O‘zbekistonlik tilshunos olim YuNESKO mukofotiga sazovor bo‘ldi
Har bir millatning faxrlanadigan eng oliy qadriyatlaridan biri - ona tili. U bilan inson olamni idrok qiladi va uning sir-sinoatlari tilsimini ochadi. Shunday ekan, tilsimlar kaliti hisoblanmish millatlarning «Ona tili» jahon xalqlari tomonidan har yili 21 fevral sanasida «Xalqaro ona tili kuni» sifatida nishonlanadi.
Mazkur sana YuNESKO tomonidan turli tillar va dunyo xalqlari madaniyatini muhofaza qilish maqsadida 2000 yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlab kelinadi.
1952 yil 21 fevral kuni Bangladesh poytaxti Dakka shahrida o‘z ona tili – bengal tilini davlat tili darajasiga ko‘tarish va uni himoya qilish maqsadida shahar ko‘chalariga chiqqan talabalar politsiya xodimlari tomonidan o‘qqa tutiladi. Keyinchalik mazkur voqea 21 fevralning Xalqaro ona tili kuni etib belgilanishiga sabab bo‘lgan.
YuNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti tomonidan mukofot joriy etilgan bo‘lib, u o‘z ona tilini himoya qilish va targ‘ib etish, amaliyot va tadqiqotlar bilan bog‘liq ulkan hissasi uchun tilshunoslarga berib kelinmoqda. Mukofot 21 fevralda Dakka shahridagi Xalqaro ona tili institutida beriladi.
2020 yil iyul oyida YuNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti 2021 yil uchun mukofot tanlovini e'lon qildi.
Ushbu mukofotning «Ona tilining xalqaro miqyosdagi tadqiqi» yo‘nalishiga ariza topshirgan tilshunos olimlar orasidan 2 nafari taqdirlandi. Ulardan biri O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi G‘ulom Ismoilovdir.
Tilshunos olim Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tilshunoslikda olib borayotgan izlanishlari, frazeologizmlarning til boyligidagi ahamiyati, shuningdek, bu sohada oldinda turgan muammolar xususida to‘xtalib o‘tdi.
«Ilm-fanning globallashuvi sharoitida ona tilini asrash, targ‘ib qilish zaruriyatga aylanmoqda»
Aytish lozimki, ona tili bu — millatning ma'naviy madaniyati va ruhi, dunyodagi har bir davlatning o‘z «timsoli», millat dunyoda borligini ko‘rsatuvchi ma'naviy bir xilqat.
Ona tilimizni asrash va bu boradagi tadqiqotlarni rivojlantirish esa millatning yuksalishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ilm-fanning globallashuv jarayonlari shiddat bilan dunyo xalqlari hayotiga o‘zgacha ta'sir ko‘rsatayotgan bir paytda, ona tilidan unumli foydalanish, uni asrash, targ‘ib qilish kundan kunga zaruriyatga aylanmoqda.
Shu maqsadda AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Ozarboyjon, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida aynan o‘zbek tili bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarim nashr etildi. Turli xorijiy davlatlarda tashkil etilgan xalqaro anjuman va forumlarda o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlari, o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlarini ochib beradigan ilmiy ma'ruzalarim bilan ishtirok etdim. 2019 yilda esa Rossiyada ingliz tilida «Transterminologization in The Uzbek Language» nomli ilmiy monografiyam chop etildi.
Yuqorida zikr etilgan xalqaro ilmiy jurnallar, xalqaro ilmiy anjuman hamda forumlarda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi e'tiborini oshirish maqsadida ona tilimizning turli qirralarini, o‘zbek xalqining milliy-madaniy xususiyatlarini namoyon etuvchi, asrlar osha ajdodlarimiz tomonidan shakllanib kelgan, millatning milliy-madaniy an'analarini o‘zida aks ettiruvchi «frazeologizm»larni lingvomadaniy va etnomadaniy jihatdan qiyosiy tadqiq qilib, xalqaro ilmiy nashrlarda hamda anjumanlardagi ishtirokim sabab ushbu mukofotga munosib ko‘rishdi, deb hisoblayman.
«Har bir frazeologik tushuncha millatning ko‘zgusidir»
Ilmiy izlanishlaringiz va bu yo‘nalishda tilshunoslikdagi muammolar nimalarda ko‘rinadi?
Hozirgi kunda tilshunoslikning frazeologiya sohasi bo‘yicha o‘zbek tilidagi iboralarni boshqa turkiy tillarga qiyoslagan holda «Turkiy tillar frazeologizmlarining lingvokulturologik tadqiqi» mavzusida lingvomadaniy asosdagi tadqiq hamda shunga asosan doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib boryapman.
Tilning frazeologik fondi xalqning madaniyati va dunyoqarashi haqidagi qimmatli ma'lumotlar manbai bo‘lib, unda xalqning miflari, qadriyatlari, urf-odatlari, taomillari, axloqiy fazilatlari aks etadi.
Frazeologizmlarga oid har qanday tushuncha ma'lum madaniy muhitda shakllanadi va ma'lum bir milliy til doirasida ma'no uchun mantiqiy asos vazifasini o‘taydi.
Har bir frazeologik tushuncha millatning ko‘zgusidir, ya'ni unda har bir millat til tashuvchilarining madaniyati va tarixi aks etadi. Shuning uchun ham frazema madaniy axborotlarni o‘zida mujassam etgan kichik bir matndir.
Tilshunoslikda ilmiy-tadqiqotlar paradigmalarining o‘zgarishi frazeologiyaga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Ayniqsa, asrlar osha shakllanib kelgan, millatning milliy-madaniy an'analarini o‘zida namoyon etuvchi iboralarni lingvomadaniy va etnomadaniy jihatdan qiyosiy tadqiq qilish zarurati tug‘ildi.
Birlamchi moddiy va yozma manbalar asosida o‘zbek tilining ko‘p ming yillik tarixiy rivojlanishini yoritib beruvchi ilmiy tadqiqotlar hamda respublikamizning har bir hududida yashovchi aholining shevalarini o‘rganish va ularning katta «Dialektologik (shevalar) atlasini yaratish» kabi bir talay muammolar bugungi kunda tilshunoslarimiz oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Mavzuga oid
12:29 / 05.12.2024
YuNESKO nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatini kengaytirdi
20:57 / 23.10.2024
Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi
19:16 / 04.10.2024
Toshkentdagi ikkita tarixiy mahallada art-rezidensiyalar ochildi
11:41 / 02.09.2024