Jamiyat | 17:00 / 10.03.2021
8014
2 daqiqa o‘qiladi

«Sirdaryo» IES: Modernizatsiya jarayonining uchinchi bosqichiga start berildi

«Sirdaryo» issiqlik elektr stansiyasi – Markaziy Osiyodagi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi eng yirik majmua.

Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi «Sirdaryo» issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq, Rossiyaning «Silovyye mashiny» OAJ kompaniyasi tomonidan joriy yilda «Sirdaryo» IESning to‘qqizinchi va o‘ninchi energobloklari modernizatsiya qilinadi.

Kuni kecha modernizatsiya jarayonining 3-bosqichiga start berildi.

Unda Rossiyaning «Silovyye mashiny» OAJ kompaniyasi hamda stansiyaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

Modernizatsiyani amalga oshirish hisobiga energobloklarning samaradorligi oshadi, har bir energoblokning quvvati 325 MVt ga yetkaziladi, 1 kVt/s uchun shartli yoqilg‘i sarfi 40 grammga qisqaradi.

Natijada yiliga 180 mln. kub metr tabiiy gaz tejashga erishiladi.

«2019–2020 yillarda uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi sonli energobloklarda modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, – deydi «Silovyye mashiny» OAJning generatorlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Aleksey Terentev. – Navbatdagi ikkita energoblokning modernizatsiya ishlari noyabr oyida to‘liq yakunlanadi va energobloklar to‘la quvvatga chiqariladi».

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ
Matbuot xizmati

Mavzuga oid