O‘zbekiston | 16:19 / 19.01.2021
37431
3 daqiqa o‘qiladi

«Tonirovka» ortidan davlat budjetiga qancha mablag‘ kelib tushgani ma'lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining 547-sonli qarori asosida avtomobillar orqa oynalari yoki old-orqa oynalarini to‘lov asosida tusini o‘zgartirish - qoraytirishga ruxsat berilishi ortidan davlat budjetiga bir necha yuz milliard so‘m mablag‘ kelib tushdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Ma'lum qilinishicha, IIV DYHXX organlari tomonidan avtotransport vositalaridan ularning oynasining tusini o‘zgartirib (qoraytirib) foydalanish uchun:

  • 2019 yil 5 avgustdan (646-sonli qaror kuchga kirgandan so‘ng) 2019 yil 31 dekabr kuniga qadar 31 367ta ruxsatnoma berilib, jami 113 mlrd 980 mln so‘m;
  • 2020 yil 1 yanvardan 31 dekabr kuniga qadar 50 758ta ruxsatnoma berilib, jami 188 mlrd 395 mln so‘m;
  • 2020 yil 1 yanvardan 9 oktabr kuniga qadar 28 326ta ruxsatnoma berilib, jami 135 mlrd 638 mln so‘m;
  • 2020 yil 10 oktyabrdan (635-sonli qaror kuchga kirgandan so‘ng) 31 dekabr kuniga qadar 22 432ta ruxsatnoma berilib, jami 52 mlrd 757 mln so‘m pul mablag‘lari;
  • jami, 2019 yil 5 avgustdan 2020 yil 31 dekabr kuniga qadar 82 125ta ruxsatnoma berilib, 302 mlrd 635 mln so‘m pul mablag‘lari hukumat qaroriga asosan to‘lov sifatida undirilgan.

Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining 635-sonli qarori bilan M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to‘lov stavkalari jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 115 ming so‘m) etib belgilangan.

Yuridik shaxslarga orqa yon oynani qoraytirish uchun to‘lov miqdori o‘zgarmagan – BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m).

Shuningdek, barcha yon oynalar tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma to‘lovi jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m)ga teng.

Ruxsatnomaning amal qilish muddati – 1 yil.

Eslatib o‘tamiz, orqa yon oynalarga ruxsatnoma olmasdan parda o‘rnatish mumkin. 2020 yil avgust oyida Ichki ishlar vazirligi shu masalada Oliy sudda yutqazgan edi.

Mavzuga oid