo‘ldimi?

— To‘g‘risini aytsam, o‘zi hech qachon oson bo‘lmagan. Hakamlikda ham, o‘sha jahon chempionatlariga borganimizda, bizga tayyor yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan hech kim bo‘lmagan. Har kungi mehnatimiz, tahlil qilishimiz, hakamlik ilmini o‘rganganimiz natijalarga olib kelgan.

Hozir qilayotgan ishimiz ham oson emas: boringizni berib ishlashni talab qiladi – biz bunga tayyormiz, mehnatdan hech qachon qochmaganmiz. Xudo xohlasa, bu ishlarimiz ham vaqt-soati kelib o‘z natijasini beradi.

— Totalizatorlarga ruxsat berilayotgani masalasi. Buning ijtimoiy tomonlari haqida qanday fikrdasiz?

— Biz FIFA, OFK ekspertlari bilan futboldagi har bir yo‘nalish bo‘yicha maslahatlashganmiz. Bizda eng orqada qolib ketayotgan yo‘nalishlardan biri – bu marketing. Ular bizning marketing tizimimizni o‘rganganlarida, juda salbiy fikrlar bildirishdi. «Jahonda futbol o‘zini o‘zi ta'minlash tizimiga o‘tib bo‘ldi, sizlar hali birinchi qadamni ham tashlamagansizlar», deb o‘zlarining maslahatlarini berishdi.

Biz xalqaro tajribani ham o‘rgandik. APLning deyarli 8 klubi asosiy homiyi – bukmekerlik kompaniyalari. Rossiya va Ispaniyada ham deyarli shunday. Bu futbolga juda katta mablag‘ keltiradi va bu pulni sizlar infratuzilmani rivojlantirishga sarflashinglar mumkin, deb maslahat berishdi FIFA va OFKdagi marketologlar.

Albatta, masalaning ijtimoiy tomoni ham bor. To‘g‘risini aytsak, bunday o‘yinlarni internetda o‘ynayotganlar juda ham ko‘p ekan. Buni ham tahlil qilganmiz. Bu – katta pullar oqimi va bu pullar O‘zbekistondan chiqib ketmoqda. Shuni legallashtirib qo‘yaylik – o‘ynagan o‘ynayveradi, o‘ynamaganni hech kim majburlamaydi.

O‘zbekistondan chiqib ketayotgan pullar oqimi O‘zbekistonda qolsin, sportni rivojlantirishga biroz bo‘lsa ham yordam bersin – asosiy maqsad shu.

— VAR tizimini ilk marta sinab ko‘rdik. Kelgusi mavsumdan Superliganing har turida kamida 3–4 o‘yinda bu texnologiya qo‘llaniladi, deb aytdingiz. Buni har bir o‘yinda qo‘llashni boshlashimizga hali qancha bor?

— VAR futbolda qo‘llanilayotganiga hali uncha ko‘p bo‘lmadi. 2016 yil FIFA ishchi guruh tuzganida ular orasida men ham bor edim. VAR 2016 yil oxirlaridan boshlangan bo‘lsa, bugungi kunga qadar ancha takomillashdi.

O‘zbekistonga ham bu zamonaviy texnologiyani olib kelmaganimizda, orqada qolib ketgan bo‘lar edik. 17–20 yoshlilar o‘rtasida Jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazish uchun muzokaralar olib boryapmiz va bu chempionatlar VARsiz o‘tmaydi.

VARni olib kelishdan maqsad – bu xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilish va Superligada shaffoflikni ta'minlash.

Biz 2ta VAR tizimini sotib olganmiz. Bu arzon texnika emas. Biz stadionlardagi shart-sharoitlarni hamda infratuzilmani o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng, shunday xulosaga keldikki, hozir markazlashgan VAR tizimini joriy qilishga tayyor emasmiz. Bizda 2ta mobil VAR tizimi – mikroavtobusi stadionlarga boradi. Albatta, buning xarajati biroz ko‘proq, lekin ishonchli. Biz barqaror bo‘lmagan internetga ishonolmaymiz, mehnatlarimiz zoye ketmasin, deymiz.

— Hakamlik va adolat haqida gapirdingiz. So‘nggi paytlarda hakamlarimiz bilan bo‘layotgan muammolar, jumladan Sherzod Qosimovning OChL o‘yinlari ostonasidan qaytarilib yuborilishi nima oqibatida yuzaga keldi?

— Bilasizmi, hakamlarning hozirgi kunda FIFA, OFK standartlarida olib borayotgan seminarlari oldin bo‘lgan emas. Biz ularning jahon futbol standartlariga mos ravishda hakamlik qilishlari uchun juda katta ishlar qilmoqdamiz. Ilgari bo‘lmagan (feedback) tizimi olib kelindi. Bu tizim dunyoda atigi 10-12ta davlatda mavjud.

Ammo etika masalasi – har bir insonning o‘z mas'uliyati.

— Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan, klublardan pul olayotgan hakamlar-chi? Nahotki siz ulardan bexabar bo‘lgansiz?

— Agar xabardor bo‘lganimda, birinchi vaziyatning o‘zida bu narsani to‘xtatgan bo‘lardim.

— Odamlarda sizni barcha hakamlarga ustoz degan umumiy tushuncha bor. Ularning xatolarida ozmi-ko‘pmi o‘zingizni ham mas'ul his qilsangiz kerak?

— Albatta, bu men uchun ham juda noqulay vaziyat. Bir yo‘nalishning imijini ko‘targuncha qancha mehnat ketadi, mana bunday yosh bolalarcha xatolar imijga putur yetkazadi.

Farg‘onada bo‘lgan voqea ham imijning pastga tushib ketgani bilan bog‘liq. Hakamga nisbatan ishonch yo‘q. Farg‘onadagi o‘yinda hakam xato qilmadi, lekin futbolchilarda hakamga nisbatan ishonchsizlik hosil bo‘ldi.

Hakamlik qilgan paytlarimda eslayman: men xato qilib qo‘yganimni o‘zim sezsam-da, hammada bizga nisbatan ishonch bo‘lardi. Ba'zan vaziyatni ko‘rmay qolasiz va tajribaga tayanib, o‘yindan avval ikkala jamoa futbolchilarini ham o‘rganganingizdan kelib chiqib, shunga asoslanib, intuitiv ravishda bir necha soniya ichida qaror chiqarasiz. Shu kabi vaziyatlarda o‘zimda shubha bo‘lsa ham, futbolchilarda ishonch bo‘lardi.

Farg‘onadagi o‘yinni Shavkat Nasibullayev a'lo darajada boshqardi. Lekin futbolchilarda hakamga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati paydo bo‘ldi. Bu – oxirgi paytlarda yig‘ilib kelgan hakamlarga nisbatan umumiy kayfiyatning ta'siri.

Futbolchilarda ishonchsizlik bo‘lsa, hakam yuzta vaziyatda to‘g‘ri qaror chiqarsin, baribir foydasi yo‘q.

Suhbat davomida Ravshan Ermatov yana bir qator savollarga javob berdi, turli masalalarda o‘z nuqtayi nazarini bildirdi. Suhbatning to‘liq variantini Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Jamshid Abdiyev.

Mavzuga oid