O‘zbekiston | 21:28 / 16.01.2021
12098
6 daqiqa o‘qiladi

Shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarorida nimalar ko‘zda tutilgan?

14 yanvar kuni «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori e'lon qilingandi.

Qaror ijrosi uchun mas'ul hisoblangan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha mazkur prezident qarori asosida amalga oshiriladigan ishlar xususida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Prezident qarorida shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Agar bu vazifalar amalga oshirilsa, mamlakatda shaxmat bilan bog‘liq vaziyat mutlaqo yangicha tus oladi.

FIDE'da yuqori o‘nlikka kirish vazifasi qo‘yilgan

Hozirda O‘zbekiston Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) reytingida 162 davlat ichida 32-o‘rinni egallab turibdi. Qarorga ko‘ra, bu reytingda 2025 yilda yuqori o‘nlikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Ayni damda mamlakatda xalqaro grossmeysterlar soni 22 nafarni tashkil etadi. 3 154 kishi shaxmat bilan professional darajada shug‘ullanadi va ulardan 580 nafari ayollar.

14 ta tuman va shaharda shaxmat qo‘shimcha sport turi sifatida rivojlantiriladi

2025 yilga qadar mamlakat aholisining 3 foizi shaxmat bilan muntazam shug‘ullanishiga erishish ko‘zda tutilmoqda. Shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga ko‘mak berish maqsadida Shaxmat klublari assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida shaxmat bo‘yicha ta'lim yo‘nalishi ochiladi. Shuningdek, Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Respublikadagi 150 ta maktab shaxmatga ixtisoslashtiriladi va o‘quvchilarni chuqurlashtirilgan holda shaxmatga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, 1 000 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida jismoniy tarbiya fani doirasida 18 soat shaxmat darslari joriy etiladi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida sinf toifasidan kelib chiqib (1-4 sinf, 5-9 sinf, 10-11 sinf) o‘quvchilar o‘rtasida tuman/shahar, viloyat va respublika darajasida turnirlar tashkil etilib, yaxshi natijalarni ko‘rsatgan qatnashchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki ta'minlanadi.

Maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha respublika birinchiligini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda bittadan – jami 14 ta tuman/shaharda shaxmat qo‘shimcha sport turi sifatida rivojlantiriladi.

Shaxmat yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar Xalqaro shaxmat akademiyasida amaliyot o‘taydi

Qaror ijrosida oliy ta'lim muassasalarida shaxmat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning Xalqaro shaxmat akademiyasida amaliyot o‘tashini tashkil etish rejalashtirilgan. Iqtidorli kadrlarni saralab olish jarayonini qulaylashtirish maqsadida shaxmat bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va murabbiylarning yagona elektron bazasi yaratiladi. Bundan tashqari, 2021 yil 1 maygacha uzchess.uz – shaxmat bo‘yicha musobaqalar va turnirlarni onlayn o‘tkazish platformasi ishga tushiriladi.

Rustam Qosimjonov xalqaro turniri tashkil etiladi

Shaxmatga qiziqishni oshirish maqsadida xalqaro darajadagi musobaqalarni tashkillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, shaxmat bo‘yicha XVII Jahon chempioni Rustam Qosimjonov xalqaro turnirini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Unda dunyoning yuqori reytingli shaxmatchilari ishtiroki ta'minlanadi.

Shu jumladan, Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri, o‘zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir ham o‘tkaziladi. Shuningdek, Samarqand va Xiva shaharlarida ham xalqaro darajadagi musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Har yili an'anaviy tarzda tuman/shahar rahbarlari, viloyat rahbarlarining kubogini o‘tkazish orqali shaxmatchilar zaxirasi shakllantiriladi.

Shaxmat bo‘yicha musobaqalar g‘oliblari pul mukofoti oladi

Har yili imkoniyati cheklangan shaxmatchilar orasida O‘zbekiston birinchiligi uchun alohida musobaqalar tashkil etiladi, bu sportchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratiladi.

Shaxmat bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va olimpiadalar g‘oliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro unvonlarga ega bo‘lgan murabbiy [yoki hakam] unvonini qo‘lga kiritgan shaxmatchilar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Iste'dodli shaxmatchilar Xalqaro shaxmat akademiyasiga tavsiya qilinadi

Mahalla bolalari o‘rtasida har yili yozgi ta'til kunlarida «Mahalla kubogi» respublika musobaqasi tashkil etiladi. Unda yaxshi natija ko‘rsatgan shaxmatchilarni kelajakda imkoniyatlarini rivojlantirish uchun Xalqaro shaxmat akademiyasiga tavsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Oilalarning jamoaviy tarzda ishtirok etishini ko‘zda tutuvchi «Shaxmatchi oila» turnirlari mahallalar doirasida tashkil etiladi. Bundan tashqari, shaxmatga bo‘lgan ishtiyoqni vizual muhit orqali kuchaytirish ham rejalashtirilgan. Buning uchun xiyobonlar va saylgohlar hududlarida katta shaxmat maydonchalarini barpo etish, shaxmat donalarini turli animatsion qahramonlar ko‘rinishida tasvirlash takliflari ilgari surilmoqda.

Mavzuga oid