O‘zbekiston | 19:01 / 04.08.2021
13704
4 daqiqa o‘qiladi

Xatirchida fermerlar suvga zor: ayrim dalalarda g‘o‘za nobud bo‘lmoqda

Navoiy viloyati Xatirchi tumanining Oq oltin mahallasi hududida joylashgan ayrim fermerlar ekin dalalariga o‘z vaqtida suv berilmayotganligidan norozi. Ba'zi dalalarda g‘o‘za suvsizlikdan nobud bo‘lish arafasida.

Xatirchi Navoiy viloyatining qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan, eng ko‘p paxta yetishtiradigan tumani hisoblanadi. Joriy yilda hududda 285 ta fermer xo‘jaligining 10 685 ga ekin maydonida g‘o‘za parvarish qilinmoqda. Ammo suv muammosi tufayli ayrim fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za nihollari rivojlanishdan ortda qolyapti.

Xususan, tumanning Oq oltin mahallasi hududida joylashgan «Hasan Husan botirlar», «Toshtemir Shuhrat», «Shoxsuvor», «Mirabbos Mirjalol», «Shaxriyor lochin» fermer xo‘jaliklariga tegishli qariyb 100 ga ekin maydonidagi g‘o‘za o‘z vaqtida sug‘orilmaganligi sababli nobud bo‘lish arafasida.

«Toshtemir Shuhrat» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Ziyodulla Umarovning ma'lum qilishicha, hududdagi fermerlarning dalasiga Tos kanalidan nasos orqali suv keladi. O‘z vaqtida suv berilmaganligi g‘o‘za parvarishini 10–15 kun ortga surmoqda.

«Gektariga 40 sentner reja qo‘yilgan. G‘alla yaxshi bo‘lmagandi. Agar ahvol shu bo‘lsa, paxta rejasini ham bajara olmaymiz. Fermerlarimiz qarzdor bo‘lib qolaveradi keyin. 85–90 gektardagi paxta shu ahvolda. Suv masalasi qiyin bo‘lyapti. O‘zi asad oyidan 20 kun vaqt qolyapti. Shu muddatda holatni o‘nglab olsak oldik, yo‘qsa 20 kundan so‘ng sunbula kiradi. Sunbulaning ko‘ragidan paxta chiqmaydi, ochilmaydi. Hozir bizning paxtamiz suvga navbat tufayli 10–15 kun orqaga ketdi. Agar bir hafta oldin sug‘organimizda, g‘o‘zalar bu ahvolga tushmasdi», — deydi Ziyodulla Umarov.

Hududdagi asosiy suv manbai Tos kanali hisoblanadi. Ushbu kanaldan fermerlar ham, aholi ham suv oladi. Hudud mirobi Shoakbar Muxtorovning ta'kidlashicha, atrofdagi fermerlarning dalasiga suv 100 foiz nasos orqali chiqariladi.

«Haqiqatan yilimiz og‘ir keldi, qurg‘oqchilik bo‘ldi. 22 iyuldan shu kungacha bo‘lgan garmsel ham g‘o‘zamizni ancha charchatib qo‘ydi. Hozirgi kecha-kunduzda 4 ta nasos orqali suv berilyapti. Oq oltin mahallasi hududida 11 ta fermer xo‘jaligi bor. Suv kam bo‘lgani uchun 2 kundan navbat bilan suv berilyapti.  Navbat tufayli har bir fermerdan 5-6 gektardan g‘o‘za rivojlanishda orqada qoldi.

To‘g‘ri, suv kam bo‘lgani uchun fermerlarimiz norozi bo‘lmoqda. Qolaversa, shu yil issiq 60 darajagacha chiqib ketdi. Ammo ishining ko‘zini bilgan fermerlar shu holatda ham aql bilan harakat qilyapti. To‘g‘risini aytish kerak, ayb o‘zimizda ham bor. Faqat suv demasdan, zarur agrotexnik ishlarni-da vaqtida amalga oshirishimiz kerak», — deya holatga izoh berdi Shoakbar Muxtorov.

Bir so‘z bilan aytganda, Oq oltin mahallasining dasht hududida joylashgan fermerlarning e'tirozida jon bor. Ekin dalalaridagi g‘o‘za suvsizlikdan achinarli holatga kelib qolgan. Viloyat va tuman mutasaddilari vaziyatni o‘rganib, masalaga jiddiy e'tibor qaratmas ekan, bu muammo g‘alvirni suvdan ko‘tarish pallasida o‘z so‘zini aytishi aniq.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi Jahongir Aliboyev. 

Mavzuga oid