O‘zbekiston | 17:16 / 22.01.2021
12902
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura Yangi-Angren IESdagi portlash yuzasidan jinoyat ishi ochdi

Joriy yilning 20 yanvar kuni Toshkent viloyatida joylashgan Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini ko‘rish uchun to‘xtatilgan 5-energiya blokida portlash sodir bo‘lgan edi.

Yong‘in oqibatida 3 nafar ishchi voqea joyida vafot etdi, yana 3 nafari turli darajadagi kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qildi.

Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Tergov harakatlari olib borilmoqda,” – deyiladi prokuratura xabarida.

Shuningdek, kecha Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham voqea joyida vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib borayotgani va portlashning kelib chiqish sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganini ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, hodisa natijasida Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining infratuzilmasi va texnologik uskunalariga shikast yetmagan.

Shuningdek, Energetika vazirligi Yangi-Angren IESda yuz bergan portlash oqibatida vafot etganlar hamda jarohat olganlarning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid