O‘zbekiston | 07:48 / 30.07.2021
13016
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga AQShdan 3 mln doza Moderna vaksinasi keltirildi

Vaksinalar AQSh tomonidan O‘zbekistonga beg‘araz ko‘mak tariqasida yuborilgan. «Moderna» vaksinasining koronavirusga qarshi samaradorligi 94 foiz degan xulosaga kelingan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vaksina AQSh tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi doirasida ajratilgan bo‘lib, ayni shu soniyalarda maxsus havo qatnovi vositasida AQShning Alabama shtatidan respublikaga yetkazib berildi.

«Moderna» kompaniyasining koronavirusga qarshi qo‘llaniladigan 3 million 60 doza vaksinasini O‘zbekiston uchun AQSh beg‘araz ko‘mak tariqasida ajratdi. Moderna Qo‘shma Shtatlarda qo‘llanilayotgan 3 ta vaksinadan bittasi hisoblanadi. Shuningdek, AQSh Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish bo‘yicha markazi (CDC) ma'lumotiga ko‘ra, «Moderna» kompaniyasining vaksinasi 94 foizdan ziyod samaradorlikka ega bo‘lgani holda COVID-19 virusi yuqishini bartaraf etadi. 

Amerikaning «Moderna» vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan («Pfizer», «Johnson & Johnson» kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, «AstraZeneca» kompaniyasining ikki turdagi preparatidan so‘ng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini ta'kidlab, uni 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.

JSST ma'lumotiga ko‘ra, vaksina ko‘p dozali flakonda –25 darajadan –15 darajagacha bo‘lgan muzlatilgan suspenziya sifatida yetkazilsa-da, flakonlarni birinchi dozani olishdan oldin 30 kungacha 2–8 daraja haroratda sovitgichda saqlash mumkin. Bu degani preparatni joylarga yetkazish uchun sovuqlik zanjirini ta'minlovchi uskunalar bo‘lishi har doim ham shart emas. Uni oddiy sovitkichda ham saqlasa bo‘ladi. Mazkur vaksina teri ostiga yuboriladi, emlash 28 kunlik interval bilan ikki dozadan iborat.

Joriy yilning mart oyida COVAX dasturiga asosan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgan edi.  Shunday qilib, jami vaksina zaxirasi 12 million 580 ming 60 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan: 

  • 370 ming dozasi "Sputnik V", 
  • 710 ming dozasi AstraZeneca, 
  • 8,5 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
  • 3 million 60 dozasi Moderna vaksinasi.

Hozirda respublikada (28 iyul holatiga ko‘ra) koronavirus infeksiyasiga qarshi jami 6 982 431 doza vaksinadan foydalanildi, 1 149 687 nafar fuqaro to‘liq emlandi.

Mavzuga oid