O‘zbekiston | 21:49 / 16.07.2021
9132
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni poytaxtimizda o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari va xalqaro siyosat masalalari ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur'at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Elizabet Shervud-Rendall O‘zbekiston prezidentiga AQSh prezidenti Jozef Baydenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSh ma'muriyati tomonidan yuksak baholanayotgani ta'kidlandi.

Bundan tashqari, mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlar qat'iy qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish masalalari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari, shu jumladan pandemiyaga qarshi kurashish va aholini emlash, AQShning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish muhokama qilindi.

Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafoyev bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an'anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shahin Mustafoyev davlatimiz rahbariga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika loyihalarini ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish, birinchi Hududlararo forumni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid