O‘zbekiston | 16:08 / 21.04.2021
14174
4 daqiqa o‘qiladi

«Qaror oldinroq qabul qilingani ko‘rinib turibdi» – Yuliy Yusupov «Sovplastital» ishi bo‘yicha suddan keyin tizimni tanqid qildi

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi rahbari Yuliy Yusupov O‘zbekistondagi sudlar faoliyatiga baho berar ekan, bunday «sud» bilan mamlakat kelajagi yo‘q, degan fikrni ilgari surmoqda. Uning ta'kidlashicha, barcha «sudyalar»ni iste'foga chiqarib, yangi advokatlardan tanlash zarur yoki ular o‘rniga xorijdan mutaxassislar jalb qilish kerak. Yoxud mamlakatdan «surish» kerak.

 Yuliy Yusupov markazning Telegram kanalida «Sovplastital» bilan bog‘liq sud eshituvlaridan so‘nggi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

 «Hozirgina O‘zR Oliy sudining iqtisodiy masalalar bo‘yicha hay'atining «Sovplastital» ishi bo‘yicha kassatsiya shikoyatni ko‘rib chiqishga doir yig‘ilishidan chiqdim. Ko‘rganlarimdan juda ham ta'sirlangan holdaman.

 «Sovplastital» ishi bo‘yicha juda ko‘p yozganim bois, bu haqda to‘xtalmayman. Bu ish xususiy mulk buzilishi hamda amaldagi qonunchilikka mutlaq tupurib qo‘yishga yaqqol misol ekanini eslatib o‘tmoqchiman. Mutlaq tartibsizlik.

Endi sud jarayoni haqida.

«Sovplastital» aksiyadorlaridan mulkini tortib olishga doir noqonuniy qaror 2017 yilda chiqarilgan edi. 2020 yil yanvarida tuman sudi aksiyadorlardan biriga zararni qoplab berish bo‘yicha qaror qabul qildi. 2020 yil mayida apellyatsiya sudi bu qarorni bekor qildi. Sud majlisida javobgar foydasiga birorta ham dalil taqdim etilmadi, qolaversa, sud majlisi protokoli qalbakilashtirilgan edi, mahkamadagi suddagi prokuror 2017 yildagi birinchi suddagi sudya edi.

Aksiyador salkam bir yil mobaynida apellyatsiya sudining qarorini Oliy sudda ko‘rib chiqishga erishishga urinib keldi va raddiyalar oldi. Nihoyat, Oliy sud hay'atining kengashi tayinlandi.

Aksiyador vakili ish mazmunini tushuntirib berdi, apellyatsiya sudidagi tartibsizliklar haqida so‘zladi, sudga o‘z fikrlarini isbotlovchi hujjatlar to‘plamini taqdim etdi. Javobgar (Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) aksiyador vakilining chiqishidagi fikrlarni umuman rad etmadi. Bundan tashqari, u aksiyador huquqi buzilgani va unga tovon puli to‘lanishi kerak, degan fikrga qo‘shildi. Albatta, tovon summasiga emas. Bularning barchasiga 20-30 daqiqa vaqt ketdi. Sud 5-10 daqiqacha davom etgan maslahatlashuvga kirib ketdi va sudya chop etilgan qarorni o‘qib berdi. Qanday mazmunda ekanini bir taxmin qilib ko‘ring-chi?! Albatta, apellyatsiya sudi qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Bizning o‘zbek «sud»imiz – sirk, uning ishtirokchilari buni yashirishni ham istashmayapti hatto. 5-10 daqiqa ichida taqdim etilgan hujjatlarni nafaqat o‘rganish va ishni muhokama qilish, balki qarorni kompyuterda yozishga ham ulgurish mumkin emas. Xo‘sh, shunga nima qilibdi? Axir, qaror oldinroq qabul qilingani va chop etilganini barcha yaxshi biladi-ku, «sudyalar» esa, bu sirkdagi masxarabozlar xolos. Ular maslahatlashuv xonasida ko‘proq qolib, jillaqursa, choy ichishmadi ham. Aslida ham kerakmi?

Bunday «sud» bilan mamlakatimiz kelajagi yo‘q. Yo biz barcha «sudyalar»ni iste'foga chiqarib, yangilarini advokatlardan tanlaymiz yoki yaxshisi xorijdan taklif etamiz. Yoxud, umuman mamlakatdan ketish kerak. Bevosita guvohliklar asosidagi xulosalarim shunday», - deb yozgan Yuliy Yusupov.

Mavzuga oid