Jamiyat | 19:46 / 01.07.2021
7585
6 daqiqa o‘qiladi

Aliya Yunusova: “Bolalar oilalarga tegishli, mehribonlik uylariga emas”

O‘zbekiston internatlaridagi bolalarning shu yoshdagi aholiga nisbatan ulushi o‘rtacha global ko‘rsatkichdan 2 baravar yuqori. Mamlakatda yangi mehribonlik uylarini ochmaslik taklif etilmoqda.

O‘zbekistondagi internat muassasalarida yashovchi bolalarning ulushi shu yoshdagi aholining har 100 ming kishisiga 255 nafarni tashkil etadi, bu – dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 120 nafar bolani tashkil qiladi.

Bu haqda bugun, 29 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini ta'minlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ma'lum qilindi.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston noinstitutsionallashtirish siyosatini ishlab chiqqan va tegishli harakatlar rejasini qabul qilgan; biroq yirik internat muassasalari so‘nggi chora emas, balki muqobil parvarishning eng asosiy ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda. Institutsionlashtirish darajasi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovaning aytishicha, institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu salbiy ta'sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, institutlashtirishning yana bir salbiy tomoni – tajovuzlar xavfining yuqoriligi.

“Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko‘p tajovuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlikning yo‘qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko‘rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo‘lishadi.

Bolalar muassasalarida jamiyat ko‘zidan panada sodir bo‘layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi.

Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘li bilan hal etish mumkin.

Institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog‘atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. Mehribonlik uylari bitiruvchilarining to‘satdan katta hayotga o‘tishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib qolishi, uysiz va ishsiz bo‘lib qolishi, jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va ular hattoki, o‘z joniga qasd qilishgacha borishi mumkin.

Ko‘plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish hamda boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o‘zlari qiladilar va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladi, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo‘ladi. Mustaqil hayot ko‘nikmalari mavjud bo‘lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo‘lmagan holda chiqariladi.

Yana bir holat. Bolalar uylari davlat budjetiga juda qimmatga tushadi. Ish haqi jamg‘armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin ma'naviy zararni taqqoslash qiyin. Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz.

Agarda yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechilib, «ozod qilingan» insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo‘naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali budjetdan soliq to‘lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo‘lardi.

Bolalar uylarini yopish zarurligi haqida gap ketganida, birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o‘z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur.

Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo‘naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko‘proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o‘tkazish zarur. Eng asosiysi, yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg‘unlashgan) rivojlanishga ko‘maklashish zarur”, – dedi Aliya Yunusova.

Tadbirda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham so‘z oldi.

“O‘z oilalari va qarindoshlari bolalarga g‘amxo‘rlik qilganida ular gullab-yashnashi hamda institutsionallashtirish naqadar ziyonli ekani haqida YUNISEF ishonchli ma'lumotlarga ega. Bolalar hamjamiyatlarda ulg‘aysa, ularning barcha rivojlanish natijalari sezilarli darajada yaxshiroq bo‘lishini bilamiz.

Institutsional parvarishni qo‘llashni so‘nggi chora deb biladigan hamda eng muhtojlar, jumladan uch yoshdan kichik va nogironligi bo‘lgan farzandlarni o‘stirayotgan oilalarga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarning keng ko‘lamini yaratishni nazarda tutadigan bolalar parvarishining zamonaviy tizimini barpo etishda hukumatni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, – dedi YUNISEF rasmiy vakili.

Qayd etilishicha, xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar o‘rniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar ko‘rsatish sari o‘zgarmoqda.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda noinstitutsionllashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mavzuga oid