Sport | 13:31 / 01.06.2021
14782
2 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» «Manchester Siti»ning yana bir futbolchisini safiga qo‘shib oldi

«Manchester Siti» himoyachisi Erik Garsiya faoliyatini «Barselona»da davom ettiradi. Ko‘k-anorranglilar klubi ushbu markaziy himoyachini safiga qo‘shib olgani haqida rasman xabar berdi.

20 yoshli futbolchi kataloniyaliklar klubi bilan 2025/2026 yilgi mavsum yakuniga qadar amalda bo‘luvchi shartnomaga imzo chekkan. Kelishuvga ko‘ra, «Barselona» futbolchining badal pulini 400 mln yevro miqdorida belgilab qo‘yadi. Garsiyaning taqdimoti bugun, 1 iyun kuni o‘tkaziladi.

Erik Garsiya — «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2017 yil iyulida u 1,7 mln yevro evaziga «Manchester Siti»ga o‘tgandi. Transfermarkt portali Ispaniya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan ushbu futbolchining transfer qiymatini 20 mln yevroga baholagan.

Avvalroq OAVda Garsiya «Barselona» safiga erkin agent maqomida kelib qo‘shilishi, uning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2021 yil 30 iyuniga qadar tuzilgani, hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida xabarlar berilgandi.

Erik so‘nggi ikki mavsumda APLda jami 19 o‘yinda maydonga tushgan va bir marta sariq kartochka olgan. 

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni so‘nggi 10 yil davomida «shaharliklar» sharafini himoya qilgan argentinalik hujumchi Serxio Aguero ham erkin agent maqomida «Barselona»ga kelgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid