Jamiyat | 18:48 / 21.05.2021
6352
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryodagi ommaviy mushtlashuvga nima sabab bo‘lgani ma'lum bo‘ldi

Amudaryodagi Mang‘it dehqon bozori qarshisida ommaviy mushtlashuv bo‘lgani haqida biroz oldin xabar bergan edik. Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati yuqoridagi holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 18 may kuni soat 18:00lar atrofida Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limiga Mang‘it shahridagi Mang‘it dehqon bozori oldida – Madaniyat ko‘chasi bo‘yidagi yo‘lda janjal bo‘layotganligi to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bozorda savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Yu.A. bilan mijoz A.Q.lar o‘rtasida oldi-sotdi masalasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Keyinchalik ushbu janjalga mijoz A.Q.ning o‘g‘illari T.S. va T.N. aralashib, o‘rtadagi kelishmovchilik kattalashib, janjal ishtirokchilari yo‘l bo‘yiga chiqib ketgani aniqlangan.

Amudaryo tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi inspektorlari tomonidan janjal vaqtida to‘xtatilib, janjalda ishtirok qilgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan.

Hodisa natijasida hech kim tan jarohati olmagan va jabrlanmagan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Qonliko‘lda mast erkak tanishini urib o‘ldirgandi. Avvalroq esa Xo‘jaylida 5 kishi bir-biri bilan mushtlashgani aks etgan video tarqalgandi.

Mavzuga oid