Iqtisodiyot | 18:10 / 07.04.2021
7580
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya O‘zbekistonda vodorod energiyasini rivojlantirishni taklif qildi

«Innoprom» xalqaro ko‘rgazmasi SovTest (Rossiya) shamol generatori, quyosh panellari va vodorod zavodini o‘z ichiga olgan gibrid elektr stansiyasini yaratish loyihasini taqdim etdi.

«Innoprom» xalqaro ko‘rgazmasi dasturidan o‘rin olgan «Energetikada innovatsiyalar» sessiyasida O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislari iqlim o‘zgarishi ta'sirida energetika sanoatining o‘zgarishi, iste'molchilar talablarining ortishi va yuqori texnologiyalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, sessiyada SovTest (Rossiya) ishlanmalarining namunalari, xususan, shamol generatori, quyosh panellari va vodorod zavodini o‘z ichiga olgan gibrid elektr stansiyasini yaratish loyihasi taqdim etildi. Ushbu loyiha O‘zbekiston tomonidan ko‘rib chiqish uchun taklif qilingan.

«Xitoy 2030 yilgacha transportning katta qismini vodorodga o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Germaniyada o‘tgan yili vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilindi va 2050 yilga borib nemislar o‘z iqtisodiyotini karbonsizlashtirish ustida izlanish olib bormoqda. Ya'ni ular butunlay dizel yonilg‘isidan voz kechib, hamma joyda vodorod, shamol, quyosh energetikasidan foydalanadi. Janubiy Koreyada 2040 yilga borib vodorod bo‘yicha milliondan ortiq transport birligi bo‘ladi, AQShda 2020 yil vodorodda ishlaydigan zamonaviy yuk mashinalar ishlab chiqarish boshlanadi», — dedi Rossiya kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Denis Urmanov.

Ma'ruzachiga ko‘ra, Rossiyada ham ushbu mavzuga jiddiy e'tibor qaratilmoqda: «O‘tgan yili Rossiyada vodorod energetikasini 2024 yilgacha rivojlantirish to‘g‘risida hukumatning maxsus qarori qabul qilindi», — dedi u.

Ma'lumot uchun, vodorod energiyasi quyidagi o‘rinlarda ishlatilishi mumkin:

a) yoqilg‘i sifatida. Vodorod yonishi jarayonida faqat suv bug‘lari ajralib chiqadi. Yonish jarayonida olingan issiqlik energiyasi bevosita issiqlik energiyasi sifatida ishlatilishi ham, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyaga aylantirilishi ham mumkin.

b) yoqilg‘i elementlari sifatida. Bu elementda vodorod yoqish jarayonisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr energiyasi olinadi. Jarayon natijasida faqat toza suv hosil bo‘ladi. Bu elementlardan vodorod avtomobillarda ham foydalaniladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, vodorod sanoati kelajakdagi globallashgan iqtisodiyotning asosini tashkil etishi kutilmoqda. Bunda vodorod hozirgi ko‘mir, neft va tabiiy gazning o‘rnini egallaydi.

Xorijiy tajribaga ko‘ra, Italiyaning Enel kompaniyasi 2010 yilda quvvati 16 MVtga teng, 17 ming tonna SO2 moddasi atmosferaga chiqishining oldini oladigan birinchi vodorod elektr stansiyasini ishga tushirgan. 2018-2019 yillarda Avstraliya, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar, AQShning ayrim shtatlari o‘zining Vodorod strategiyalarini ishlab chiqqan va tasdiqlagan. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilga borib jahon energetikasidagi vodorod energiyasining ulushi 18 foizni, asr so‘ngida 40 foizdan ortiqni tashkil etadi.

Mavzuga oid