Sport | 16:03 / 27.06.2021
20691
9 daqiqa o‘qiladi

Pley-offda yirik hisob. Daniyaliklar favoritlar qatoriga qo‘shildi

Yevropa chempionatining ilk chorakfinalchisi Daniya bo‘ldi.

Yevro-2020. 1/8 final
Uels — Daniya — 0:4 (0:1)
Gollar: Dolberg, 27 (0:1). Dolberg, 48 (0:2). Mehle, 88 (0:3). Breytueyt, 90+4 (0:4).
Uels: Uord, B.Devis, K.Robers (N.Uilyams, 40), Rodon, Mefam, Remsi, Allen, Jyeyms (Bruks, 78), Morrell (Uilson, 59), Beyl, Mur (T.Robers, 78).
Daniya: Shmeyxel, Ker (Boylesen, 77), Vestergor, Kristensen, Stryuger Larsen (Andersen, 77), Mexle, Dileyni (Nergor, 60), Heyberg, Breytueyt, Dolberg (Kornelius, 69), Damsgor (Yyensen, 60).
Ogohlantirishlar: Rodon, 26. Mur, 40. Bruks, 80. Beyl, 90+3.
Chetlatish: Uilson, 90.
Hakamlar: Zibert. Zaydel, Foltin (barchasi — Germaniya).
VAR: Dankert. Gittelmann, Dingert, Frits (barchasi — Germaniya).
26 iyun. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni.

Rossiya o‘rniga
Daniyaliklar o‘rnida pley-offda rossiyaliklar o‘ynashi mumkin edi. Ammo Rossiya termasi hal qiluvchi o‘yinda Daniyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi, skandinavlar esa o‘yindan o‘yinga kuchaymoqda va turnirda barchaning diqqatini o‘ziga qaratmoqda. Daniya muxlislar ko‘z o‘ngida porladi. Yo‘l og‘ir boshlandi, Kristian Eriksenning yuragi xuruj qilganida jamoa shok holatida autsayderga yutqazib qo‘ydi. Keyin jiddiy o‘sish kuzatildi — Daniya Belgiya bilan tengma-teng kurashdi, ammo Kevin de Bryuynening individual mahorati tufayli yana yutqazdi. Uchinchi turda — Rossiya ustidan uzoq kutilgan g‘alabaga erishildi va dastlabki turlardagi mag‘lubiyatga qaramasdan, sensatsion ravishda pley-offga chiqildi. 1/8 finalda esa Uels ustidan yirik hisobdagi g‘alaba qayd etildi.

Daniya termasini turnirdan avval ko‘p nashrlar ehtimoliy qora toychoqlar qatorida sanagandi. Tarkibda nomlar bor, sinovdan o‘tgan va to‘g‘ri qo‘yilgan taktika, zamonaviy leptop-murabbiy Yulmann, so‘nggi rasmiy o‘yinlardagi yuqori natijalar... Ammo pley-offga Daniyani hissiyotlar olib chiqdi — Eriksen bilan sodir bo‘lgan dahshatli voqea mamlakatni birlashtirdi, Kopenhagendagi tribunalar Finlandiya va Belgiyaga qarshi o‘yinlarda ochko olinmagani adolatsizlik ekanini his qilib turardi.

Yulmanning g‘oyasi
Daniyaning 1/8 finaldagi g‘alabasi — taktika va xarakter uyg‘unlashuvi bo‘ldi. Giggz va Peyj boshqaruvida Uels sodda va barchaga tushunarli bo‘lgan, Beyl va Remsiga erkinliklar berilgan 4-2-3-1 sxemasida o‘ynab, «standartlar» hamda qarshi hujumlarga tayanmoqda. O‘yin boshida uelsliklar daniyaliklardan yaxshiroq ko‘rinayotgandi — katta kuch bilan hujumlar uyushtirildi, xususan, markazdan ham. Beyl doimiy ravishda markazroqqa ko‘chib o‘ynadi, ikki bor to‘pni egallab olib, Shmeyxel darvozasi tomon xavfli zarbalar yo‘lladi, Yulmann jamoasi esa tayanch zonasida qiynaldi.

Ammo daniyaliklar murabbiylar shtabi birinchi bo‘lim davomidayoq maydonda o‘zgarishlar yasadi — birinchi bo‘limning 10-daqiqasidanoq Kristensen himoya markazidan tayanch zonaga chiqarildi, u bu yerda Dileyni va Heybergga faol yordam berib, o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida bo‘sh hududlar qoldirilmasligi uchun harakat qildi. Daqiqa sayin to‘p harakatlanishi skandinavlar darvozasi yaqinidan uzoqlasha boshladi, ko‘p o‘tmay Uels gol o‘tkazib ham yubordi.

Kristensenning oldinroqqa chiqarilishi — Yulmann birinchi bor qilayotgan o‘zgarish emas. Rossiyaga qarshi o‘yinda ham «Chelsi» himoyachisi markazga ko‘chib o‘ynagandi, ammo u bu ishni to‘p nazorati daniyaliklarda bo‘lganida amalga oshirgandi. Bu o‘yinda esa Kristensen butunlay tayanch zonasiga bog‘lab qo‘yildi — Uels hujumlar uyushtirayotgan pallada bu hududga qo‘shimcha yordam kerak bo‘lgandi.

Amsterdamdagi g‘oliblik muhiti
Daniyaliklarga taktikaning o‘zigina muvaffaqiyat keltirdi deyish qiyin. Ular bu safargi Yevropa chempionatida birinchi marta Kopenhagendan tashqarida o‘ynashdi, ammo muxlislarning ko‘pchiligi ularni qo‘llab-quvvatlay olishdi. Bunga ikki omil bor. Birinchidan, britanlar mamlakatdagi kovidga qarshi choralar tufayli xorijga chiqishi qiyinroq, daniyaliklarga esa qo‘shni Niderlandiyaga o‘tish uchun viza ham kerak emas. Ikkinchidan, «Ayaks» va skandinavlar o‘rtasida qalin aloqalar o‘rnatilgan. Amsterdamliklar klubida Daniyadan o‘nlab futbolchilar o‘ynagan: Lerbyu, Yyensen, Arnesen, aka-uka Laudruplar, Rommedal, Kron-Deli, Gronkyayer, Shene, Kristian Poulsen... Albatta, Eriksen ham.

Yana biri — Dolberg. U «Ayaks» safida Niderlandiya chempionatining 2016/17 yilgi mavsumida 16 gol urib, Yevropaning istiqbolli forvardlaridan biri sifatida tilga tushgandi (hujumchi Niderlandiya chempionatidagi jami 38 golidan 23tasini aynan «Yohan Kroyf Arena»da nishonlagan) - u Eredviziyadagi ikkinchi mavsumidayoq eng yaxshi yosh futbolchi sifatida tan olinib, Yevropa Ligasi finalida o‘ynagandi, o‘shanda unga «MYu», «Milan», «Napoli», «Roma» va «Monako» kabi jamoalar qiziqish bildirgan, OAV u 50 million yevro evaziga shu jamoalardan biriga o‘tishini yozgandi. Ammo yakunda uni ancha kamtarroq bo‘lgan «Nitssa»ga 20 million yevrodan ortiqroq summaga sotishdi - bunga uning sog‘ligidagi muammolar sabab. 2017 yilda u ilk jarohatini oldi va uzoq vaqtni tiklanishga sarfladi. 2018 yilgi jahon chempionatiga borgan bo‘lsa-da, unga faqat 20 daqiqa berildi. Keyin yana jarohat...

Dolberg hozirda Daniya termasining zaxira futbolchisi bo‘lib qolgan. Uelsga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan joy olishi o‘yin arafasida Yussuf Poulsen jarohat olgani tufaylidir. Ammo «Yohan Kroyf Arena» devorlari Dolbergga yordam berdi — aynan uning goli birinchi bo‘limda kuchli o‘yin ko‘rsatgan Uelsning shashtini so‘ndirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa u hisobni ikkitaga oshirdi - uelsliklar himoyachisi Uilyamas to‘pni darvoza qarshisida turgan raqib hujumchisining oyoqlariga tashlab berdi.

Ikkinchi goldan keyin amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi, o‘yin yakunida Mehle va Breytueyt hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Tanaffusdan keyin Daniya britanlarni o‘ynashga qo‘ymadi, Beyl va jamoadoshlari deyarli xavfli vaziyatlar sodir eta olishmadi - Uels birinchi bo‘limda zarbalar berish borasida 7:5 ko‘rinishida ustunlikka ega edi, ikkinchi bo‘limdan keyingi ko‘rsatkich 4:11 bo‘ldi. Raqib ikki qavat bo‘lib himoyalanganda qarshi hujumlarga tayanadigan jamoa ilojsiz holatda qolishi tayin edi. Daniya birinchi bo‘lim o‘rtalaridan ixcham va aniq o‘ynay boshladi va chempionatning eng yaxshi 8 jamoasi safidan joyni kafolatladi. 

Daniya o‘zi haqida yaxshi taassurot qoldirishda davom etmoqda. Bu jamoaning yarimfinalga va finalga chiqish salohiyati ham bor. Daniyaliklarga finalgacha Belgiya, Portugaliya, Italiya yoki Fransiya raqib bo‘lmaydi. Jamoa keyingi bosqichda Niderlandiya — Chexiya juftligiga qarshi maydonga chiqadi. Daniya bu jamoalar bilan tengma-teng o‘ynay oladi.

Mavzuga oid