Jamiyat | 18:52 / 12.06.2021
8587
2 daqiqa o‘qiladi

TerDU rektori Pokiston elchisi bilan uchrashdi

Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Maraximov Pokiston Islom Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Said Ali Asad G‘iloniy bilan uchrashdi.

Foto: Termiz davlat universiteti

Uchrashuvda ikki mamlakat ta'limi tizimidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida muzokaralar olib borildi.

Dastlab, universitet rahbari respublikada ta'lim tizimi, xususan, oliy ta'lim tizimidagi islohotlar, bugungi shart-sharoitlar, ilmiy salohiyatni oshirishga bo‘lgan sa'y-harakatlar, universitetning xalqaro maydondagi faoliyati hamda xorijlik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.

Pokiston elchisi o‘z nutqida ikki mamlakat tarix, madaniyat va urf-odatlar jihatidan bir-biriga juda yaqin ekanligi, Sohibqiron Amir Temurning Pokiston tarixi va bugunida egallagan yuksak mavqesi, davlatlarimiz tarixiy siymolarni, qahramonlarni ulug‘lashi, qolaversa, o‘tmishda o‘rnatilgan ilmiy hamkorlik aloqalari bugunga kelib yanada mustahkamlanishi lozimligi borasida fikr bildirdi.

Taklif va mulohazalarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etish, sanoat, axborot texnologiyalari, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi sohalarida tajriba almashinish borasida amalga oshiriladigan ishlar kabi bir qancha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama etildi.

Termiz davlat universiteti axborot xizmati

Mavzuga oid