Jamiyat | 15:46 / 23.01.2021
13312
2 daqiqa o‘qiladi

«Oloy» bozoridagi tilla do‘konini o‘margan shaxslar Denovdan ushlab kelindi

Foto: Tergov departamenti

2021 yilning 17 yanvar kuni soat 19:00dan 18 yanvar kuni soat 08:00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxslar Toshkent shahrining Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasi 40-uyda joylashgan zargarlik do‘koni kirish eshigi oynasini sindirib, do‘kon ichiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular do‘kon rahbari 27 yoshli S.Sh.ga tegishli qiymati jami 50 000 000 so‘mlik kumush va sariq metalldan ishlangan turli zargarlik buyumlarini olib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” bandlari (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tezkor surishtiruv ishlari davomida hamda hodisa joyida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining tahlili olib borilganda, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni surxondaryolik 21 yoshli N.Sh. va 25 yoshli A.N. sodir etganligi aniqlangan.

Jinoyat ishi doirasida 21 yoshli N.Sh. va 25 yoshli A.N.dan  kumush va sariq metalldan ishlangan turli  zargarlik buyumlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda fuqaro N.Sh. va A.N. gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid