O‘zbekiston | 07:49 / 13.05.2021
7652
3 daqiqa o‘qiladi

Kim ichki auditor sertifikatini olishi mumkinligi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 maydagi qarori bilan Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga asosan sertifikat auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan 5 yil muddatga beriladi. Keyinchalik muddat 10 yillik muddatga va muddatsiz davrga uzaytirilishi mumkin. Sertifikat ichki auditorning professional malakasini tasdiqlaydi va sertifikat egasiga tadbirkorlik sub'yektlarining ichki audit xizmatida faoliyat ko‘rsatish huquqini beradi.

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari (O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston auditorlar palatasi)ning vakolatlari belgilandi:

  • malaka imtihonini o‘tkazishni tashkil qiladi, shuningdek, o‘zlarining veb-saytlariga malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risidagi axborotni joylashtiradi;
  • test savollariga kiritilgan fanlar bo‘yicha mavzularni veb-saytiga joylashtiradi;
  • malaka oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlaydi;
  • talabgorlarni malaka imtihoniga qo‘yish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Sertifikat olishga talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • oliy iqtisodiy ma'lumotga hamda oliy ta'lim muassasasini bitirganidan keyin oxirgi o‘n yildan kamida ikki yil buxgalteriya hisobi va audit, soliq maslahati va moliya sohasida yoki oliy ta'lim muassasalarida “Buxgalteriya hisobi” yoxud “Audit” fanidan ta'lim berish sohasida amaliy ish stajiga (shu jumladan, o‘rindoshlik asosida) ega bo‘lish;
  • xalqaro sertifikat doirasida “Moliyaviy hisob” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lish.

Malaka imtihonini o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari va buxgalteriya hisobi, audit, soliq va xo‘jalik huquqi sohalarining yetakchi mutaxassislari kiritiladi.

Komissiya auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan kamida beshta a'zodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.

Sertifikat egasi sertifikatini olgan yildan keyingi yilidan boshlab har yili auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish namunaviy dasturi bo‘yicha 20 soatdan kam bo‘lmagan hajmda malaka oshirish kurslarini o‘tishi shart. Ichki auditorlar malakasini oshirish buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarda akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ichki auditor yil yakunlari bo‘yicha uning malaka oshirish kurslaridan o‘tganligini tasdiqlovchi ma'lumotni har yili 10 yanvarga qadar sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga taqdim etishi kerak.

Xalqaro sertifikat egasi bo‘lgan ichki auditor o‘z tanloviga ko‘ra namunaviy dastur bo‘yicha yoki xalqaro sertifikat dasturi doirasida malaka oshirish kurslaridan birini o‘tishi mumkin.

Mazkur nizom qoidalari tijorat banklariga va budjet tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid