O‘zbekiston | 23:07 / 12.06.2021
26740
3 daqiqa o‘qiladi

Internetda milliy test tizimi savollari tarqaldi. DTM izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda milliy test tizimining biologiya va kimyo fanlari bo‘yicha savollari tarqaldi. Davlat test markazi kimyo fanidan savollar haqiqiyligini tasdiqlab, biologiya savollarida xatolar borligini ma'lum qildi. Eslatib o‘tamiz, milliy test sertifikatiga ega abituriyentlar OTMga kirishda o‘sha fanlardan imtihondan ozod etiladi.

Kimyo fanidan internetda tarqalgan 50 ta topshiriq haqiqiyligi tasdiqlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida o‘quvchilarga umumta'lim fanlardan milliy sertifikat imtihonlarining javoblari sotilgani haqida xabar tarqaldi.

Buxorolik fuqarolar test javoblarini o‘quvchilarga yodlatgani aytilmoqda. Holatga Davlat test markazi munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy test tizimi joriy etilib, ushbu fanlardan 2 marta test sinovlari tashkil etilgan.

Test sinovlarini Davlat test markazi o‘tkazmoqda. Savollarni esa Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tuzgan.

«Test sinovlari jarayoni to‘liq videokuzatuv kameralari ostida o‘tkazildi.

Test materiallari Davlat feldʼegerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta'minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin yetkazildi.

Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng Davlat feldʼegerlik xizmati xodimlari muhrlangan maxsus qoplardagi test materiallarini Davlat test markazi xodimlaridan qabul qilib oldi va barcha materiallar to‘liq holda Davlat test markaziga qayta yetkazilishi ta'minlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlarining ayrimlari 11 may kuni o‘tkazilgan jarayonga tegishli bo‘lib, 9 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan.

Biologiya fani bo‘yicha keltirilgan test topshiriqlari haqiqatan ham 10 iyun kuni o‘tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilgani, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmagani aniqlandi.

Olingan oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayrim o‘quv markazlari tomonidan «bu savollar tushadi» bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilgani ma'lum bo‘ldi», – deyiladi Davlat test markazi axborotida.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va DTM hamkorligida tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, muayyan fanlardan milliy test tizimi sertifikatiga ega abituriyentlar OTMga kirishda o‘sha fandan imtihon topshirmaslik huquqiga ega: ularga milliy test imtihonida to‘plagan ballariga proporsional ravishda ball beriladi.

Mavzuga oid