Jahon | 14:39 / 23.06.2021
26486
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: «Delta» Qozog‘istonga yetib keldi, Avstraliya yana bir to‘lqindan xavotirda

Hindistonda so‘nggi oylarda ilk marta kunlik kasallanish holatlari pasaydi, Avstraliyada esa aksincha, vaziyat yomonlashmoqda. Yevropaning ayrim davlatlari qat'iy cheklov choralarini yumshatishni rejalashtirmoqda.

DMITRY FEOKTISTOV/TASS

AQSh kasallanish holatlari va o‘limlar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda - mos ravishda 34,4 mln va 617 ming. Jahon reytingi uchligini Hindiston (30 mln kasallanish, 390,2 ming o‘lim) va Braziliya (18 mln - 504,8 ming) to‘ldirgan.

Rossiyaning barcha 85 regionida so‘nggi bir kunda 17 ming 594ta kasallanish holati qayd etildi va bu fevral oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich, Moskvaning o‘ziga kuniga 6534 holat to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakat bo‘ylab jami 546 kishi kasallikdan o‘lim topgan, holbuki bir kun oldingi ko‘rsatkich 86ta edi.

Kasallanish darajasi oshishi munosabati bilan Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda konsertlar, tomoshalar, ko‘ngilochar dasturlar va sport tadbirlari o‘tkazilishiga cheklov joriy etdi - bunday marosimlarda ishtirokchilar soni 500 nafardan oshmasligi kerak. Bunday cheklovlar ham ochiq, ham yopiq inshootlardagi tadbirlarga taalluqli hisoblanadi.

Yevropa: to‘liq erkinlik uchun bir qadam

Buyuk Britaniya bosh vaziri Mett Henkok har kungi media-brifingda katta ehtimol bilan 19 iyuldan mamlakat bo‘ylab so‘nggi cheklov choralari bekor qilinishi mumkinligi haqida gapirdi.

Bu hukumat qishda joriy qilgan umummilliy lokdaundan chiqishning to‘rtinchi va so‘nggi bosqichi bo‘ladi.

Navbatdagi bosqichda savdo nuqtalari va korxonalar to‘liq ochilishi, shuningdek, britaniyaliklarning ijtimoiy hayotidagi so‘nggi cheklovlar yechilishini nazarda tutadi.

Henkok hukumat mamlakat fuqarolari uchun xalqaro safarlar bo‘yicha cheklovlarni yumshatishni ham istayotganini ma'lum qilgan. Xususan, vaksinalarni to‘liq dozada qabul qilgan britaniyaliklardan uyga qaytgandan keyin 10 kunlik karantinda o‘tirish talab etilmaydi.

Vazir ilmiy hamjamiyat hozircha bunday qadamni tavsiya etmayotganini qayd etgan, shu bilan birga, vaksinatsiya jarayonidan maqsad ham fuqarolarni odatiy hayot tartibiga qaytarish hisoblanishini ta'kidlab o‘tgan. Britaniya turizm sanoati ham cheklovlar butunlay olinishini kutmoqda, bu soha yozda o‘tgan yildagi zararlarini qoplab olishga umid qilmoqda.

Ammo jurnalistlarning cheklovlar qachon butunlay bekor qilinishi haqidagi savoliga javoban Henkok aniq muddat aytmagan, faqat xavfsiz deb hisoblanganda, ehtimol avgustdayoq shunday qadam tashlanishini bildirgan.

Italiyada 28 iyundan ko‘chada niqobda bo‘lish majburiyati bekor bo‘ladi. Bu qoida mamlakatda o‘tgan yil oktyabridan buyon amal qilmoqda va so‘nggi qat'iy karantin choralaridan biri sifatida qolmoqda.

Mamlakatda aprel oyidan buyon bosqichma-bosqich ravishda barlar, restoranlar, kinoteatrlar, sportzallar ochilishi boshlangandi. Shuningdek, Italiya hududi bo‘ylab erkin harakatlanish tartibi tiklangandi.

Ammo niqob rejimi bekor qilinishi uchun hukumat statistik ko‘rsatkichlar yanada pasayishini kutishdi.

Hozirga kelib kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari yil boshidan buyon eng quyi darajaga tushgan, shifoxonalarga yotqizilganlar soni ham minimal holatda.

Italiyaliklarning 26 foiziga yaqini to‘liq emlangan, 52 foiz aholi kamida bir doza qabul qilgan.

Shu bilan birgalikda, jamoa transportida niqobda bo‘lish talabi yana bir qancha vaqtgacha o‘z kuchida qoladi.

Keyingi hafta boshidan Italiyadagi barcha 20 region «oq hudud» sifatida e'lon qilinadi - mahalliy kovid-klassifikatsiyasi bo‘yicha eng xavfsiz hududlar.

Fransiyada modalar uyi faoliyati bir yarim yillik tanaffusdan keyin tiklanmoqda. Parij modalar haftaligida taklif etilgan 72 modalar uyidan 6tasi jonli tarzda o‘z kolleksiyalarini namoyish etadi, ular orasida Dior va Hermes ham bor. Louis Vuitton, Dries Van Noten, Loewe, Tom Browne va boshqa yana ko‘plab brendlar hozircha namoyishlarni virtual makonda o‘tkazishni ma'qul ko‘rmoqda.

Avvalroq Milanda modalar haftaligi bo‘lib o‘tgan, podiumga 47 ishtirokchi orasidan uch brend ko‘tarilgan - Dolce and Gabbana, Etro va Armani.

Hozircha Nyu-York va London modalar haftaliklari onlayn formatni saqlab qolmoqchi, ammo ushbu sanoat sohasidagi ekspertlar bosqichma-bosqich odatiy hayot tarziga qaytish mumkin deb hisoblashmoqda.

Dunyodagi vaziyat: «Delta» shtammi va yangi vaksinalar

Hindistonda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi uch oy ichida ilk bor 50 mingdan kamroq bo‘ldi. So‘nggi bir kunda mamlakatda 42 mingta holat qayd etilgan.

Vaksinatsiya kampaniyasi tezlashtirildi, emlanish mumkin bo‘lgan ko‘plab punktlar kuniga 24 soat ishlamoqda. Dushanba kunining o‘zida 8 million kishi vaksina dozalarini qabul qilgan va bu kunlik rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘z navbatida, Hindiston muxolifati hukumatni diqqatni yo‘qotmaslikka va epidemiyaning ehtimoliy uchinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda.

Ikkinchi to‘lqin vaqtida dori-darmon, kislorod va shifoxona koykalari yetishmovchiligi kuzatildi.

Hindiston kasallanish holatlari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda joylashgan (qariyb 30 mln kishi virusga chalingan), qurbonlar soni bo‘yicha esa uchinchi o‘rinda (389,3 ming kishi).

Avstraliyaning Sidney shahrida majburiy niqob rejimi noma'lum muddatga uzaytirildi.

Sidney - aholi gavjum yashaydigan Yangi Janubiy Uels shtati poytaxtidir, bu hududda kasallanish ko‘rsatkichlari keskin oshgan.

So‘nggi bir kunda atigi 10 kishida virus aniqlangan bo‘lsa-da, Avstraliya hukumati vaziyatga jiddiy qaramoqda, dastlab Hindistonda aniqlangan «Delta» shtammi ushbu mamlakatga ham kirib kelgan.

Mamlakat chegaralari amalda yopiq holatda, faqat Yangi Zelandiya bilan aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Rasmiylar ushbu shtammning Avstraliyaga kirib kelish yo‘llarini yopishga harakat qilmoqda.

Bu vaqtda Qozog‘iston hukumati «Delta» mamlakat poytaxti Nursultonga yetib kelganini ma'lum qildi. So‘nggi haftada shaharda kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 40 foizga oshgan, qator bemorlarning tahlil natijalari ularga yangi shtamm yuqqanini ko‘rsatgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy regionlar rasmiylarini shifoxonalarni kasallanishning yangi to‘lqiniga tayyorlashga chaqirgan, «Delta» shtammi tez orada poytaxtdan tashqariga tarqalishi kutilmoqda. Vazir asosiy e'tiborni sun'iy nafas oldirish apparatlari sonini ko‘paytirishga qaratishga chaqirgan.

Qozog‘istonda so‘nggi bir kunda 1248ta kasallanish holati qayd etilib, 12 bemor vafot etdi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi koronavirusdan eng ko‘p jabrlangan mamlakat hisoblanadi. Pandemiya boshidan buyon bu yerda 411 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, shundan 4,2 mingdan ortiq bemor vafot etgan, ayni vaqtda shifoxonalarda 20 mingdan ortiq bemor davolanmoqda.

Kubalik olimlar koronavirusga qarshi vaksina - Abdala’ni ishlab chiqishdi. Preparat uch dozada qabul qilinadi, Kuba sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, uning samaradorligi 92 foizdan ortadi. Klinik sinovlar mart oyi o‘rtalarida o‘tkazilgan va mamlakat fuqarolarining aksar qismi ikkinchi dozani olib bo‘lgan.

Shuningdek, yana bir vaksinani tayyorlash jarayoni ketmoqda - uning nomi Soberana Dos. Bu vaksina samardorligi ikki inʼeksiyadan keyin 62 foiz bo‘lishi aytilmoqda, uni takomillashtirish uchun harakat davom etmoqda.

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel olimlarni tabrikladi va o‘n yillar davomida Amerika blokadasida yashagan kichik orol uchun bu katta yutuq ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid