Jahon | 08:08 / 21.05.2021
57015
13 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS sulh tuzishga kelishib oldi

Isroil hukumati payshanba kungi yig‘ilishda G‘azo sektoridagi HAMAS guruhi bilan sulh tuzish bo‘yicha qaror qabul qildi. 11 kunlik nizoda 200dan ortiq kishi halok bo‘ldi, ularning aksari falastinliklar.

Foto: AFP

The Jerusalem Post ma'lumotiga ko‘ra, Isroil xavfsizlik masalalari bo‘yicha komissiya vakillari G‘azo sektori bo‘ylab zarbalarni to‘xtatish uchun bir ovozdan qaror qabul qilgan.

«Isroil xavfsizlik kabineti xavfsizlik xizmatining barcha vakillarining tavsiyasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi […] Misrning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tashabbusi qabul qilindi», - deyilgan hukumat bayonotida. Isroil kabineti so‘nggi kunlarda olib borilgan kampaniya davomida Isroil «ulkan va bemisl yutuqlar»ga erishgani qayd etilgan.

Jurnalistlar ma'lumotiga ko‘ra, juma kuniga o‘tar kechasi soat 2:00da (Toshkent vaqti bilan soat 4:00) o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi. HAMAS vakili ham Reuters muxbiriga, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 21 may kuni soat 2:00da boshlanishini ma'lum qilgan. Ammo Isroil bayonotida sulh «keyinroq» boshlanishi aytilgan.

O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga Misr vositachiligida erishildi. The Jerusalem Post nashrining Misr xavfsizlik xizmatlaridagi manbasi xabar qilishicha, sulhning barcha detallari hali tayyor qilinmagan.

O‘t ochish to‘xtatilishi haqida e'lon qilinishi ortidan Isroil janubida trevoga sirenalari yangradi, bu G‘azo sektoridan yana raketalar uchirilganini anglatardi. Falastindagi nashrlar ham sektorga berilgan yangi aviazarbalar haqida xabar qildi.

Isroildagi vaziyat 11 kun muqaddam keskinlasha boshlagandi. Falastin tomoni ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtgacha sektorda tinch aholi vakillaridan kamida 232 kishi halok bo‘lgan, shundan 100 nafarga yaqini ayollar va bolalar. Isroilning tasdiqlashicha, halok bo‘lganlarning kamida 150 nafari HAMAS va «Islom jihodi» guruhi vakillari edi.

Isroilda raketa zarbalari tufayli qurbon bo‘lganlar soni 12 nafarni tashkil etgan, shundan ikki nafari bolalar. Odamlar soatlab panagohlarda o‘tirishga majbur bo‘lishdi, ularning ayrimlarining qaytishga joyi yo‘q edi - raketalar uylarni vayron qildi. Bunday holatlar Petax-Tikva, Ashdod va Ashkelon shaharlarida kuzatildi.

Xavfli soatlar

BBC’ning G‘azodagi korrespondenti Rushdi Abualufning xabar berishicha, sulh tuzilishi e'lon qilinishidan oldin tomonlar harbiy harakatlarni kuchaytirayotgandi.

G‘azo, 20 may tongi. Bu safargi harbiy amaliyot G‘azo sektori infratuzilmasiga so‘nggi yillardagi eng jiddiy zarar yetkazgan amaliyot bo‘ldi.

«Sulh e'lon qilinishidan oldingi so‘nggi bir necha soat hamisha eng xavfli pallalar bo‘ladi: isroilliklar intensiv tarzda aviazarbalar yo‘llab, falastinliklarni raketalar bilan o‘qqa tuta boshlaydi. Ikki tomon ham so‘nggi o‘qni o‘zi otganini namoyish etishni istaydi», degan u.

Avvalroq Isroil HAMASning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini e'tiborsiz qoldirgan, ammo mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu «Devor muhofazasi» nomli harbiy amaliyot isroilliklarning to‘liq xavfsizligi ta'minlangunga qadar davom etishini aytib o‘tgandi.

O‘tgan tunda va payshanba kuni tongida ham G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketalar uchirilishi davom etgandi. Isroil aviatsiyasi esa HAMASning sektor shimolidagi infratuzilmalari bo‘ylab 100dan ortiq zarba bergandi.

Payshanba kuni Isroil armiyasi G‘azoni o‘qqa tutishda davom etdi

Axborot agentligi G‘azodagi Deyr-al-Balax va Xan-Yunis shaharlariga aviahujumlar oqibatida ro‘y bergan portlashlar haqida xabar bergan. Xabar qilishlaricha, Xan-Yunisda kamida beshta turar joy binosi vayron bo‘lgan. Shuningdek, G‘azodagi tijoriy hudud ham hujumga uchragan.

Isroilliklar qo‘mondonligining tasdiqlashicha, Xan-Yunisda HAMAS qo‘mondonlarining kamida uchta uyiga, Rafahda esa bitta shunday uyga hujum qilingan. Isroilliklarning so‘zlariga ko‘ra, ularning nishoni HAMAS harbiy infratuzilmasi, xususan, G‘azo shahridagi qurol omborxonasi bo‘lgan.

Isroilliklar qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, tonggi soatlarda guruhning ofislari joylashgan ikki bino vayron etilgan, shuningdek, bir qancha havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketa uchiruvchi qurilmalar yo‘q qilingan.

«Assoshieyted press» agentligi payshanba kuni bir falastinlik halok bo‘lib, yana ikki kishi yaralangani haqida xabar bergan.

Isroilga Germaniya, Chexiya va Slovakiya tashqi ishlar vazirlari kelishdi, ularga falastinliklarning raketalari Tel-Avivdan 10 km masofadagi Petax-Tikve shahridagi uylarga qanday zarar yetkazgani namoyish etildi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Xeyko Maas va uning isroillik hamkasbi Gabi Ashkenazi Petax-Tikvedagi vayron bo‘lgan uyda

AQSh prezidenti Jo Bayden isroilliklar bosh vazirini G‘azodagi harbiy amaliyotni to‘xtatishga chaqirgan, ammo Netanyahu amaliyot ko‘zlangan maqsadga erishishi kerak degan fikrni bildirgan - u HAMASning harbiy infratuzilmasi yo‘q qilinishi va bu orqali uzoq muddatli tinchlikka erishish mumkin deb hisoblagan.

Barchasi nimadan boshlangandi
G‘azo sektoridagi vaziyat 10 may kuni keskinlasha boshlagandi. O‘tgan vaqt mobaynida Isroilga 3,5 mingdan ortiq raketa otildi, Isroil ham G‘azo sektori bo‘ylab yuzlab aviazarbalar berdi.

Falastin-Isroil ziddiyatining so‘nggi voqealari qanday rivoj topdi
Isroil va G‘azo sektoridagi falastinliklar o‘rtasida so‘nggi yillardagi eng shiddatli janglar yuzlab kishilar o‘limiga sabab bo‘ldi. Bunga qadar qariyb bir oy mobaynida keskinlik kuchayib kelayotgandi. Mojaro harbiy harakatlarga aylanib ketishi qanday kechdi?

13 aprel

Sharqiy Quddusda falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Falastinliklar ularning Ramazon oyining birinchi kunida Al-Aqso masjidida to‘planishining oldini olish uchun eski shaharga olib boruvchi Damashq darvozasiga to‘siqlar o‘rnatilganidan norozi bo‘lishgandi.

Falastinliklarning noroziligini kuchaytirgan yana bir sabab Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos Isroilni Sharqiy Quddusdagi falastinliklar uchun ham ovoz berish jarayoni tashkil etishda ayblab belgilangan saylovlarni bekor qilgani bo‘ldi.

Abbosning raqibi hisoblangan, G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS tashkiloti ham bu saylovlarda ishtirok etishni maqsad qilgandi va saylov kechiktirilishidan g‘azablandi. Damashq darvozasi oldida va Sharqiy Quddusning boshqa qismlarida ro‘y bergan tartibsizliklar har kecha kuzatila boshladi.

15-16 aprel

G‘azodan Isroilga raketalar uchirildi, G‘azo bilan munosabatlardagi bir muddat jimjitlikdan keyin Isroil ham havodan javob zarbalari yo‘llay boshladi.

19 aprel

Yahudiylar va arablar aralash yashaydigan port shahar Yaffada tartibsizliklar boshlandi.

20 aprel

Ijtimoiy tarmoqlarda falastinliklar ortodoksal yahudiylarga hujum qilgani aks etgan videolar tarqalgach, Quddusda yahudiy yoshlar aksilarab shiorlarni hayqirib arablarga hujum qila boshladi.

23 aprel

O‘ta o‘ng kayfiyatdagi yuzlab isroilliklar arablar yahudiylarga hujum qilishiga norozilikni ifodalagan holda Damashq darvozasigacha marsh qilib borishdi. Radikal kayfiyatdagi yahudiylar va falastinliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga politsiya aralashdi, natijada o‘nlab kishilar jarohatlandi. Zo‘ravonliklar to‘lqini shaharning boshqa qismlariga ham yoyildi.

24 aprel

Falastinliklar G‘azo sektoridan turib yana Isroil hududini raketa bilan o‘qqa tutdi, bunga javoban isroillik harbiylar havodan raqib obektlarini nishonga oldi.

2 may

Prezident Mahmud Abbosning FATH harakati va HAMAS Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarroh kvartalidan bir necha falastinlik oila ko‘chirib yuborilishi bo‘yicha rejani qoralashdi. HAMAS vakillari arablarni qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

Keyingi bir necha kun davomida mazkur hududda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida doimiy to‘qnashuvlar kuzatildi, bu ham falastinliklarning noroziligini alangalatgan omillardan biri bo‘ldi.

4 may

HAMAS G‘azodan Isroil hududiga yondirilgan havo sharlari jo‘natdi va bu o‘nlab yong‘inlar keltirib chiqardi.

7 may

Isroil xavfsizlik kuchlari Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga qarata o‘t ochishi oqibatida ikki falastinlik jangchi halok bo‘ldi, yana biri yaralandi. Isroil armiyasi vakillari bu guruh Isroil hududiga yirik hujum rejalashtirayotgani haqida ma'lum qildi.

Ramazon oyidagi so‘nggi juma namozidan keyin Al-Aqso masjidi atrofida shiddatli to‘qnashuvlar boshlandi va uning davomida 200dan ortiq kishi yaralandi. Tosh va butilkalar irg‘itilishiga javoban Isroil politsiyasi plastik o‘qlar va shovqinli granatalar qo‘lladi.

8 may

Minglab namozxonlar Al-Aqsodagi ibodatni yakunlaganidan keyin Sharqiy Quddusda qatorasiga ikkinchi kun politsiya bilan to‘qnashuvlar davom etdi. Politsiya Damashq darvozasi oldiga suv to‘plarini (vodomyotlar) olib keldi, toshlar uloqtirayotgan falastinliklarga qarshi plastik o‘qlar bilan birga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llana boshlandi. Natijada 120 nafardan ortiq falastinlik va 17 politsiyachi jabrlandi.

9 may

Isroil oliy sudi Shayx Jarrohdagi oilalar ko‘chirilishi bo‘yicha ishdagi sud tinglovini keyinroqqa qoldirdi. Lekin keskinlik pasaymadi, Shayx Jarroh kvartali va Damashq darvozasi oldida politsiya va falastinliklar bilan yangi to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.

10 may

Erta tongda Al-Aqso hududida falastinliklar va politsiyachilar o‘rtasida yangi to‘qnashuvlar to‘lqini boshlandi, odamlar toshlar uloqtirishdi, politsiya shovqinli granatalarni ishga soldi. Falastinliklar noroziligining yangi to‘lqiniga Quddus kuni (Isroilda bu kun 1967 yilda yerlar qaytarib olingan kun sifatida nishonlanadi – falastinliklar esa yerlar bosib olingan deb hisoblashadi) munosabati bilan rejalashtirilgan marsh ham sabab bo‘ldi.

Marsh asosan arablar yashaydigan Eski shahar tumanlari bo‘ylab o‘tishi kerak edi, falastinliklar esa buni provokatsiya sifatida qabul qilishdi. Marshrut so‘nggi lahzalarda o‘zgartiriladi, ammo bu keskinlikni pasaytira olmaydi va yangi to‘qnashuvlar kelib chiqib, falastinliklardan 300dan ortiq kishi, politsiyachilardan esa 21 kishi jarohatlanishiga olib keladi. HAMAS Isroilga  ultimatum qo‘yib, soat 18:00ga qadar muqaddas masjid va Shayx Jarroh kvartalidan askarlarni va politsiyachilarni olib ketishni talab qiladi.

Bu talab bajarilmagandan keyin esa ko‘p yillardan buyon ilk marta Quddus hududiga raketalar uchib keladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «jangarilar qizil chiziq»ni bosib o‘tishgani haqida ma'lum qildi, Isroil havo zarbalari bilan javob berdi va HAMASning uch askari o‘ldirildi. Zarbalar almashinuvi davom etib, 2014 yildagi urushdan keyin ilk marta shafqatsiz to‘qnashuvlar boshlanib ketdi.

7 may kuni Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi yaqinida isroilliklar va arablar o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar ro‘y bergandi. Juma namoziga kelgan erkaklar Isroil oliy sudining bir necha oilani Quddusning sharqiy qismidan ko‘chirish to‘g‘risidagi qaroriga qarshilik sifatida isroillik politsiyachilarga toshlar bilan hujum qildi.

Ko‘chalardagi tartibsizliklar uch kun davom etdi va ikki tomondan 300dan ortiq kishi jarohatlandi.

9 may kuni Isroil xavfsizlik kuchlari Ibodatxona tog‘ini o‘rab oldi va bu orqali yahudiylar Quddus kunini nishonlashi uchun sharoit yaratildi.

Jahon hamjamiyati Sharqiy Quddus Isroil tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi.

10 may kuni HAMAS Isroil bo‘ylab yuzlab raketalar uchirdi, shundan keyin Isroil armiyasi «Devor muhofazasi» nomli harbiy amaliyot boshlangani haqida e'lon qildi.

Mavzuga oid