Jamiyat | 17:38 / 10.07.2021
30286
7 daqiqa o‘qiladi

Konchilar qo‘rg‘oni – Langarda bir kun

“Langar” qo‘rg‘oni Navoiy viloyati Xatirchi tumani markazidan 52 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qo‘rg‘oncha tog‘ shaharchasini eslatadi: havo salqin, qulochga sig‘maydigan tollari bor. Lekin shu chekka joyda ko‘pvaqatli uylar qurilgan, ular bir vaqtlar hududda ishlagan zavod va kon ishchilarining uylari bo‘lgan. Jarlik yonida toshdan qurilgan uylar qishloqqa ekzotik manzara bag‘ishlab turadi.

Hozir “Langar”da yashaydigan aholining asosiy daromadi chorvadan, lekin qurg‘oqchilik sabab aholi daromadi yaxshi emas.

Chekka hududda joylashgan mahalla ahlining aytishicha, mehnat yoshiga yetgan yigitlar, asosan, chetdan ish izlaydi. Lekin bir paytlar “Langar” juda gavjum, hamma ish bilan band bo‘lgan.

Qo‘rg‘onchaga kirib borishda shundoq yo‘l ustida bir guruh obodonlashtirish xodimlari bilan uchrashdik. Shu mahalla ayollari bo‘lgan ishchilar biz bilan suhbatda yashab turgan joylarining o‘zida ish topish qiyinligi, shuning uchun ko‘pchilik xorijdan ish izlashi haqida gapirib berishdi.

“Ko‘pchilik Toshkentga, Rossiyaga, Qozog‘istonga ish izlab ketgan. Mahallada, asosan, yoshi kattalar, ayollar va bolalar qolgan. Bolalar otalarini ko‘rmasdan katta bo‘lyapti”, – dedi biz bilan suhbatda Nasiba O‘rolova.

Keyingi manzilimizda esa bizni qiziq sarguzasht kutib turgan ekan. Mahalla binosi oldida bizni ko‘rgan mahalla raisi “Langar” MFY hududiga kirish uchun hokimiyatdan maxsus ruxsatnoma olishimiz kerakligini, xizmat guvohnomamiz hech qanday ahamiyatga ega emasligini aytib, hududdan chiqib ketishimizni talab qildi.

Biz esa mahalla alohida ruxsatnoma olib kiriladigan hudud emasligini, aholi yashash punktlarida kamerada tasvirga olish uchun ruxsat talab qilinmasligini tushuntirishga harakat qildik.

Tuman markazidan uzoqdagi mahallada raislik qilayotgan Murodulla G‘aniyevni OAV va jurnalistlar huquqlari haqida yetarlicha xabardor emasligini to‘g‘ri tushunish mumkin, lekin mahalla raisi qo‘ng‘iroq qilib bog‘langan Xatirchi tumanining turli tashkilotlari rahbarlarining “Reportajga ruxsat bermang” deb buyruq ohangida bergan topshiriqlarini tushunish qiyin.

Xullas, ma'lum tushuntirishlardan so‘ng, mahalla hududida reportaj qilishni boshladik.

Kon bilan boshlangan tarix

“Langar”ga mahalliy aholining ko‘chib kelishi XX asr o‘rtalarida geolog olim Habib Abdullayevning “Langar” volfram-molibden konini tadqiq qilishi bilan boshlangan.

Kon ishlay boshlagach, uning atrofiga mahalliy aholi ko‘chib kela boshlaydi va kichik ko‘rg‘oncha vujudga keladi.

Kon va zavodlar ishlagan yillarda “Langar” juda obod edi, deya eslashadi yoshi kattalar.

“Langarga 1957 yilda ko‘chib kelganmiz. Shundan beri mana shu yerda yashayman, hech qayerga ketganim yo‘q. Mexanik sexda, fabrikada, rudalar tizimida, do‘konda ham ishladim. Oldin “Langar” kabi joy O‘zbekistonda yo‘q edi. Har xil millat: koreys, nemis, rus, kavkaz, krim-tatar, o‘zbeklar birga yashardik”, – deydi asli Toshkent viloyatida tug‘ilgan, lekin 60 yildan oshiq shu yerda yashagan Olimjon Garifullin.

80 yoshli Orzigul momo esa qo‘rg‘onchaga shu yaqin atrofdan ko‘chib kelganini xotirlaydi.

Haqiqatan, kichkina shaharcha bo‘lgan bu hududda odamlar madaniy hayotni yaxshi ko‘radi. Olimjon amaki keksalar gurunglashadigan biror choyxona yo‘qligini tanqid qildi.

Ishlab chiqarishni tiklash imkonsizmi?

Ko‘p qavatli uylar qad rostlagan uylarning tomi bir xil qizil rangda. Hudud 2019 yil “Obod mahalla” dasturi asosida ta'mirdan chiqqan. 3 mingga yaqin aholi yashaydigan mahallada maktab, 2ta bog‘cha, shifoxona va 1ta tikuv sexi bor.

Tikuv sexi bo‘lgani bilan bu yerlik aholining aksari ishsiz, ularning eng katta muammosi ham ishsizlik. Asosan chorva bilan shug‘ullanadigan odamlarning chorvasiga qurg‘oqchilik ta'sir qilgan.

Bir paytlar Langardagi zavod va konlarda ishlagan yoshi kattalar ularni qayta ishlatib aholini ish bilan ta'minlash mumkin deb ishonadi.

“Langarda qancha-qancha tosh bor: qizil granit, oq granit. Hali 100 yilga yetadi. Bu yerda kichik fabrika qurishsa, “Langar”dan shpat, ruda qazib olish mumkin-ku. Axir bu foydali qazilmalar hammasi kerakli. Kimdir jon kuydirsa, mana shu ishlarni qilish mumkin”, – deydi uzoq yillar Langarda ishlagan Olimjon Garifullin.

Tasvirga olish davomida odamlar navbatma-navbat kelib turli muammolarini aytishdi. Ular o‘zlari yashayotgan ko‘p qavatli uylar ta'mirtalabligidan, suvni tashib keltirishlaridan, shu yerning o‘zida ish topa olishmayotganlaridan shikoyat qilishdi.

Jarlik yonidagi tarixiy uylar

Langardagi muammolar respublikaning boshqa hududlarida ham istalgancha topilishi mumkin, lekin bu yerdagi turmush tarzi va muhit o‘ziga xos.

Ko‘p qavatli uylarning tandiri bitta, ayollar har kuni navbat bilan non yopadi. Qo‘rg‘onliklarning molxonalari ham bir yerda joylashgan.

Ba'zi ko‘p qavatli uylar shundoq jarlikning labida qurilgan. Ularning atrofida yosh bolalar o‘ynab yuribdi, lekin kattalar bolalarning pastga tushib ketishidan xavotir olmaydi.

Markazdan uzoq mahallada internet ishlatish tugul, hatto telefon qilish imkonsiz. Faqat Ucell aloqa operatori ishlaydi.

Shuning uchun odamlarga biz ular haqida tayyorlaydigan videoni qayerda ko‘rishlari mumkinligi haqidagi savolga tuzuk javob ham bera olmadik.

Lekin langarliklar bu yerda ham internet ishlashini, dunyodan xabardor bo‘lib turishni xohlaydi.

Odatiy mahallalarga o‘xshamaydigan Langarda, ehtimol, yana zavodlar faoliyatini tiklash, turistik manzil tashkil qilish imkoniyatlari mavjuddir. Bularni mutaxassislarga qoldiramiz.

Sizga esa, agar sayohatga qiziqsangiz, albatta Langarni bir ko‘rishni tavsiya qilardik.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov

Kun.uz'ning “Qishloqda bir kun” ruknidagi boshqa materialari bilan ushbu havolada tanishing.

Mavzuga oid