Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari ishdan ketdi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov vazifasidan ozod qilingan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, sobiq vazir o‘rinbosari Farg‘ona politexnika institutiga rektor bo‘lishi kutilmoqda. Shu vaqtgacha ushbu institutga Oybek Otaqulov rahbarlik qilib kelayotgandi.
O‘ktam Salomov 2020 yilning 30 iyunida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektorligidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi. U muqaddam Andijon mashinasozlik instituti rektori bo‘lib ham ishlagan. Uning vazir o‘rinbosari lavozimidagi faoliyati olti oyga ham cho‘zilmadi.
Ma'lumot uchun, 2019 yil mayida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining avvalgi birinchi o‘rinbosari Kongratboy Sharipov 2019 yilning noyabrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga rektor etib tayinlangandi. Shundan so‘ng ushbu lavozim yetti oy davomida bo‘sh qolgandi.