O‘zbekiston | 13:34 / 09.08.2021
4670
2 daqiqa o‘qiladi

“Hyundai” zavodi qurilmasligi mumkin. Koreya tarafi bu bo‘yicha fikrini o‘zgartirgan

Namangan viloyatida qurilishi rejalashtirilgan “Hyundai” avtomobil zavodi loyihasi amalga oshmasligi mumkin. Bu haqda Namangan investitsiya boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Abdullayev OAV vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

“Hyundai” zavodi qurilishi bo‘yicha ilk marta Prezidentning 2018 yil may oyida Namangan viloyatiga tashrifida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda topshiriq berilgan edi. 
Shundan so‘ng 2018 yil noyabr oyida zavod qurilishi uchun tamal toshi qo‘yiladi. Ajablanarlisi, oradan ma'lum vaqt o‘tib, 2019 yil aprel oyiga kelib yana bir bor tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkaziladi. Lekin shunga qaramay zavod qurilishi boshlanmaydi.  

2018 yilgi tamal toshi qo‘yilishi
2019 yilgi tamal toshi qo‘yilishi

2020 yil yakuni bo‘yicha OAV vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ushbu holatga munosabat bildirgan edi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni barcha qo‘yilgan shartlarni bajargan. Zavod ta'sischilarida o‘zgarish bo‘lgani sabab qurilish ortga surilgan. Hozirda yangi ta'sischilar tomonidan shartnomalar qaytadan imzolanishi kutilmoqda, deyilgan edi. 
Namangan investitsiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan bugungi matbuot anjumanida esa ushbu loyiha amalga oshmasligi ehtimoli yuqori ekani ta'kidlandi. Zavod qurilishiga Koreya tarafidan mas'ul bo‘lgan ta'sischilar ushbu loyihani istiqbolli emas deya baholagan. Bunga sabab sifatida Respublikaning bojxona hamda soliq qonunchilik amaliyoti ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, QK «Hyundai Motor UZ Namangan» MChJ ta'sischilari tarkibi «Hyundai Motor Company», «Evergreen Motors Co» Ltd  va «Youngsan Glonet» O‘zbekiston tomonidan Namangan viloyati hokimligi hisoblanadi.

Mavzuga oid