Sport | 13:45 / 10.06.2021
8668
8 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020ning asosiy favoriti. Fransiya turnirga qay daraja tayyor?

Amaldagi finalchilar musobaqaga yana eng asosiy favoritlardan biri sifatida kelmoqda. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Axir, gap jahon chempionlari haqida bormoqda!

Dide Desham jamoasida an'analar yoshlarning jo‘shqinligiga qorishib ketgan. Milliy jamoaning sobiq futbolchisi hisoblangan murabbiy uzoq yillardan beri shu yerda faoliyat olib bormoqda va bu kabi musobaqalarning anchasini ko‘rib qo‘ydi. 2012 yilda faranglar milliy jamoasini Loran Blandan qabul qilib olgan Desham bosqichma-bosqich jamoani xalqaro musobaqalarning eng kuchli jamoasiga aylantirdi. Albatta, bu yo‘lda unga imkon berib kelgan Fransiya futbol assotsiatsiyasi rahbariyatini ham e'tirof etish zarur.

2018 yilda jamoa mundiallardagi 2-g‘alabasini tantana qildi. Bundan avval, 1998 yilda aynan Desham sardorligidagi jamoa jahon chempioniga aylangandi. U ham futbolchi, ham murabbiy sifatida mundialni yutgan afsona.

Yevropa chempionati haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda ham 2ta titulni o‘z hisoblariga yozdirib qo‘yishga ulgurishgan. 2016 yilda o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tgan qit'a birinchiligining alamli tarzda boy berilishi ularga qo‘shimcha motivatsiya berishi shubhasiz.

Xo‘sh, jamoaning chiziqlardagi yetakchilari kimlar?

Darvoza: Ugo Loris

Areola va Menyan butkul zaxira variantlari. Yevropa chempionati va jahon chempionatida ham katta ehtimol bilan Loris jamoa darvozasini qo‘riqlaydi. Tasodifiy jarohatgina uni bu yo‘lda to‘xtatib qolishi mumkin.

Ugoning asosiy tarkibdagi o‘rni kafolatlangani klubdagi ko‘rsatkichlari bilangina o‘lchanmaydi. U bundan avvalgi musobaqalarda ishonchli posbon ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

O‘tgan galgi Yevropa chempionati finalida Eder tomonidan kiritilgan golda aybni 34 yoshli darvozabonga yuklovchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ha, Loris to‘pni qaytarishi mumkin edi. Ammo maydon markazida hujumchining zarba berishiga yo‘l qo‘yib bergan himoyachilar ham bu yerda xatoga yo‘l qo‘ygan edilar. Bu gal finalchilar guruh bosqichidayoq o‘zaro o‘yin o‘tkazadilar. Loris endi portugallardan gol o‘tkazmaslikka bor imkoniyatini ishga solgan holda harakat qilib ko‘radi.

Himoya chizig‘i: Rafael Varan

«Real» markaziy himoyachisi jamoasi bilan birgalikda mavsumni sovrinsiz yakunladi. Superkubokdagi g‘alaba o‘tgan mavsumga aloqador hisoblanadi. Fransiya milliy jamoasi bilan esa Varan titul yutishi mumkin. Uning Desham qurgan jamoadagi o‘rni klubidagidan ham yuqoriroq. Rafaelning o‘zi ham milliy jamoada boshqacha kayfiyatda o‘ynashini yashirmaydi. Bu ko‘pchilik futbolchilar bilan yuz beradigan holat.

Amaldagi jahon chempionlari mudofaasida, shuningdek, Kleman Langle, Presnel Kimpembe va Samuel Umtiti kabi futbolchilar mavjud. Ular Varanga yordamchi sifatida katta foyda keltira olishlari mumkin. Pavar va Lyuka Ernandes ishtirokidagi qanot himoyasi ham dunyodagi eng kuchli juftliklardan biri hisoblanadi.

Yarimhimoya: Ngolo Kante

«Oltin to‘p»ga asosiy da'vogar bo‘lib turgan futbolchi Fransiya tarkibida ekan, ularning nima sababdan eng asosiy favorit sifatida turnirga tashrif buyurayotganlari tushunarli.

«Chelsi» yarimhimoyachisi mavsumning, ayniqsa, so‘nggi qismini fenomenal o‘tkazdi. Ham yarimfinal va final o‘yinining eng yaxshisi deb topilganidan ham uning qanchalik foydali harakat qilayotgani ma'lum bo‘ladi.

Mavsum davomida jami 59 marotaba raqib xavfli hujumini qaytarib qolgan Kante birorta oqibati golga olib borgan xatoga yo‘l qo‘ymadi. Kichik jussasiga qaramay, o‘zi kirishgan yakkakurashlarning yarmidan ko‘pini yutib chiqdi.

Ha, yetakchilik nuqtayi nazaridan Pogba undan biroz ustun bo‘lishi mumkin. Biroq, o‘yindagi samaradorlik jihatidan bu mavsum Kantega teng keladigani topilmaydi.

Hujum: Kilian Mbappe

Albatta, Fransiya hujumidagi eng katta xavf bu - Kilian Mbappe. YeChL yarimfinalidan chiqib ketguniga qadar, u «Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogar sifatida qaralayotgan edi. Biroq, yakunda Fransiya birinchi divizionini ham boy bergani sababli uning imkoniyatlari biroz tushib ketdi. Qanchalik kuchli bo‘lmasin, Mbappe hali yosh va jamoasining barcha chiziqdagi muammolarini yopib keta olmaydi.

Ushbu mavsum Mbappe barcha turnirlarda 47ta o‘yinda maydonga tushib, 42ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Grizmannda yetakchilik xususiyati yuqori va uni ushbu pozitsiyaning yetakchisi sifatida ko‘rsatishimiz ham mumkin edi. Ammo Deshamning taktikasida Mbappe kattaroq o‘ringa ega. Uning iqtidori Fransiya muxlislari ishonayotgan eng katta kuch bo‘lib turibdi.

Murabbiy va uning taktikasi

Dide Desham super o‘yinchilarga to‘la Fransiyada amalga oshirgan eng katta ishi yulduzlarni qo‘l ostida birlashtirishni uddaladi. Jamoaning ichki muhitini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Karim Benzema bilan bog‘liq holat aslida noto‘g‘ri bo‘lsa ham, fikrimizga isbot bo‘la oladi. Yulduzlar armiyasini o‘z jamoasiga to‘plab olish yaxshi. Lekin ularni oqilona va qat'iyat bilan boshqarish hammaga ham nasib etmaydi. U jamoasida mehnat qilishni, jamoa uchun qayg‘urishni istamaydiganlarni ham ushlab turmaydi. Jamoadagi eng ojiz nuqta himoya hisoblanadi. Ammo bu yarimhimoya va hujumga solishtirganda shunday, xolos. Aslini olib qarasak, faranglar mudofaasi har qanday top-jamoa havas qilsa arziydigan holatda.

4-3-1-2 Deshamning eng sevimli taktikasi hisoblanadi. 1998 yilda sardor sifatida jamoasini jahon chempionligiga yetaklab borganda ham, 2018 yilgi mundial finalida ham Fransiya shunday taktik sxemada o‘ynagan. Grizmanndan hujumchilar ortida foydalangan holda, markaziy forvardlarni oldinga boshlash uning doimiy odati. Qanotlardagi kamchilik loteral himoyachilar: Pavar va Ernandes bilan to‘ldiriladi. Ular o‘z qanotlari bo‘ylab erkin harakat qilishlari mumkin bo‘ladi. Markazda, asosan, raqib hujumini to‘xtatishga ixtisoslashgan futbolchilardan foydalanadi. Uyushqoqlik bilan himoyalanish va o‘ta tezkor qarshi hujum bilan raqiblarini dog‘da qoldirishga intiladi.

Yevropa chempionatida Desham Mbappe-Jiru tandemidan foydalanadigan ko‘rinadi. Boisi, Benzema kuni kecha Bolgariya bilan o‘rtoqlik o‘yinida jarohat olib, maydonni erta tark etdi. Jiru Anridan so‘ng, Fransiya milliy jamoasida eng ko‘p gol urgan hujumchi hisoblanadi. Shuningdek, Desham shaxsan Olivening o‘yinlarini yoqtirishini ham aytib o‘tgan.

Raqamlar

Saralash bosqichida Fransiya birinchi o‘rinni olgan bo‘lsa-da, aslida, bu u qadar xursand bo‘ladigan natija bo‘lmadi. Sababi, ular ikkala davrada ham Turkiyani yenga olmadilar. Guruh bosqichida ulardan jiddiy boshqa hech bir raqib yo‘q edi. Islandiya milliy jamoasi 4 yil avvalgi qit'a birinchiligidagi kabi kuchli emasdi. Demakki, barcha masala 90 daqiqa ichida hal bo‘ladigan Yevropa chempionatidek turnirda Fransiyaning ham erta muvaffaqiyatsizlikka uchrashi katta sensatsiya bo‘lmaydi. Saralash turniri yakuniy guruh bosqichi davomida fransuzlar 25 marotaba gol kiritib, o‘z darvozalaridan 6ta to‘p olib chiqishdi.

Yuqoridagi fikrlarimizni o‘tgan yilning yakunida Finlandiyaga o‘rtoqlik uchrashuvida imkoniyatni boy berganlari ham isbotlay oladi.

Jahon chempionati saralashi doirasida joriy yil Ukraina ham Desham shogirdlaridan ochko oldi. Qisqasi, Fransiya yutib bo‘lmas jamoa emas. Qalovini topsang, qor ham yonadi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid