Jahon | 08:34 / 02.04.2021
10396
3 daqiqa o‘qiladi

Suvayshdagi hodisaning tergovi doirasida “Ever Given”ning qora qutisi olindi  

Foto: Reuters

Suvaysh kanalida “Ever Given” kemasi bilan yuz bergan hodisani tergov qilish bo‘yicha komissiya kemaning qora qutisini oldi. Bu kemaning sayozlikka o‘tirib qolishidan oldin va undan keyin ekipajning barcha suhbatini, kapitan buyruqlari va kema amal qilgan signallarni o‘rganish maqsadida qilindi.  

Ad-Dustour nashrining xabar berishicha, tergov komissiyasi rahbari Said Shayshi kema ekipajidan kanaldagi inqirozli holatning boshidan oxirigacha bo‘lgan barcha ma'lumotni so‘ragan. “Biz, shuningdek, kema bilan yuz bergan avvalgi avariyalar va uning texnik holati haqidagi ma'lumotni so‘radik. Hodisa uchun barcha javobgarlik Suvaysh kanali emas, balki kema ekipaji va uning kapitani zimmasida yotadi”, deb aytgan Shayshi.  

Uning ta'kidlashicha, “agar kema ekipaji tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh torsa, unda ushbu ish ma'muriy qoidabuzarlik sifatida tasniflanadi va kema butun yuki bilan birga sud hukmi chiqarilgungacha ushlab turiladi”. Agar ekipaj tergov bilan hamkorlik qilsa, unda “masala 3-4 kun ichida hal bo‘ladi”. 

“Ever Given” kemasi Suvayshda 23 mart kuni sayozlikka o‘tirib qolib, kanal orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygandi. Uni 29 mart kuni sayozlikdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan. Shundan keyin kanalda harakat tiklangan. 

Kema bilan bog‘liq hodisaning tafsilotlarini tergov qilish 31 mart kuni boshlandi. Jumladan, tergov kema sardori konteynerovoz sayozlikka o‘tirishdan oldin kanal boshqarmasi ko‘rsatmalariga amal qilgani yoki yo‘qligini aniqlashi kerak bo‘ladi. “Biz kemada qanday uskunalar bo‘lgani va u tegishli tarzda qo‘llanganini aniqlashimiz lozim”, deb qo‘shimcha qilgan Shayshi. 

Avvalroq Suvaysh kanali ma'muriyati kanalning to‘silishidan ko‘rilgan zararni 1 mlrd dollarga baholagandi. Kanal boshqarmasi rahbari Usoma Robi kema bilan yuz bergan hodisani tasodif deb atagan. Biroq u bunda kema kapitanining ham aybi borligini ta'kidlab o‘tgan. 

Mavzuga oid