Jahon | 10:51 / 26.05.2021
18886
10 daqiqa o‘qiladi

“Kengurular mamlakati” va 99 turdagi viza ‒ Avstraliya immigratsiya tizimi haqida

Avstraliyaga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lsangiz, dastlab vizaga hujjat topshirishingiz lozim. Bu nafaqat doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish uchun, balki vaqtincha yashash uchun ham zarur. Uzbeklife kolumnisti bu borada tahliliy maqola tayyorladi.

Avstraliyaning immigratsiya tizimi

Qisqa qilib aytganda, Avstraliyaning viza tizimi “kengurular mamlakati” iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘sha oladigan odamlarni jalb qilishga qaratilgan. Jami 99 turdagi individual viza mavjud. Ichki ishlar departamenti (Immigratsiya xizmatlari) har yili alohida umumiy vizalar uchun kvota ajratadi. So‘ngra bu raqam turli viza kategoriyalariga bo‘lib yuboriladi.

Avstraliyada yashash va ishlash

Ushbu turdagi viza Avstraliyada nafaqat doimiy, balki vaqtincha yashashni reja qilganlar uchun ham mo‘ljallangan. 

Malakali migrant vizasi

Avstraliya iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘sha oladigan eng iqtidorli shaxslarni jalb qilishga mo‘ljallangan ushbu turdagi viza faqatgina ishga kirish uchun emas, albatta. Unga yillik aylanmasi 500 ming Avstraliya dollaridan kam bo‘lgan hamda 800 ming Avstraliya dollari miqdorida kapitalga ega tadbirkorlar hujjat topshirishi mumkin. 

Malakali migrant vizasini olish uchun bir qator talablar qo‘yilgan. Birinchidan, Avstraliyaning kasblar ro‘yxatiga kirgan ish bilan shug‘ullanayotganingizni isbotlashingiz kerak. Shuningdek, sizning tajribangiz va ma'lumotingiz shu kasbga qo‘yiladigan talablarga javob berishini ham ko‘rsatishingiz lozim. Undan tashqari:

‒ 18-45 yosh oralig‘ida bo‘lishingiz;

‒ ingliz tilini talab darajasida bilishingiz;

‒ testda yetarli ball yig‘ishingiz;

‒ salomatligingiz bo‘yicha muammolar bo‘lmasligi va muqaddam sudlanmagan bo‘lishingiz kerak.

Malakali migrant vizasi o‘z o‘rnida yana bir qator kategoriyadagi vizalarga bo‘linadi.

Malakali mustaqil viza

Bu viza “yashil qit'a”da doimiy yashash va ishlash huquqini beradi. Buning uchun sizdan Avstraliya mehnat bozorida tanqis hisoblangan kadr bo‘lish va belgilangan talablarga javob berish talab qilinadi. Xususan, faqat belgilangan hudud (shtat)ga yoki ish beruvchiga bog‘lanib qolmaysiz. Bunday kasblar ro‘yxatini “Medium and Long-term Strategic Skills List” (O‘rta va uzoq muddatli strategik kasblar ro‘yxati)dan topishingiz mumkin.

Malakali nomzod vizasi

Bu vizaga birinchi bo‘lib Avstraliya mehnat bozorida yetishmayotgan kadrlar hujjat topshira oladi. Agar yosh, mutaxassislik, kasb va ingliz tilidagi bilimlarga asoslangan testdan yaxshi ball to‘play olmagan bo‘lsangiz, sizga kerak ballni kompensatsiya qilishingiz lozim. Bunda “Shtat nomzodi” kategoriyasi orqali qo‘shimcha ball olsangiz bo‘ladi.

Bu vizaga yana Avstraliyaning ma'lum hududlarida tanqis deb hisoblangan kadrlar hujjat topshira oladi.

Mamlakatning har bir shtati o‘ziga zarur bo‘lgan kasblar ro‘yxatini shakllantirgan va bu kasb egalari viza olishi uchun homiylik qilishga tayyor. 

Avstraliyadan ish taklif qilishsa

Ish beruvchi homiyligidagi viza

Bu turdagi viza Avstraliyadan ish taklifini olgan shaxslar uchun ishlab chiqilgan. Shuningdek, hozirgi ish beruvchi tomonidan Avstraliyaga yuboriladigan xodimlar ham shu turdagi vizadan foydalanadi. Bu turdagi viza bilan davlatda vaqtincha va doimiy yashash o‘rtasida farq bor. Shuning uchun bu toifa o‘z navbatida yana ichki toifalarga bo‘linadi.

Ish beruvchi homiyligidagi viza

Nafaqat vizaga hujjat topshirayotgan nomzod, balki Avstraliyadagi ish beruvchi ham bir qator talablarga javob berishi kerak. Ikkala tomon ham baholash jarayonidan o‘tadi. Bunda Avstraliyadagi kompaniya va ish taklifi o‘rganib chiqilib, nomzodning profili ko‘riladi. Nomzod har qanday holatda Avstraliyadagi tashkilot uchun boshqa bir avstraliyalik xodimdan ustunlikka ega bo‘lishi kerak. 

Vaqtincha ishlash vizasi

Agar “Medium and Long-term Strategic Skills List” (O‘rta va uzoq muddatli strategik kasblar ro‘yxati) ro‘yxatiga kiruvchi kasblardan biriga ega bo‘lsangiz, boshida 4 yillik viza olishingiz mumkin. Kamida 3 yil ishlaganingizdan so‘ng talablarga javob bersangiz doimiy vizani qo‘lga kirita olasiz.

Agar “Short-term Skilled Occupation List” (qisqa muddatli malakaviy kasblar ro‘yxati)ga kiruvchi kasb bilan shug‘ullansangiz, 2 yillik ishchi vizasiga hujjat topshirsangiz bo‘ladi. O‘zingizni ijobiy taraflama ko‘rsata olsangiz, vizangizni yana 2 yilga uzaytirish imkoniga ega bo‘lasiz. Jami 4 yil o‘tgach, Avstraliyadan chiqib ketishingiz yoki doimiy viza olishingiz kerak bo‘ladi.

Har ikki holatda ham taklif qilingan ishda kamida ikki yil ishlashingiz talab qilinadi. Bundan tashqari, ingliz tilini ham bilishingiz kerak.

Doimiy ish uchun viza

Bu viza Avstraliyadan ish taklifini olgan, shu bilan birga malakali ishchi vizasi talablariga ham javob beradigan shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Ular quyidagilar:

‒ siz qiladigan ish kasblar ro‘yxatida bo‘lishi;

‒ malaka va ma'lumotingiz talabga javob berishi;

‒ ingliz tilini puxta egallash;

‒ yoshingiz 18-45 orasida bo‘lishi;

‒ muqaddam sudlanmagan bo‘lishingiz va salomatligingiz bilan muammo bo‘lmasligi kerak.

Bu turdagi viza sizga Avstraliyada doimiy yashash huquqini beradi. 

Regional homiylikdagi ishchi viza

Bu viza yuqoridagi vizaga o‘xshaydi. Asosiy farqi – sizga ish beradigan kompaniya Avstraliyaning immigratsion hududlarida joylashgan bo‘lishi kerak. Yuqoridagi kabi bu viza ham doimiy yashash huquqini beradi.

Avstraliyada oilasi bo‘lgan shaxslar uchun viza

Bu viza avstraliyalik oila a'zolari bo‘lgan (Avstraliyada yashaydigan) insonlar uchun mo‘ljallangan. Lekin bunda faqat yaqin qarindoshlar – ota-ona, turmush o‘rtoq/juft yoki farzandlar hisobga olinadi. Bundan tashqari, bu oila a'zolari Avstraliya fuqarolari bo‘lishi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lishi kerak. 

Oila vizasining subkategoriyalari 

Avstraliya fuqarosi yoki Avstraliyada doimiy yashash huquqi bo‘lgan juft

Avstraliya fuqarosi yoki doimiy yashash huquqini kiritgan shaxs bilan yaqin munosabatda bo‘lsangiz, juft vizasi toifasi sizga bir qancha imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu toifaning o‘zi ham ikkiga bo‘linadi: 

Juft vizasi

Agar sizlar turmush qurgan bo‘lsangiz yoki haqiqatan ham ishqiy munosabatda ekaningizni isbotlay olsangiz, ushbu viza siz uchun. Bunda ko‘pincha boshida 2 yillik vaqtinchalik viza olasiz. Mana shu 2 yil o‘tgach ham juftingiz bilan hamon birga bo‘lsangiz, doimiy vizaga hujjat topshirishingiz mumkin.

Uch yildan beri birga bo‘lgan juftliklar uchun (oila qurgan yoki qurmay birga yashagan), doimiy viza darhol berilishi mumkin. Bu viza o‘zaro farzandi bor bo‘lgan va munosabatlari hujjat topshirishdan avval 2 yil davom etgan shaxslarga ham amal qiladi. 

Bo‘lg‘usi nikoh vizasi

Ushbu viza yuqoridagi viza talablariga javob bermaydigan, ammo Avstraliyada kelajagini birga qurmoqchi bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri keladi. Viza 9 oy muddatga beriladi va shu vaqt mobaynida juftlik qonuniy nikohdan o‘tishi kerak. Nikoh qayd etilgandan so‘ng, 2 yillik vizaga hujjat topshirsa bo‘ladi. 2 yil o‘tgach esa doimiy vizani qo‘lga kiritish mumkin.

Avstraliyada yashayotgan farzand

Agar bir yoki undan ortiq farzandingiz Avstraliyada yashayotgan bo‘lsa, ota-ona vizasini olishingiz mumkin. Bunda farzandlaringizning kamida “yarmi” (2 nafar farzandingizdan biri, 4 nafar farzandingizdan 2 nafari) Avstraliyada yashayotgan bo‘lishi, ulardan kamida bittasi sizni moliyaviy ta'minlashi kerak. Shunda Avstraliyaning ijtimoiy ta'minotiga qaram bo‘lib qolmaysiz.

Odatiy ota-ona vizasini olish jarayoni nihoyatda ko‘p vaqt olgani sabab, qo‘shimcha muqobillar ham ishlab chiqilgan. 

Hissa qo‘shadigan ota-ona vizasi

Uzoq vaqt kutishni istamasangiz, qo‘shimcha to‘lov qilishingiz mumkin. Keyin viza olish jarayoni ikkiga bo‘linadi. Dastlab vaqtinchalik vizaga ariza topshirasiz, undan so‘ng doimiyga. Umumiy to‘lov miqdori oshib ketishi mumkin, lekin viza olish jarayoni sezilarli darajada qisqaradi.  

Avstraliyada yashayotgan ota-ona

Agar 24 yoshdan kichik bo‘lsangiz hamda ota-onangiz Avstraliya fuqarosi yoki u yerda doimiy yashash huquqiga ega shaxs bo‘lsa, bu turdagi viza sizga mos bo‘lishi mumkin. 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar talaba ekani va moliyaviy qaramligini isbotlaydigan hujjat taqdim etishi kerak.

Maqolaning davomi tez kunda e'lon qilinadi. 

Ziyodaxon G‘ulomova,

Uzbeklife kolumnisti

Mavzuga oid