O‘zbekiston | 07:29 / 09.08.2021
15021
4 daqiqa o‘qiladi

“Uzumning yangi navini yaratmoqchiman” – 30 yoshli bog‘bon

Qiziltepa tumanidagi Gulbog‘ mahallasi Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi bozorlarga meva yetkazib beruvchi asosiy qishloqlardan biri hisoblanadi. Hududda yuzlab gektar bog‘lar, tokzorlar bor. Ota kasbini davom ettirayotgan yosh bog‘bon Abdujabbor Avezov uzumning eksportbop yangi navini yaratish niyatida.

Gulbog‘ mahallasida o‘z nomi bilan serhosil bog‘lar bisyor. Hududda yashovchi aholining asosiy daromadi bog‘dorchilikdan. Shu bois qishloqning qay tomoniga qaramang, mevali daraxtga, tokzorlarga ko‘zingiz tushadi.

Yosh bog‘bon Abdujabbor Avezov ham 1 gektar maydonda tokzor tashkil etib, uzumchilikning ketidan ro‘zg‘or tebratmoqda. U ushbu sohada tajriba to‘plab, yangi nav yaratishni maqsad qilgan.

“Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan ustoz topib, ulardan uzumning eksportbop navlarini keltirib o‘tqazganman bog‘imga. Shuningdek, Samarqanddan “So‘g‘diyona” navini keltirganman. Ushbu navning mayizi juda xaridorgir bo‘ladi, kilogrammini 300 ming so‘mgacha sotish mumkin. Uzumchilikka shunchalik qiziqamanki, hatto toklar bilan “gaplashadigan” bo‘ldim. Har yili 6-7 tonna mayiz qilamiz. Rizamat ota Musamuhamedov “Rizamat” navini meros qilib qoldirgani kabi men ham uzumning eksportbop navini yaratishni maqsad qilganman”, — deydi yosh bog‘bon.

Abdujabbor 2019 yili Navoiyda o‘tkazilgan uzum sayilida o‘zi yetishtirgan mahsulotlar bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. U bog‘idan o‘tgan yili 200 mln so‘m daromad qilgan. Joriy yilda esa yanada ko‘proq daromad qilishni ko‘zlab turibdi. Chunki u viloyatda birinchilardan bo‘lib Samarqanddan uzumning “So‘g‘diyona” navini keltirib, xo‘raki bo‘lmagan toklarga payvand qilgan. Ta'kidlashicha, hozirda bitta tok 10 kilogrammgacha hosil bermoqda.   

Hududdagi ustoz bog‘bonlardan biri Lutfullo Rahimov hisoblanadi. U bugungi kunda “Abdukarim Chinnigul” fermer xo‘jaligini tashkil etib, 20 gektarga yaqin bog‘da meva yetishtirib kelmoqda. Shundan 4 gektari olmazor. Har mavsumda ichki bozorga 60-70 tonna, eksportga 30-40 tonna uzum yetkazib bermoqda. Bog‘bonning aytishicha, bahorda kuzatilgan sovuq ob-havo bog‘dorchilikka ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan.

“Har yili gektaridan 20-25 tonna hosil oladigan bo‘lsak, bahordagi sovuq tufayli joriy yilgi hosildorlik 10 tonnaga tushib qoldi. Chunki biz 21 mart kuniga qadar toklarni ochib, bog‘lab bo‘lgandik. Shuning hisobiga sovuq ta'sir qildi. Albatta, tabiatga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi. Ammo mehnat qilgan odam baribir mehnatining samarasini ko‘radi. Qolaversa, hosildan ushur berish kerak. Shu ushurni imkoniyatga yarasha beramiz. Bermasangiz hosil bo‘lmaydi, yashash bo‘lmaydi, sog‘lik bo‘lmaydi. Bu ham kerak. Chunki xalqqa qilganing o‘zingga qilganing — vatanga qilganing. Bu oliyjanob ish aslida”, — deydi Lutfullo Rahimov.

Tuman hokimligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hududda uzumchilik klasterlari tomonidan 2021 yilda 1 100 gektar, 2022 yilda 2 400 gektar tokzorlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tokzorlarning 1 221 gektari yangi o‘zlashtiriladigan maydonlarda, 2 279 gektari esa yaroqsiz bog‘lar o‘rnida tashkil etiladi. Ayni paytda tumanda jami tokzorlar 709 gektarni tashkil etadi. 2020 yilda 8 963 tonna hosil olinib, shuning 180 tonnasi Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, inson qayerda yashamasin, mehnatiga yarasha rizq-nasiba beriladi. Gulbog‘liklar halol mehnati bilan nafaqat aholi dasturxonini shirin mevalar bilan ta'minlayapti, balki o‘z rizq-nasibalarini ham butun qilishmoqda.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi — Jahongir Aliboyev. 

Mavzuga oid