O‘zbekiston | 15:17 / 28.05.2021
3901
3 daqiqa o‘qiladi

Ayollarning parlamentdagi soni bo‘yicha O‘zbekiston 37-o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 15-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva gender tenglikka erishish borasida amalga oshirilgan ishlar va raqamlar haqida gapirdi.

«Gender tenglikka erishish sohasida 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi Ayollarning parlamentdagi soni 32 foizga yetib, O‘zbekiston dunyo bo‘yicha 37-o‘ringa ko‘tarildi. Xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi ulushi 44 foiz, oliy ta'limda 40 foiz, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Vazirlik va idoralarda 15 mingdan ziyod kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi, 6 nafar ayol hokim, bir nafari elchi etib tayinlandi», deya gender tenglik masalalari bo‘yicha raqamlarni ochiqlagan Senat raisi.

U shuningdek, Senatda gender tenglik masalalari bo‘yicha maxsus qo‘mita faoliyatini boshlaganini ta'kidladi. Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova gender tenglik borasida yutuqlar va tizimli kamchiliklarni sanab o‘tdi. U shuningdek, O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi bilan tanishtirdi.

«Jahon bankining ayollar, biznes va qonun indeksida 2020 yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 davlat orasida 134-o‘rinni egalladi.

Yutuqlar bilan bir qatorda tizimli muammolar ham mavjud. Jumladan, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki yetarli emas. Ularga bu borada jamiyatdagi salbiy qarashlar hali-hanuz mavjud. Ta'limning eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishi: muhandis-texnik, axborot texnologiyalari, energetika, injyenering, huquqshunoslik sohalarida ayollar ulushi hamon kam.

Tashqi va ichki migratsiyaning gender jihatlari, xotin-qizlarning huquqlari va mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmlari to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari, media mahsulotlarning gender ekspertizasi ham yetarli emas.

Hamkor vazirliklar mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ro‘yxati, uni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va uni baholashning 60dan ortiq maqsadli ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi», – ta'kidladi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi.

Mavzuga oid