Sport | 21:10 / 09.04.2021
23893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Superligasida darvoza to‘riga tashqaridan kirgan to‘p hisobga olindi

O‘zbekiston Superligasining 5-turi doirasida «Mash'al» va «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasida kechgan bahsda mehmonlar jamoasi hujumchisining darvoza tomon bergan zarbasi to‘rga tashqi tomondan kirdi va hakam bu holatni gol deb hisobladi, uchrashuvda VAR tizimidan foydalanilmagani uchun gol bekor qilinmadi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-turida «Mash'al» va «Qo‘qon-1912» jamoalari uchrashuvida qanot hakami Ruslan Serazitdinov mehmonlarning «fantom-goli»ni inobatga oldi. O‘yin qo‘qonliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi - 0:2.

O‘yinning 52-daqiqasida «Qo‘qon-1912» hujumchisi Mo‘minjon Meliyev o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi. U «Mash'al» darvozasi tomon o‘tkir burchakdan zarba yo‘lladi, uning zarbasi aniq chiqmadi, lekin to‘p to‘rning tashqi tomonidan kirib darvoza ichida paydo bo‘ldi.

Tasvirlardan ma'lum bo‘lishicha, darvoza to‘ri hajmi me'yoridan katta bo‘lgani uchun to‘p undan osonlik bilan o‘tgan.

Qanot hakami Ruslan Serazitdinovga asoslanib o‘yin bosh hakami Vadim Agishev golni hisobladi. Bu o‘yinda videotakrorlardan foydalanish imkonini beruvchi tizimdan (VAR) foydalanilmagan.

Mavzuga oid