Jahon | 13:31 / 09.03.2021
19870
14 daqiqa o‘qiladi

«Oydagi ayollar»: kraterlarga qaysi ayollarning nomi qo‘yilgan?

Yerning tabiiy yo‘ldoshi Oyda minglab kraterlar bor, ularning ba'zilari insonlarning ismi bilan ataladi.

Foto: Getty Images

Xususan, Oydagi 1577 kraterga taniqli olim, muhandis va tadqiqotchilar nomi berilgan. Ammo ularning atigi 26 nafarigina ayollardir. BBC nashri ushbu ayollar kim ekani va bu ro‘yxatda nega erkaklarga nisbatan ayollarning nomi kamligini o‘rganib chiqdi.

Kraterlarga kimlarning nomi beriladi?

Kraterlarning aksariyati buyuk ixtirolar yoki g‘oyalarga yo‘l ochgan olim yoki faylasuflar nomi bilan, shuningdek, ma'buda yoki mifologik mavjudotlar nomi bilan ataladi.

Faylasuf Platon, astronom Galileo Galiley va matematik Isaak Nyuton – kraterlarga ismi berilgan mashhur insonlardir. Shuningdek, istisno tariqasida, Oyning Yer tomoni deb ataluvchi mintaqasida joylashgan Lacus Somniorum yoki «Orzular ko‘li» atrofidagi kraterga mashhur pop yulduzi Jon Lennonning ismi berilgan.

Ammo nom berilgan 1577ta kraterning atigi 2 foizidan kamrog‘i olima ayollar nomi bilan atalgani sababli, ularning kimligini aniqlash o‘ziga xos «tadqiqot»ni talab qiladi.

Boz ustiga, ayollarning ismi berilgan kraterlarning deyarli barchasi Oyning Yerdan ko‘rinmaydigan qismida joylashgan.

Ismlarni kim tanlaydi?

Astronomik hodisalarga berilgan nomlarni tasdiqlash vakolati 1919 yildan beri Xalqaro astronomiya jamiyati (IAU)ga oid. Ammo Oydagi ba'zi ismlarning kelib aniqlash uchun Galileo Galiley teleskop bilan Oy yuzini tadqiq etgan 1610-yillarga nazar tashlash lozim.

«1651 yilda italiyalik astronom Jovanni Richcholi Oydagi kraterlarga nom bergan ilk olim bo‘ldi», deydi Avstraliya astronomik yorug‘lik ilmi maktabi o‘qituvchisi, pokistonlik astronom, doktor Toyyiba Zafar.

«Richcholi tomonidan 147ta kraterga atab qo‘yilgan inson ismlaridan faqat ikkitasigina ayollarga tegishli edi. Hipatiya ismli ayol real tarixiy shaxs, ammo iskandariyalik avliyo Ketrin real hayotda mavjud bo‘lmagan bo‘lishi mumkin», deya qo‘shimcha qiladi Amerika Astronomiya assotsiatsiyasi prezidenti Megan Donaxuye.

Keyingi asrlarda Oy yuzasida topilgan yangi shakllarga asosan erkak olimlar va tarixiy shaxslarning nomi berilgan. Chunki doktor Toyyiba Zafar ta'kidlaganidek, o‘sha yillarda ayollarning muntazam ta'lim olishi va mashg‘ulotlarga qatnashishiga to‘sqinlik qilingan.

Oy xaritasiga qaralsa, nom berilgan kraterlar soni 1608ta ekanini ko‘rish mumkin. Ammo ularning faqat 1577tasi real shaxslarning ismi bilan bog‘liq.

Xalqaro astronomiya jamiyati ma'lumotlariga ko‘ra, odatda, ayollar nomi bilan bog‘liq 38ta kichik krater mavjud bo‘lsa-da, ularning atigi 26tasi tarixda yashab o‘tgan ayol olimlar, muhandislar va tadqiqotchilarga tegishli.

Ayollarning ismi bilan atalgan kraterlar soni nega kam?

XX asrda Oyga juda katta qiziqish uyg‘ondi. Bu qiziqish 1950 yildan 1970 yilgacha davom etadi. Bu – ayni paytda AQSh va sobiq sovet ittifoqi o‘rtasida Oyga borish uchun qilingan raqobat davri hamdir.

«Oydagi qatlamlarni nomlashda biroz tartibsizlik yuzaga keladi. Shu bois 1973 yilda Xalqaro astronomiya jamiyati ushbu masala bo‘yicha shug‘ullanuvchi maxsus komissiya tuzadi», deydi Xalqaro astronomiya jamiyatining sayyoralar tizimlari atamalari bo‘limi rahbari astronom Rita Shuls.

Avvalo, faqat ilmiy nuqtayi nazardan nomlanishi kerak bo‘lgan qatlamlarni nomlashga qaror qilinadi.

«Avvallari berilgan ismlar saqlanib qolgan. Ammo endilikda Oydagi kraterlarga ismi berilishi uchun u olim yoki qutb kashfiyotchisi bo‘lishi va vafot etgan bo‘lishi kerak. Ayol ismlari juda kam ekanini izohlovchi yana bir omil mavjud. Dastlabki yillarda IAU Oydagi qatlamlarga erkaklarning, Veneradagi qatlamlarga esa ayollarning ismlarini berishga qaror qilgandi», deb qo‘shimcha qiladi doktor Shuls.

Garchi mazkur qaror endilikda amalda bo‘lmasa-da, tengsizlik hamon davom etmoqda. So‘nggi 30 yil ichida Oydagi faqat 7ta kratergagina ayollar nomi berilgan. 1919 yilda IAU tashkil etilganida, Oy yuzasidagi qatlamlarga ayollar ismini berish nisbati 2 foizdan kam edi. Bu ko‘rsatkich hali ham o‘zgargani yo‘q.

Nima uchun bu muhim?

Chililik astronom doktor Maritsa Soto Vaskes o‘zining birinchi sayyorasini 25 yoshida, to‘rtinchisi esa 31 yoshida kashf etadi.

«Ayollarning ilm-fan bilan ko‘proq shug‘ullanishlarini istasak, e'tibor eng muhim omillardan biridir. Yosh ayollar qaysi sohada ta'lim olishga qaror berayotganlarida o‘zlariga mos modellarni ko‘ra olishlari lozim. Ehtimol, hech kim ularga «Sen ayol kishisan, ilm bilan shug‘ullana olmaysan», deb aytmayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ular yoshlik paytidayoq insonga jiddiy ta'sir ko‘rsatuvchi mana shunday «o‘git»lar olishadi. Qolavarsa, ilmiy mashg‘ulotlarda yoki kitoblarda boshqa ayollarga kam duch kelishlari ham shunday omillardan biridir», deydi Maritsa Soto Vaskes.

«Ko‘rinish, e'tibor va tan olinish yanada kuchayib boruvchi ta'sir yaratadi. Ilm-fan dunyosi ayollarning yutuqlarini tan olishi, ularni jamiyat uchun namuna sifatida ko‘rsatishi, barchani qamrab oluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi ish muhitini yaratishi kerak», deydi doktor Toyyiba Zafar.

Yaqinda AQSh kosmik va aviatsiya boshqarmasi NASA 2024 yilda Oyga oid rejalar qayta tiklanishini va bu gal inson ilk marta Oyga qadam qo‘ygan 1972 yildan beri birinchi marta ayol astronavt fazoga jo‘natilishini e'lon qildi.

Oyda nomi abadiylashtirilgan ayollar kimlar? Quyida ularning ba'zilari bilan tanishtirib o‘tiladi.

Valentina Tereshkova (1937-)

Hozirda tirik va oydagi kraterga ismi berilgan yagona ayol rus kosmonavti Valanetina Tereshkovadir.

«Dunyoda erkaklar va ayollar bir xil xavflar bilan to‘qnash kelishadi. Nega kosmosda ham bu xavflarni qabul qilmasligimiz kerak?» deya savol qo‘yadi u.

Tereshkova 1963 yilda, 26 yoshida kosmosga chiqqan birinchi ayol sifatida tarixga kiradi va u hamon kosmosga yolg‘iz yuborilgan yagona ayol-kosmonavt bo‘lib qolmoqda.

«Kosmosga chiqqach, dunyoning naqadar kichik va mo‘rt ekanligini ko‘rishingiz mumkin», degandi u fazodan qaytganda.

«Vostok 6» nomli kosmik kapsula yordamida fazoga yo‘l olgan Tereshkova uch kun davomida kosmosda qoladi va Yer atrofida 48 marta aylanadi.

«Shuncha vaqtini kosmosda o‘tkazgan har bir kishi unga umrbod oshiq bo‘ladi», deydi Tereshkova. U yana boshqa ekspeditsiyalar bilan ham safarga chiqishni istaydi, ammo bu uning yagona kosmik safari bo‘lib qoladi.

Valanetina Tereshkova buning o‘rniga sovet ittifoqining ilmiy elchisi sifatida dunyo bo‘ylab sayohat qiladi va keyinchalik Rossiya davlat parlamenti (Duma)ga saylanib, siyosat yo‘liga qadam bosadi.

Uning nomi bilan atalgan krater Oyning orqa tomonda Mare Moscoviense tuzilmasining g‘arbiy qismida joylashgan.

Hipatiya (milodiy 415 yilda vafot etgan)

Hipatiya – Misr Sharqiy Rim imperiyasining bir viloyati bo‘lgan davr, milodiy 350 va 370 yillarda Iskandariyada tug‘ilgan deb taxmin qilinuvchi matematik, astronom va faylasufdir.

U, shuningdek, ko‘pchilik ayollar ta'lim olish imkoniga ega bo‘lmagan bir davrda o‘z hayotini ilm-fanga bag‘ishlagan ilk ayol sifatida ham e'tirof etiladi.

Uning otasi Teon astronom va Iskandariyadagi mashhur kutubxonaning direktori bo‘lib, u qizining shahardagi eng yaxshi o‘qituvchilardan dars olishini ta'minlaydi.

Hipatiyaga tegishli ilmiy ishlarining aksariyati yo‘qolgan, ammo o‘z davrining ko‘plab mualliflari undan tez-tez iqtibos olishi shundan dalolat beradiki, u juda muvaffaqiyatli olima bo‘lgan.

U «Astronomiya qonuni» nomli kitob yozadi, ko‘plab sayyoralar jadvallarini tayyorlaydi va o‘sha davrdagi astronomik asarlarga sharhlar bitadi.

Ammo Hipatiya Iskandariya yepiskopi bilan til topisha olmagach, uning hayoti fojia bilan yakunlanadi – g‘azabnok masihiylar uni o‘ldirishadi.

Oradan taxminan ikki ming yil o‘tib, Hipatiya ayol haq-huquqlarining afsonasi va feministik harakatlarning ilhom manbayiga aylanadi.

Aslida, XVII asr astronomi Richcholi 1651 yilda uning ismini bir kraterga beradi, ammo IAU Hipatiya nomini u kraterdan olib, Oyning Yerga qaragan tomonida joylashgan «Sukunat dengizi»ning janubi-g‘arbiy qismidagi kichik bir kraterga qo‘yadi.

Antoniya Kaetana de Payva Pereyra Mori (1866-1952)

Qisqacha aytganda, Antoniya Mori o‘z davrining eng yaxshi amerikalik astronomlaridan biridir.

Shuningdek, u Harvard universiteti rasadxonasida o‘sha paytda «Harvard kompyuterlari» nomi bilan tanilgan ayol astronomlar guruhiga kiradi.

Mori «spektral ikkiliklar» deb nomlanuvchi, bir-biriga juda yaqin bo‘lgani uchun Yerdan turib qaralganda ko‘z bilan ajratib bo‘lmaydigan juft yulduzlarni o‘rgangan ilk olimdir.

Shuningdek, u yulduzlardan chiquvchi elektromagnit to‘lqinlar hajmini o‘lchashga imkon beruvchi tizim yaratadi va ushbu tizim bugungi kunda ham IAU tomonidan qo‘llanmoqda.

U Nyu-Yorkda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ona tomondan buvisi (Antoniya Kaetana de Payva Pereyra Gardner Dreyper)ning nomini olgan. Uning buvisi Yevropadagi Napoleon urushlaridan qochish uchun Braziliyaga ko‘chib o‘tgan portugal millatiga mansub sudi shifokorining qizi edi.

Mori 86 yoshida vafot etadi va IAU uning ismini «Orzular ko‘li»ning shimoli-sharqidagi kraterga qo‘yadi.

Kalpana Chavla (1962 - 2003)

Kalpana Chavla – kosmosga chiqqan ilk hindistonlik ayoldir.

«Orzulardan muvaffaqiyat sari yo‘l bor. Siz unga eltuvchi missiyaga, bu yo‘lni bosib o‘tadigan jasorat va qat'iyatga ega bo‘lsangiz bas», deydi u.

Chavla Hindistonda tug‘iladi. Unga «Montu» deb ism qo‘yishadi. U yoshligidanoq uchish ishtiyoqiga tushib qoladi. Shuning uchun oilasi uni 3 yoshdan e'tiboran «tasavvur» degan ma'noni ifodalovchi Kalpana ismi bilan atay boshlaydi.

Chavla Panjob muhandislik fakultetining aerokosmik muhandisligi bo‘limiga o‘qishga kiradi va uni tugatgan birinchi ayolga aylanadi. 1982 yilda u aspiranturada tahsil olish uchun AQShga yo‘l oladi va u yerda kosmik muhandislik bo‘yicha ikki bor magistratura va doktoranturani tugatgach, NASA tarkibiga qo‘shiladi.

U kosmonavt va muhandis sifatida birinchi parvozini 1997 yilda Kolumbiya kosmik kemasi bilan amalga oshiradi. 

2003 yilda Kolumbiya kosmik kemasi atmosferaga qaytayotganda parchalanib ketishi natijasida yuz bergan halokatda ekipajning yetti a'zosi vafot etadi. Ularning orasida Chavla ham bor edi.

Uning nomi berilgan krater Oyning orqa tomonida – bir vaqtning o‘zida vafot etgan hamkasbi L. Klark nomidagi kraterning yonida joylashgan.

Enni Jin Izli (1933 - 2011)

Enni Jin Izli – 2021 yil 1 fevralda ismi Oydagi kraterga qo‘yilgan oxirgi ayoldir.

Izli NASA’da kompyuter muhandisi bo‘lib ishlagan ilk afroamerikaliklardan biridir. Aslida, u matematik bo‘lib, keyinchalik raketa qurishga ixtisoslashadi.

Izli AQShning janubida «Huquqlar va erkinliklar harakati» boshlanishidan oldin tug‘iladi. Bu yillar qora va oq tanlilar alohida maktab va universitetga borgan, alohida yashashga majbur bo‘lgan davr edi.

Onasi uni har doim ko‘proq maqsad qilishga undaydi. U qora tanli bolalar o‘qitiladigan maktablarda yaxshi ta'lim berilmasligini bilar, shu bois ham qizining o‘z ustida ko‘proq ishlashini xohlardi.

Izli 34 yil davomida NASA’da kompyuter kodlarini yozadi, raketa dvigatellari texnologiyasi ustida ishlaydi va kelajakdagi kosmik kemalar uchun texnologik asoslarni yaratishda yordam beradi.

Izli butun hayoti davomida ayollarni, talabalarni ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematikaga jalb qilish barobarida NASA doirasidagi ayirmachilikka qarshi kurashadi.

Jamoaviy kuchga ishonuvchi va hamkasblarini yuksak qadrlovchi Izli haqida NASA veb-saytida shunday fikrlarni ko‘rish mumkin: «Uni biladiganlarning ko‘pchiligi nafaqat ilmiy ishlari bilan, balki o‘z energiyasi va konstruktiv yondashuvi bilan NASA’ga ajoyib ta'sir o‘tkazganini e'tirof etishda yakdildir».

Izlining nomi bugun Oyning orqa tomonidagi kichik kraterda yashamoqda.

Mavzuga oid