Toshkent viloyati hududidan qoraxoniylar davriga oid tangalar topildi
O‘zFA Tarix instituti Kun.uz’ga Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Shohruxiya arxeologik yodgorlik hududidan topilgan mis tangalar haqida ma'lumot taqdim etdi. Unda tangalarda bitilgan yozuvlar, hukmdorning ismi, shuningdek, tangalar topilgan arxeologik hudud tarixi xususida so‘z boradi.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani «Shohruxiya» MFY Hosildor mahallasi janubidan oqib o‘tgan Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Shohruxiya arxeologik yodgorligining daryoga tutash jarligidan shu yerlik fuqaro Shodiyor Ergashov ko‘kimtir tusga kirib qolgan 427 dona mis tanga jamlanmasiga duch kelgan. Tangalarni olayotgan paytda ular solib qo‘yilgan mato qopcha titilib, kukunga aylanib ketgan.
Topilmaning noyobligini tushunib yetgan Shodiyor Ergashov bu haqda O‘zFA Tarix institutiga murojaat qildi. Ilmiy guruh 2021 yilning 18 aprel kuni Shohruxiyaga borib, topilmalarni ilmiy jihatdan o‘rganish uchun institutga olib keldi.
Ko‘rinishidan zang bosib, ko‘kimtir tusga kirib qolgan mis tangalarning bir nechtasi tozalandi. O‘rganishlar natijasida ularning og‘irligi 4 grammdan, diametri 31-33 mm.dan iborat ekanligi aniqlandi. Tangalarning har ikkala tomoniga bo‘rtma shaklida arab yozuvida matnlar bitilib, bezaklar tushirilgan.
Tanganing old tomoni: qavariq ko‘rinishdagi ikki qatorli, sakkiz qirrali geometrik shaklli hoshiya ichiga arab harflarida لا اله الا / الله محمد / رسول – “Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Allohning rasuli” so‘zlari tushirilgan. Hoshiyadan tashqarida, tanganing chetiga ham aylanasi bo‘ylab arab harflarida so‘zlar yozilgan bo‘lib, ular o‘chib ketgani sababli nima yozilganini aniqlash imkoni bo‘lmadi.
Tanganing orqa tomoni: qavariq ko‘rinishida ikki qator halqa ichiga nuqtachalar tushirilgan bo‘lib, hoshiya ichidagi to‘rt tomonidan tashqariga bargsimon bezatilgan kvadratcha ichiga esa arab harflarida / ارسلاب / خاقان... – “...Arslon xoqon” so‘zlari bitilgan edi. Tanganing bu tomonidagi hoshiya tashqarisidagi arabiy harflar chekilgan yozuvlar ham o‘chib ketgani aniqlandi.
Mazkur tanganing zarb etilish davri Qoraxoniylar hukmdori Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (?-1130/1131) nomi bilan bog‘liq. U 1102-1130 yillarda Movarounnahrni boshqargan. Tanganing zarb etilishi davri unda zikr etilgan Arslon xoqon nomi orqali o‘z tasdig‘ini topadi. Tanganing tahlili o‘sha davrda bu hukmdor Arslon xoqon deb nomlanganligini ko‘rsatadi. Bu ma'lumot ham tariximizni oydinlashtirish uchun muhim ashyoviy dalil sanaladi.
Ma'lumot uchun, topilmalar aniqlangan Shohruxiya yodgorligi milodiy I asrlardayoq mustahkam boshqaruv tizimi, ya'ni qarorgoh – ark va aholi yashaydigan qism – shahristondan iborat shahar bo‘lgan.
IX-XII asrlarda shahar rivojlanib, Banokat nomi bilan mashhur bo‘lgan va shu nom bilan tangalar ham zarb qilingan. Mo‘g‘ullar tomonidan vayron etilgan, keyin esa Amir Temur hukmronligi davrida qayta tiklanib, Shohruxiya nomini olgan.
Shahar XVIII asrlarga kelib esa yana xarobaga aylangan. Ushbu shahar o‘z vaqtida janubdan Toshkent vohasiga kirib keladigan karvon yo‘li va Turonning shimoliy o‘lkalarini nazorat qiladigan qo‘rg‘on-shahar vazifasini bajargan. Ehtimol, shahar ahli orasidagi savdogar yoki amaldor ushbu tangalarning egasi bo‘lishi mumkin.
Dilmurod NORMURODOV,
O‘zFA Tarix instituti bo‘lim boshlig‘i
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024
Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:41 / 14.12.2024