Iqtisodiyot | 10:40 / 16.02.2021
8282
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart» agentligi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi

O‘zbekistonda 5200ta yangi standartlarni joriy etish, 1723ta milliy standartlarni va 12ta texnik reglamentni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov rahbarligida «O‘zstandart» agentligi faoliyatini har tomonlama takomillashtirish masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Vazirlik matbuot xizmati ma'lum qilishicha, respublikadagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasining holati tanqidiy ko‘rib chiqilgan.

Mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini belgilovchi milliy qonunchilik zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq emasligi ta'kidlangan.

Yig‘ilishda bir qator qonun hujjatlari, xususan, «Standartlashtirish to‘g‘risida», «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida», «Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida», shuningdek, «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqish belgilangan.

Bojxona jarayonida texnik reglamentlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini joriy etish hamda xavf tahlili va tanlanma asosida ekspertiza o‘tkazish orqali mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilishni amaliyotga jorish qilish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berilgan.

Joriy yilda 13,7 ming korxonada standartlarga rioya qilish va mahsulot sifatini ta'minlash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilishi, 5200ta yangi standartlarni joriy etish, 6 ming korxonada mahsulot sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi haqida ma'lumot berildi.

Bundan tashqari, 1723ta milliy standartlarni va 12ta texnik reglamentni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi 2 mingga yaqin mutaxassisning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlarga olib kirilayotgan tovarlarga qo‘llanadigan amaldagi talablar va texnik cheklovlar to‘g‘risida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarga axborot berish tizimi takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, «O‘zstandart» agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Javlon Kattaxo‘jayev va direktor o‘rinbosari Rustam Qiyamov ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid