«Sudlar hokimlarni ham kechirib o‘tirmayapti» - Namangan viloyati hokimi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kun.uz bilan suhbatda sektor usulida ishlash, sudlar mustaqilligi va boshqa mavzular haqida so‘z yuritdi.
Sektor bo‘lib ishlash haqida
Sektor bo‘lib ishlash haqida fikrim shuki, bu qulay usul. Chunki bunda bir hokim bajaradigan ishni to‘rt kishi bajaradi va bu bilan ishlarni tezlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Deylik, men o‘z sektorim sifatida shaharda ishlasam, ichki ishlar vakili Pop, Kosonsoy tumanlarida, prokurorimiz Namangan, To‘raqo‘rg‘on tumanlarida, soliqchimiz Uychi tumanida ishchi o‘rinlari yaratish va boshqa masalalarda ish olib boradi.
Sektorlarning asosiy vazifalari aholi muammolarini bartaraf qilish, yangi ishchi o‘rinlari yaratish. Bu bilan jinoyatchilikning oldi olinadi, axir bu profilaktika-ku. Ichki ishlar va prokurorga bevosita taalluqli ishlar bu. Ishchi o‘rni ko‘paysa, tadbirkorlik rivojlansa, soliq bazasi ham oshadi, budjetga tushumlar oshadi, demak, soliqchiga ham bevosita taalluqli. Sektor tizimi juda muhim.
U yerda yotib olishning keragi yo‘q. Kuniga ikki soat vaqt ajratsa va vaziyatni o‘rganib, menga axborot bersa, men ham xabardor bo‘laman, muammolar tezroq yechimini topadi. Ha, bank xodimlari uyma-uy yurishadi, lekin hozir yurish kerak. Keyin o‘tirish uchun hozir yurish kerak. Yurmasak, ko‘zlarimiz bilan ko‘rmasak, mana shu tashlandiq joylarning ahvolini bilarmidik? Keldik, ko‘rdik, kengashdik va obodonlashtiryapmiz.
Sudlar haqida
Sud yo‘nalishida islohotlar davom etyapti. Yaqinda alohida farmon bilan sudlarni yagona tizimga o‘tkazish masalasi ko‘tarildi. Bunda aholini qiynayotgan muammolar, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalasi turibdi. Sudlarning hisobdorligi ham oshyapti. Xalq deputatlari kengashlarida ham eshityapmiz. Oldin sudyalarni hech kim ko‘rolmasdi ham, gaplasholmasdi ham, odamlar yillab sudlar eshiklari tagida o‘tirishardi. Hozir ular ancha ochiq, sayyor sudlar ham o‘tkazilyapti. Albatta, bu butun dunyoda dolzarb mavzu. Amaldorlar ham ishi sudga yetib borsa, qochib qutulolmaydi, avval bunday holatlar uchramasdi. Ayniqsa ma'muriy sudlarda hokimlarni ham kechirib o‘tirishmayapti. Ularning qarorlarini bekor qilib yuborishyapti sudyalar. Tadbirkor haq bo‘lsa, sud u tomon.
Ongli amaldor sudning ishiga aralashmaydi, ayniqsa ishda o‘zi ishtirokchi bo‘lsa. Sud O‘zbekiston Respublikasi nomidan gapiradigan instansiya. Muammolar bor, buning sabablaridan biri ish hajmining ko‘pligidan ham. Asta-sekin to‘siqlar yo‘qotilmoqda, murojaatlar ham 4-5 yil avvalgiga qaraganda 10-20 barobar ko‘paygan.
Budjet mablag‘lari nazorati haqida
Budjet mablag‘larini nazorat qilish masalasi juda dolzarb. Hokimning bir o‘zi buni nazorat qilishi qiyin. Buni yuz foiz nazorat qilaman, desam, noto‘g‘ri gapirgan bo‘laman. Shu o‘rinda jamoaviy ishlash yuzaga chiqadi. O‘rinbosarlarni tanlash, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish shu o‘rinda ko‘rinadi, qo‘l keladi. Qolaversa, internetdagi izohlarni ham o‘qib, kerakli ma'lumotlarni olib turamiz.
Futbol haqida
— Futbolga oilaviy qiziqamiz. O‘zim ham har yakshanba to‘p tepib turaman. «Navbahor» bosh murabbiyi No‘'mon Hasanovning ishdan bo‘shatilishi ko‘pchilik nazdida shoshilinch qaror, deyilyapti. Ammo, aytishim kerakki, bu 1-turdan keyingi qaror emas. Bu yig‘ilib kelgan muammo – jamoada ichki muhit borasida muammolar borligi ko‘zga tashlanib qolgandi. Bu keyingi o‘yinlarga ta'sir qilishi mumkin edi va biz tezkor qaror qabul qildik. Viktor Jalilov tajribali murabbiy. U yoshlar bilan ishlashda, strategik fikrlashda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan. Biz o‘zaro suhbatda ko‘p masalalarni gaplashdik. O‘ylaymanki, biz to‘g‘ri qarorga kelganmiz. «Navbahor» o‘yinlari turdan turga ochilyapti.
Bizning kuchli tomonimiz – muxlislarimiz. Istalgan safar o‘yinida uydagidek muhit yaratib bera olishadi. Aziz Turg‘unboyev kabi yetakchi futbolchining sotilishiga boshqa tomondan ham qarab ko‘raylik. Biz uni 2,5 mlrd so‘mga transfer qildik. Bu «Navbahor» tarixidagi eng yirik transfer. Uning sotilishi orqali boshqa yosh iqtidorlarga yo‘l ochiladi. Abbos G‘ulomov, Shohrux Mahmudhojiyev kabi yoshlarda asosiy tarkibdan o‘rin olish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Jamoa yoshlarga tayanib, ularni rivojlantirib, yana sotishi mumkin. Uning hisobiga futbolni biznesga aylantiramiz, biz ham futbolni yangi darajaga olib chiqish, davlat qaramog‘ida o‘tirmaydigan jamoa qilish niyatidamiz.
Dotatsiyadagi futbol tokaygacha? Futbolni xususiylashtirishga chamasi ikki yil vaqt kerak. Turli tashkilotlardan mablag‘ olmayapmiz bu yildan boshlab. Futbolga qiziqadigan tadbirkorlar jamoaga yordam berishadi. Klub ta'sischisi - hokimlik. Budjetdan ham ozgina qo‘llab-quvvatlamasak bo‘lmaydi. Keyingi yillardan o‘zini o‘zi tortib ketsa kerak. 2,5 mlrd so‘mlik transferdan yana 3-4ta amalga oshirsak, mana shu maqsadga yetamiz.
Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgan murabbiymi, futbolchimi yo boshqa xodimmi, ogohlantirish kerak. Yana bu ishni qaytarsa, albatta, ularni futboldan chetlashtirish, ulardan voz kechish kerak. VAR tizimi futbolga yordam beradi. Bu tizim kelishilgan o‘yinlarga, hakamlarning biror jamoaga yon bosishiga barham beryapti. Bundan buyon futbol odamlari hushyor bo‘lishadi.
To‘liq video:
Mavzuga oid
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024