O‘zbekiston | 22:10 / 22.04.2021
7573
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: 85 foiz talaba xususiy yotoqxonalar qurilishini xohlaydi

U-Report platformasi Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda 9,2 ming talaba o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovda qatnashganlardan 4,5 ming nafari ijarada yashashini bildirgan. Ularning 43 foizi ijara uchun oyiga 200 ming so‘mdan ko‘p, 26 foizi esa 500 ming so‘mdan ko‘p to‘laydi.

Foto: U-Report

Respondentlarning 85 foizi xususiy yotoqxonalar tashkil qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi, shulardan 33 foiziga u yerda yaratiladigan sharoitlar qanday bo‘lishi tanlov qilishlari uchun muhim.

Respondentlarning 92 foizi xususiy yotoqxona narxi talababop bo‘lsa, ularda yashashini bildirgan. Ishtirokchi talabalar yotoqxonada, albatta, kutubxona, sportzal va kompyuter xonalari bo‘lishi kerak, deb o‘ylaydi.

Respondentlarning 53 foizi yotoqxonalarning har bir qavatida umumiy hammom, hojatxona va oshxonalar bo‘lishini yetarli deb hisoblaydi.

Agar xonaning narxi undagi ijarachilar soniga bog‘liq bo‘lsa, unda:

  • 42 foiz respondent ikki kishilik;
  • 31 foiz respondent uch kishilik;
  • 15 foiz respondent esa to‘rt kishilik xonada yashashga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev yil boshida hukumatga talabalar uylarini qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘ini bergandi.

Shuningdek, prezident farmoni bilan 1 maydan boshlab ijara huquqi asosida yashayotgan 60 foiz talabaning 50 foiz ijara puli davlat tomonidan qoplab beriladi. Birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, o‘rnak ko‘rsatgan va faol yoshlar ro‘yxatga kiritiladi.

Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (245 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravaridan (122,5 ming so‘m) oshmasligi lozim.

Mavzuga oid