Jahon | 11:59 / 10.04.2021
5931
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy hukumati Alibaba’ni deyarli 3 mlrd dollarlik jarimaga tortdi

Foto: Supplied

XXR bozor regulyatori Alibaba kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani uchun 2,78 milliard dollar miqdorida jarimaga tortdi.

XXRning bozor regulyatori Alibaba kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlikda aybladi. Ma'lum qilinishicha, Alibaba xatti-harakatlari elektron tijorat bozoridagi raqobatga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.  

Xitoy Bozorni nazorat qilish davlat agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani uchun 18,22 milliard yuan (2,78 milliard dollar) miqdorida jarima to‘laydi. Jarima kompaniyaning 2019 yilda Xitoyda sotgan savdosining 4 foizini tashkil etadi.

«Alibaba savdolarida iste'molchilarni o‘z xizmatlaridan «ilojsiz» foydalanishga majbur qilish siyosati borligi tasdiqlandi. Bu Xitoyning elektron tijorat bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan», deb ta'kidlagan agentlik.

Bungacha, Xitoyda solingan rekord jarima 975 mln dollarni tashkil qilgan va uni 2015 yilda AQShning Qualcomm kompaniyasi Xitoyning monopoliyaga qarshi qonunlarini buzgani uchun to‘lagan.

XXR hukumati va Alibaba o‘rtasidagi keskinlik Jyek Maning o‘tgan yil oktyabrda xalqaro moliyaviy regulyatorlar qoidalari eskirganini aytib, Xitoy banklarini tanqid qilganidan so‘ng boshlandi.

Dekabrda Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzganlikda aybladi. 24 dekabrda esa Alibaba ustidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

Avvalroq, Xitoy antimonopol kompaniyalari Alibaba'ga rekord darajada - 975 million dollar jarima tayinlashi mumkinligi ma'lum qilingandi. Bunga 2020 yil oxirida Alibaba rahbari Jyek Maning Xitoy moliya idoralari faoliyatini tanqid qilganligi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Shuningdek,XXR raisi Si Tszinpin Xitoy Kommunistik partiyasi moliyaviy maslahat va muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘plab ma'lumotlar va iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan internet-kompaniyalari ustidan nazoratni kuchaytirish, monopoliyalarga qarshi kurash va kapital nazoratsiz ko‘payishining oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Mavzuga oid