Fan-texnika | 22:00 / 18.01.2021
18388
6 daqiqa o‘qiladi

Telegram'ni App Store'dan o‘chirtirishmoqchi. Nega?

AQShda faoliyat yurituvchi notijorat tashkilot – «Xavfsiz internet koalitsiyasi» Apple kompaniyasidan Telegram messenjerini App Store'dan o‘chirib tashlashni talab qilmoqda.

Foto: Carl Court / Getty Images

«Xavfsiz internet koalitsiyasi» bu masalada sudga murojaat qilgan.

Internet xavfsizligini ta'minlash iddaosidagi tashkilot Telegram'ni zo‘ravonlik va ekstremizm targ‘ib qilinadigan postlarga qarshi kurashmaslikda ayblagan.

Ularning e'tiroziga ko‘ra, 6 yanvardagi Kapitoliy bosqinida Telegram asosiy muloqot vositalaridan biri bo‘lgan. Sudga kiritilgan xatda aytishicha, bu – Apple'ning onlayn do‘koni bo‘lmish App Store'dan foydalanish qoidalariga zid.

Koalitsiya shu sabab Telegram'ni App Store'dan o‘chirib tashlashni talab qilmoqda. Xavfsiz internet targ‘ibotchilari Telegram'ni [Google Play'dan] o‘chirish da'vosi bilan Google'ga ham murojaat qilmoqchi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joiz, Android foydalanuvchilari ilovani Google Play'dan tashqari boshqa manbalardan ham yuklab olishlari mumkin. Ammo iOs foydalanuvchilari uchun har qanday ilovani yuklab olishning yagona yo‘li – App Store.

Oldinroq App Store ham, Play Market ham Parler ijtimoiy tarmog‘ining mobil ilovasini o‘chirib tashlagandi. Har ikki internet do‘kon ilova o‘chirilishiga unda tajovuzkorlik targ‘ib qilinganini iddao qilgandi. Shuningdek, Kapitoliy bosqinida qatnashganlar aynan Parler saytida muloqot qilgani aytilgandi.

Ko‘p o‘tmay WhatsApp bilan bog‘liq mojaro boshlandi. Facebook'ga tegishli bo‘lgan messenjer endilikda foydalanuvchilarning ma'lumotlarini Facebook'ga yetkazib borishini ma'lum qildi. Bu bayonot esa WhatsApp'ning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi – Telegram foydalanuvchilari soni ko‘payishiga olib keldi.

12 yanvar kuni Telegram asoschisi Pavel Durov oxirgi uch kunda foydalanuvchilari soni 25 millionga ko‘payganini ma'lum qildi. Shu tariqa Telegram'dan endilikda 500 milliondan ortiq kishi faol foydalanmoqda.

AQShda xavfsiz internet da'vosidagi bir guruh odamlarning o‘ziga xos koalitsiyasi Telegram'ni cheklash borasida talab bilan chiqishi tabiiyki bir xulosaga kelishga undaydi: buni Facebook tashkil qilyaptimi?

Chunki Amerika milliy brendiga aylanib bo‘lgan Facebook'ga tegishli WhatsApp odamlar orasida xavfsiz emasligi aytilib, obro‘sini birmuncha yo‘qotdi. Buni Telegram foydalanuvchilari sezilarli oshib borayotganidan ham bilsa bo‘ladi.

WhatsApp'ning bu siyosati bevosita Facebook'ning ham obro‘sizlanishiga olib keldi. Facebook sirtdan raqib deb qaraydigan rossiyalik Pavel Durovning shundoq ham baland obro‘si texnika shaydolari orasida misli ko‘rilmagan darajada oshib ketdi. Axir u navbatdagi marta hech kimga ishlamasligini isbotlay oldi.

WhatsApp'ning yangi siyosati sabab Telegram foydalanuvchilari keskin oshganini «uyalmay» aytayotgan Durov bu haqdagi bayonotida Facebook'ning manziliga ham ikki og‘iz «shirin so‘z» aytishga ulgurdi.

«Aytishlaricha, Facebook'dagilar Telegram nega bunchalik mashhur ekanini aniqlash maqsadida butun boshli guruh tuzgan. Men hozir aytadiganlarim bilan ularning o‘n millionlab pullarini tejab qolayotganimdan xursandman. Bizning sirimiz quyidagicha – shunchaki o‘z foydalanuvchilaringizni hurmat qiling».

Durov, shuningdek, Telegram haqidagi uchta afsonaga ham oydinlik kiritdi. Tarmoqda «Telegram yopiq kod bilan ishlaydi», «Telegram ruslarniki», «Telegram shifrlanmagan» degan gaplar yuradi. Durovning aytishicha, messenjer 2013 yildan buyon ochiq kod bilan ishlab keladi. Messenjer shifrlanmagan degan tanqidga javob berar ekan, Durov yopiq chatlar uchun sirpanchiq shifrlar ishlatilishini aytdi. «Telegram ruslarniki» degan da'voga esa Durov Rossiya 2018–20 yillar davomida Telegram'ni bloklashga uringanini aytdi.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, amerikalik texnologiya sohasi gigantlari Telegram'ning bu qadar tez ommalashayotganidan hayratga tushmayapti, balki bundan xavotirlanyapti. Butun boshli davlat rahbarlari o‘zlari haqidagi asosiy xabarlarni Telegram orqali berib borayotgan bir vaqtda (bu ro‘yxatga yaqinda Yaqin Sharqning yirik siyosatchisi Rajab Erdo‘g‘an ham qo‘shildi) ijtimoiy tarmoqlar davlat rahbarlarini bloklamoqda. Bu esa ularning obro‘siga salbiy ta'sir qilmoqda.

«Xavfsiz internet koalitsiyasi» vakillari Kapitoliy bosqini vaqtida asosiy muloqot vositasi bo‘lgani aytilgan Parler bloklangani, lekin xuddi shu ishni qilgan Telegram nega jazolanmayotganini so‘rashgan.

Ta'kidlash o‘rinliki, Parler'da hatto so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularda avval qaysi demokratni o‘ldirish haqida so‘ralgan. Shuningdek, Kapitoliyni yoqib yuborish ham ochiq muhokama qilingan.

Telegram'da esa zo‘ravonlik targ‘ib qilingan kanallarni bloklash funksiyasi avvaldan mavjud. Kapitoliy bosqini vaqtida ham messenjer jim turmagani aytiladi. Masalan, qisqa muddatda 500 ming o‘quvchiga ega Trampga tegishliligi aytilgan kanal Telegram tomonidan soxta ekani kanalning «peshonasiga yozib qo‘yildi».

Mavzuga oid