O‘zbekiston | 19:24 / 17.07.2021
24620
10 daqiqa o‘qiladi

Toshkent konferensiyasi – O‘zbekistonning ikki mintaqaga chaqirig‘i

Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining yuqori martabali mulozimlari hamda xalqaro siyosatdagi boshqa ko‘plab doiralar rasmiylari 16 iyul kuni Toshkent konferensiyasiga yig‘ildi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ikki qo‘shni mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 10dan ortiq takliflarni ilgari surdi va shu kunning o‘zida 14ta delegatsiya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Konferensiyada Markaziy, Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari, arab davlatlari, Turkiya, AQSh, Rossiya va Yevroittifoq rasmiylari hamda qator xalqaro tuzilmalar mulozimlari ishtirok etdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston bosh vaziri Imron Xon va Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel shular jumlasidan.

Tashrif buyurganlar nafaqat mezbon mamlakat rasmiylari bilan, balki o‘zaro ikki tomonlama uchrashuvlarni ham o‘tkazishdi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekiston konferensiya davomidagi barcha nutqlar va mavzulashgan sessiyalarda mintaqaviy hamkorlariga o‘z chaqirig‘ini ochiq bildirdi: Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘zaro hamkorlikni jadal rivojlantirishi lozim, hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishdan barcha manfaatdor.

Tarixan ikki mintaqani bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarib kelgan, biroq oxirgi o‘n yillarda ular o‘rtasida to‘siq-devorga aylanib qolgan Afg‘oniston muammosi – konferensiyaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

AQSh harbiylarining Afg‘onistonni tark etishi ortidan “Tolibon” harakatining faollashganiga qaramay, rasmiy Toshkent savdo-iqtisodiy loyihalarni afg‘on diyoridagi tinchlik jarayonlari bilan parallel ravishda davom ettirish zarur, deb hisoblamoqda.

O‘zbekiston pozitsiyasiga ko‘ra, Afg‘onistonda tinchlikka erishish faqat muzokaralar yo‘li bilan bo‘ladi, bunda afg‘on jamiyatidagi bo‘g‘inlar o‘zaro konsensusga kela olishi lozim.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekiston yetakchisi eng avvalo Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi samarali va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasiga ehtiyoj kattaligini aytdi.

“Bunda “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l tarmog‘i mintaqalarimiz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi kerak”,dedi Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, mazkur temir yo‘lni qurish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shu yil fevralda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tomonidan tasdiqlangan edi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Prezident, shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini ilgari surdi:

  • Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo, tranzit va chegaralardan o‘tish jarayonlarini raqamlashtirish;
  • ikki mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha dastur qabul qilish;
  • ikki mintaqaning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish;
  • “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirish;
  • xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish.

Shavkat Mirziyoyev ikki qo‘shni mintaqa o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish va har yili mintaqalararo forum o‘tkazib borishni ham taklif etdi.

Bundan tashqari, ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish zarurligi ham ta’kidlandi.

Qanday bayonotlar yangradi?

Anjuman davomida O‘zbekiston prezidentidan tashqari, Afg‘oniston va Pokiston yetakchilarining bayonotlari ham ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, Pokiston bosh vaziri Imron Xon toliblarni muzokaralar stoliga jalb qilishda hech kim Pokiston kabi katta rol o‘ynamaganini aytdi.

“Pokiston toliblarni muzokaralarni boshlash va afg‘on muammosiga tinch yechim topishga ko‘ndirish uchun barcha vositalarni ishga soldi. Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealarda Pokistonni ayblash juda ham adolatsizlik bo‘ladi”,dedi u.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Imron Xon Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Pokistonning muammodagi salbiy rolini eslatganiga munosabat bildirdi.

“[Undan ko‘ra], prezident G‘ani Afg‘onistondagi mojarodan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat – Pokiston haqida gapirsin. So‘nggi 15 yilda Pokistonda 70 ming kishi halok bo‘ldi. Pokiston yangi-yangi mojarolarni xohlamaydi. Iqtisodiyotimiz endi og‘ir davrdan chiqib kelmoqda. Men uchun Afg‘onistondagi voqealarda Pokiston ayblanishini eshitish juda og‘ir”, dedi Pokiston bosh vaziri.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Ashraf G‘ani ham “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini bildirdi.

“Biz bahsli masalalarni tegishli tarzda hal qilish va urush tahdidini olib tashlash uchun “Tolibon”ni Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz”, – dedi u.

Biroq, Afg‘oniston prezidentining aytishicha, “Tolibon” taklif qilgan yagona variant – yo ular tomonga o‘tish, yoki taslim bo‘lish.

Ashraf G‘aniga ko‘ra, aholi rasmiy hukumatning qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlamoqda va armiya saflariga ko‘ngillilarni yollash o‘sib bormoqda; biroq qiyinchiliklar ham yo‘q emas, birinchi katta qiyinchilik – koronavirusning uchinchi to‘lqini.

Foto: Anvar Ilyosov / "Dunyo" AA

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li G‘arb koalitsiyasi kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketgach ham turk harbiylari Kobulda qolishini ma’lum qildi.

“Rasmiy Anqara birodar afg‘on xalqi manfaatlari uchun Kobuldagi xalqaro aeroportning xavfsizligini ta’minlash va boshqarish tayyor», – dedi Chovusho‘g‘li.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Afg‘onistondagi vaziyat qo‘shni davlatlarga real xavf tug‘dirayotganiga urg‘u berdi.

“Vaziyat terroristik xavf hamda katta miqdordagi narkotik moddalar savdosiga zamin yaratyapti. Bu davlatdagi notinchlik qo‘shni davlatlarga tarqalishi xavfi bor.

[...] Rossiya Afg‘onistonda yovlashayotgan tomonlarning sulhga erishishi tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlayman. Faqat xalqaro hamkorlar ko‘magidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralargina masalaning yechimi bo‘la oladi”, – dedi Lavrov.

Foto: Kun.uz

AQShning Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod AQSh Afg‘onistondagi harbiy harakatlar uchun 1 trln dollardan ortiq xarajat qilgani, katta qurbonlar berilgani, biroq bugungi kunda Afg‘onistonning katta qismi “Tolibon” nazoratiga o‘tgani Amerikaning barcha sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarib qo‘yayotgani haqidagi savolga javob berdi.

“20 yil oldingi Afg‘oniston va bugungi Afg‘oniston farq qiladi. Har safar Kobulga borganimda buni his qilaman. O‘tgan davr davomida Afg‘onistonda davlat boshqaruvi shakllandi, demokratik institutlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Al-Qoida” tashkiloti yo‘q qilindi.

Toliblar bilan muzokaralar davomida ular qo‘shni davlatlarga hujum qilmaslik, Afg‘oniston hududini AQSh va uning ittifoqdoshlariga qarshi kurashuvchi maydonga aylantirmaslikka so‘z berdilar”, – dedi amerikalik diplomat.

Markaziy Osiyo liderlari yana yig‘ilishi ham aniq bo‘ldi

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev o‘ndan ortiq delegatlar, xususan, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Uchrashuv haqidagi rasmiy xabardan ma’lum bo‘lishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi 6 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tkaziladi.

Anjumanning bir qismi sifatida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tantanali ravishda ochilganini qayd etish o‘rinli. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari – tashqi ishlar vazirligining qo‘shma bayonoti ham qabul qilindi.

Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilish lozim, konferensiya doirasida O‘zbekiston, AQSh, Afg‘oniston va Pokiston Afg‘oniston muammosi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvlar uchun yangi diplomatik platforma tuzishga kelishib oldi.

“Samarali xalqaro savdo yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish uchun tarixiy imkoniyatni anglagan holda tomonlar savdoni kengaytirish, tranzit yo‘llarni yaratish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun hamkorlik qilishga umid qilmoqda”, – deyiladi tegishli rasmiy relizda.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, ikki mintaqani qayta bog‘lash bo‘yicha Toshkent konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro siyosiy mavqeyiga ijobiy ta’sir qilishi shubhasiz. Shu bilan birga, bu siyosiy anjuman Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri kelgani uning natijalari haqida gapirishda ehtiyotkor bo‘lishga undaydi.

Komron Chegaboyev

Mavzuga oid